47 mamlakatdan 350 sportchi. Toshkentda dzyudo bo‘yicha Gran-pri musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda
47 mamlakatdan 350 sportchi. Toshkentda dzyudo bo‘yicha Gran-pri musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda
Ayni kunlarda Toshkentdagi «O‘zbekiston» sport majmuasida dzyudo bo‘yicha Gran-pri musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda. Kecha, 9 noyabrda boshlangan turnir yakshanba kuni yakuniga yetadi.
Musobaqa Olimpiya o‘yinlari litsenziyasi uchun muhim reyting ochkolarini taqdim etishi bilan ahamiyatli. Unda 47 mamlakatdan 350 nafarga yaqin sportchi ishtirok etmoqda.
Toshkent Gran-prisida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilar reyting ochkolarini ishlab olish bilan birgalikda 3000 dollar mukofot puliga ham ega bo‘ladi. Bunda dzyudochining o‘ziga 2400 dollar, uning murabbiyiga 600 dollar taqdim etiladi. Kumush va bronza medaliga sazovor bo‘lgan sportchi va murabbiylar mos ravishda 2000 (1600+400) va 1000 (800+200) dollar bilan mukofotlanadi.
Birinchi kungi musobaqalarda erkaklar o‘rtasida -60 va -66 kg, ayollar o‘rtasida esa -48 kg, -52 kg, -57 kg vazn toifalarida bahslar bo‘lib o‘tdi. Ularda uch nafar o‘zbekistonlik dzyudochi shohsupaga ko‘tarildi.
-60 kg vazn toifasida gilamga chiqqan Diyorbek O‘rozboyev kun davomida Eron, Germaniya va Mo‘g‘uliston vakillarini mag‘lubiyatga uchratib, finalga yo‘l oldi. Hal qiluvchi jangda u boshqa bir mo‘g‘ulistonlik sportchi Boldbaatar Ganbatga qarshi bahs olib bordi va imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Natijada u kumush medalni Xalqaro havaskor boks assotsiatsiyasining (AIBA) ayni paytda Toshkentda bo‘lib turgan prezidenti G‘ofur Rahimov qo‘lidan qabul qilib oldi.
Shuningdek, -66 kg vazn toifasida bahslarda qatnashgan Sardor Nurillayev finalga qadar Qirg‘iziston, Rossiya, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon vakillaridan ustun keldi va oltin medal uchun bahsda sloveniyalik Adrian Kombokkadan yengildi. Natijada 9 noyabr kungi erkaklar o‘rtasidagi har ikki vazn toifasida ham finalga chiqqan O‘zbekiston vakili kumush medal bilan kifoyalandi.
-66 kg vaznda janglarda ishtirok etgan boshqa bir mezbon sportchi Shahram Ahadov Isroil va Serbiyadan tashrif buyurgan atletlarni mag‘lubiyatga uchratdi. Ammo chorak finalda ozarbayjonlik raqibga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bronza medali uchun kurashda u Mo‘g‘uliston va Rossiya terma jamoasi a'zolaridan ustun kelib, Toshkent Gran-prisi sovrindoriga aylandi.
Shu tariqa, o‘zbekistonlik dzyudochilar musobaqaning birinchi kunida 2 ta kumush va 1 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.
Bugun, 10 noyabr kuni musobaqaning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xalqaro dzyudo federatsiyasi sport direktori Vladimir Barta, Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov va Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev so‘zga chiqdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi va turnir rasman ochiq deb e'lon qilindi.
Mavzuga oid
13:43 / 19.10.2024
Toshkentda harbiylar o‘rtasida dzyudo bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazildi
17:16 / 03.08.2024
Parij-2024, dzyudo. O‘zbekiston aralash jamoaviy dasturni medalsiz yakunladi
20:52 / 02.08.2024
Alisher Yusupov – bronza medali sohibi
15:40 / 01.08.2024