Jahon | 20:15 / 10.11.2018
44764
5 daqiqa o‘qiladi

Arabistonda yong‘oq kattaligida do‘l yog‘di. Keyingi 20 yildagi eng shiddatli yog‘ingarchilik tafsilotlari

Ikki-uch haftadan buyon Arabiston yarimorolida noqulay ob-havo sharoiti hukmron bo‘lib turibdi. Kuchli yomg‘irlar mintaqaning qator davlatlarida ko‘plab talofatlarga sabab bo‘lmoqda. Saudiya Arabistoni sharqida tabiiy iqlim ofatidan himoyalanishning «qizil» rejimiga o‘tildi, Iordaniyada esa suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 12 nafarga yetdi.

Saudiyadagi yomg‘ir ayniqsa payshanba va juma kunlari kuchaydi: sharros jala quyishi barobarida momaqaldiroq va chaqmoq chaqishi ham kuzatildi. Dengiz sathidan nisbatan baland provinsiyalarda yong‘oq kattaligida do‘l yog‘di, ayrim hududlarda shamol tezligi sharqdan sekundiga 40 metr tezlikkacha yetdi. Natijada qum bo‘ronlari ko‘tarildi, bu transport harakati uchun ko‘rish imkoniyatini cheklab qo‘ydi. 8 noyabrdan 9 noyabrga o‘tar kechasi tun davomida qirollikning aksariyat hududi tuman ostida qoldi.

Foto: Okaz

Umuman, Saudiya Arabistonining aksariyat yirik shaharlari – Jidda, Makka, Madina, Ar-Riyodda 28 oktabrdan buyon yomg‘ir tinmayapti. Saudi Gazette`ning yozishicha, birgina Jidda shahrida ofat oqibatlari bilan kurashish, asosiy yo‘llardagi suvni nasoslar yordamida bartaraf etish uchun 1700 xodim va 837 ta texnik vosita jalb etilgan.

Jidda
Foto: Okaz
Foto: Okaz

Shuningdek, kecha Ar-Riyodda esa kuchli jala oqibatida qirol Xolid nomidagi xalqaro aeroport tomi o‘pirilib tushdi, buning natijasida bino suvga to‘ldi.

Bu Saudiyada so‘nggi 20 yil davomida kuzatilgan eng shiddatli yog‘ingarchilik sifatida baholanmoqda. Qurbonlar haqida rasmiy ma'lumotlar yo‘q, ammo OAV so‘nggi marta 4 kun oldin kamida 5 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi. Vafot etganlar qaysi hududlardan bo‘lganiga hamon aniqlik kiritilgani yo‘q.

Iordaniyada ham davom etayotgan tinimsiz yomg‘ir eng yirik sayyohlik markazlaridan biri Petra shahrida toshqinlarni keltirib chiqardi. CNN ma'lumotiga ko‘ra, shahardan 3500 nafardan ziyod turist evakuatsiya qilingan. Bir nechta shahardagi qurbonlar soni 12 nafarga yetdi, ular orasida ayollar va bir nafar qiz bola ham bor. Qutqaruv xizmatlari hozirga qadar 60 dan ziyod insonning hayotini saqlab qoldi, ulardan 9 nafari shifoxonaga yotqizildi.

Foto: Petra News Agency / EPA

Al Jazeera xabariga ko‘ra, poytaxt Ammanni janub bilan bog‘lovchi tranzit yo‘l yopib qo‘yilgan. Toshqindan talofat ko‘rgan hududlardan qutqarib kelingan odamlar masjidlarda yashab turishibdi.

Qayd etish joiz, Iordaniyada bundan ikki hafta oldin ham suv toshqinlari ro‘y bergan, ofat 21 kishini hayotdan olib ketgan edi. Ularning ko‘pchiligi maktab o‘quvchilari bo‘lgan. O‘sha voqeadan so‘ng mamlakat turizm va ta'lim vazirlari ishdan olingan.

Kuvaytda ham anomal ob-havo sharoiti mamlakat Jamoat ishlari vaziri iste'fosiga sabab bo‘ldi. Kuwait Times`ning xabar berishicha, Husam Ar-Rumi «favqulodda kuchli yomg‘irlar sabab Kuvayt va uning fuqarolariga yetkazilgan moddiy zarar uchun to‘la mas'uliyatni o‘z zimmasiga olgan holda» ishdan bo‘shashini aytgan. Undan tashqari, jamoat yo‘llari sohasidagi bir qancha yuqori lavozimdagi amaldorlar lavozimidan ketgan.

Ma'lumotlarga qaraganda, Kuvaytda oxirgi 2 hafta ichida yillik yog‘ingarchilik miqdorining uchdan bir qismi miqdorida yomg‘ir yog‘gan. Mamlakat bo‘ylab aholi yashash punktlari suv ostida qolgan, maktablar yopilgan, ba'zi davlat tashkilotlari va Kuvayt fond birjasi ham o‘z ishini to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Kuvayt milliy gvardiyasi, shuningdek, qo‘shni Saudiya Arabistoni favqulodda xizmati xodimlari ham yordamga jo‘natilgan. Hozircha qurbonlar yoki jabrlanganlar haqida ma'lumot berilmadi.

Arab News`ning ma'lum qilishicha, bugundan mintaqada yog‘ingarchilik darajasi ancha pasayishi kutilmoqda. Shanba kuni yarimorolning ko‘plab hududlarida ochiq quyoshli havo kuzatildi, faqat ba'zi joylarda kam miqdorda yomg‘ir yog‘di. Shunga qaramay, Saudiya Arabistoni Meteorologiya va atrof-muhitni himoya qilish bosh boshqarmasi mamlakat g‘arbida, xususan Makka va Madina shaharlarida kuchli shamol va qum bo‘ronlari saqlanib qolishini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid