Sport | 22:02 / 10.11.2018
14063
4 daqiqa o‘qiladi

«Kashima Antlers» Osiyo Chempionlar Ligasi g‘olibi bo‘ldi

Foto: The AFC

Osiyo Chempionlar Ligasida finalning javob o‘yini o‘tkazildi.

Yaponiyaning «Kashima Antlers» klubi safarda Eronning «Persepolis» klubi bilan bellashdi. «Ozodiy» stadionida kechgan o‘yinda hisob ochilmadi. Dastlabki bahsda yaponiyaliklar 2:0 hisobidagi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritishgandi. Ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra ustun kelgan «Kashima Antlers»ga Osiyo futbolining eng nufuzli sovrini topshirildi.

Foto: The AFC

Endi «Kashima Antlers» 12-22 dekabr kunlari o‘tkaziladigan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida Osiyo sharafini himoya qiladi.

OChL
Final, javob bahsi 
10 noyabr

Persepolis (Eron) - Kashima Antlers (Yaponiya) 0:0
Dastlabki o‘yin: 
0:2

Foto: The AFC

1967-1971 yillarda Osiyo klublarining asosiy xalqaro turniri Osiyo klublari chempionati bo‘lgan. 1972-1985 yillarda bu turnir o‘tkazilmagan. 1986-2002 yillarda esa xalqaro o‘yinlar Osiyo chempionlari kubogi nomi ostida bo‘lib o‘tgan. 2003 yili esa Osiyo chempionlari kubogi va Osiyo kubok egalari kubogi birlashib, Osiyo chempionlar ligasining hozirgi formati yuzaga kelgan. Turnirda 2007 yildan Avstraliya klublari ishtirok eta boshlagan.

Qayd etish kerakki, ushbu turnirda asosan Sharq mintaqasi vakillari g‘olib bo‘lishadi. G‘arb mintaqasi vakilining chempionligi oxirgi marta 2011 yili kuzatilgan, o‘shanda Qatarning «Al Saad» klubi finalda Janubiy Koreyaning «Chonbuk Motors» klubidan ustun kelgandi.

Turnir tarixida eng ko‘p marta chempion bo‘lgan jamoa Janubiy Koreyaning «Pohang Stilers» klubi hisoblanadi. Bu klub 1997, 1998 va 2009 yillarda finalga chiqib, barcha finallarda g‘alaba qozongan. «Al Hilol» esa eng ko‘p marta finalda o‘ynagan jamoa. Saudiyaliklar 1987, 1988, 1992, 2000, 2014 va 2017 yillarda finalda o‘ynab, faqat 1992 va 2000 yillarda chempion bo‘lishga erishgan.

O‘zbekiston klublari hali Osiyo chempioni bo‘la olishmagan.

Osiyo chempionlar ligasining barcha sovrindorlari

2003. «Al Ayn» (BAA) - «Bek Tero Sasana» (Tailand) (2:0, 0:1)
2004. «Al Ittihod» (S.Arabistoni) - «Seongnam Ilva Chunma» (J.Koreya) (1:3, 5:0)
2005. «Al Ittihod» (S.Arabistoni) - «Al Ayn» (BAA) (1:1, 4:2)
2006. «Chonbuk Hyunday» (J.Koreya) - «Al Karama» (Suriya) (2:0, 1:2)
2007. «Urava Reds» (Yaponiya) - «Sepaxon» (Eron) (1:1, 2:0)
2008. «Gamba Osaka» (Yaponiya) - «Adelaida Yunayted» (Avstraliya) (3:0, 2:0)
2009. «Poxang Stilers» (J.Koreya) - «Al Ittihod» (S.Arabistoni) (2:1)
2010. «Seongnam Ilva Chunma» (J.Koreya) - «Zobaxon» (Eron) (3:1)
2011. «Al Sadd» (Qatar) - «Chonbuk Hyunday» (J.Koreya) (2:2, pen. 4:2)
2012. «Ulsan Hyunday» (J.Koreya) - «Al Ahli» (S.Arabistoni) (3:0)
2013. «Guangchjou Evergrand» (Xitoy) - «FK Seul» (J.Koreya) 
2014. «Vestern Sidney» (Avstraliya) - «Al Hilol» (S.Arabistoni)
2015. «Guangchjou Evergrand» (Xitoy) - «Al Ahli» (BAA)
2016. «Chonbuk Hyunday» (J.Koreya) - «Al Ayn» (BAA)
2017. «Urava Reds» (Yaponiya) - «Al Hilol» (S.Arabistoni)
2018. «Kashima Antlers» (Yaponiya) - «Persepolis» (Eron).

Mavzuga oid