Sport | 20:45 / 10.11.2018
9828
2 daqiqa o‘qiladi

Og‘ir atletika. Rustam Jangabayev jahon chempionatida ikkita bronza medalini qo‘lga kiritdi

Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati yakunlandi.

Bugun musobaqada +109 kg vazn toifasida bahslar o‘tkazildi. Unda yurtimiz sharafini Rustam Jangabayev himoya qildi.

Hamyurtimiz dast ko‘tarishda 202 kg natija ko‘rsatdi va to‘rtinchi o‘rin bilan kifoyalandi. Siltab ko‘tarishda esa 245 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirdi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ikkikurash yakuniga ko‘ra 447 kg natija ko‘rsatgan Rustam bu borada ham bronza medaliga ega chiqdi.

Shu tariqa Turkmanistondagi jahon chempionati yakunlandi. Terma jamoamiz vakillari musobaqa davomida 1ta oltin, 1ta kumush va 3ta bronza medallarini qo‘lga kiritdilar. Jumladan Akbar Jo‘rayev 102 kg vaznda dast ko‘tarishda oltin medal, 67 kg vaznda Doston Yoqubov siltab ko‘tarishda kumush medal, Ruslan Nurudinov 109 kg vaznda siltab ko‘tarishda bronza medalga ega bo‘lgan edi.

O‘zbekistonlik polvonlar 12 noyabr kuni soat 7:00da yurtimizga qaytib keladilar. Ularni «Janubiy» vokzalda tantanali kutib olish marosimi o‘tkaziladi.

Mavzuga oid