Jamiyat | 21:32 / 12.11.2018
14691
4 daqiqa o‘qiladi

«Bizning vakolatga kirmaydi». Nogironlar jamiyati binosi xaroba holatida qolaveradimi?

KUN.UZ tahririyatiga kelib tushgan murojaatni o‘rganish maqsadida Toshkent shahri, Sergeli tumanida joylashgan «Mehribonlik» nogironlar jamiyati bo‘linmasi tomon yo‘l oldik.

Murojaat mazmuni bo‘yicha ushbu hududda joylashgan nogironlar jamiyatining binosi xarob holatda, ta'mirlash uchun mablag‘ mavjud emas. Nogironlar jamiyatdagi mehrga tashna qatlam ekani bois, ishni o‘rganishga bel bog‘ladik.

Jamiyat rahbari Gyultakin Mamedova bilan suhbatda vaziyatni yanada oydinlashdi.

«Boshida binoni olgan vaqtimizda ayanchli holatda edi. Joriy yilning avgust oyida qurilishni boshladik. Boshida o‘zimizning qurbimiz bilan qila olsak kerak, o‘z hisob-raqamimiz bor, eplab ketarmiz, deb o‘ylagandik. Lekin bu ishlarga yaxshigina mablag‘ ketar ekan. Shundan so‘ng jiddiyroq tashkilotlardan yordam so‘radik. “O‘zbekenergo” AJ rahmat deymiz, binomizni elektr ta'minoti masalasi, devor, xona shiftlarini ta'mirlash ishlariga ko‘mak berishdi. Ammo hali oldinda qilinadigan ishlar juda ko‘p. Hokimiyatga murojaat qildik. Imkonimiz yo‘q, deyishdi. Nima ham qilardik», — deydi jamiyat rahbari.

Gyultakin Mamedova

Ma'lum bo‘lishicha, 2015 yil jamiyatning avvalgi joyi dastur asosida buzilishga tushgan. Shundan so‘ng, kemtik qalblar diydorlashish uchun qadrli maskanidan ayriladi. 2017 yil 13 noyabr kungi hokim qarori asosida jamiyatga yer ajratiladi.

«Binoda katta (tadbirlar uchun) va kichik zal, bitta kabinet tashkil etmoqchi edik. Bu yerda imkoniyati cheklangan jamiyat a'zolari to‘planamiz, suhbatlashamiz, kurslar tashkil etamiz. Misol tariqasida, kompyuter kurslari, to‘qish kurslari bo‘lishi mumkin. Lekin hozircha holatimiz unchalik emas. Ba'zida homiylar sovg‘a-salomlar bilan kelishadi. A'zolar bilan ko‘rishtirib, o‘tirib birga suhbat qurishga ham sharoit yaratib berolmaymiz. Sovg‘alarni topshirishadi-yu ketishadi.

— To‘rt devor ichida yashash azob. Bir-birimiz bilan ko‘rishib, ko‘nglimizni ko‘tarardik. Bu ruhimizga quvvat bo‘lardi, — deydi 1-guruh nogironi bo‘lgan jamoat faoli.

Tumanlarning ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatidan «hudud egalari» bo‘lgan hokimliklar tomon yo‘l oldik. Sergeli tuman hokimiyatida bizni tuman hokimining yordamchisi Abdurashid G‘afforov kutib oldi. Hokim yordamchisi bu masalada javob bera oladigan hokimning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mirzohid Xidirov bilan yuzlashtirdi.

«Jamiyat bizga murojaat qilgan. Homiylarni jalb qilib bering, degan ma'noda. Nodavlat tashkilot bo‘lgani sababli ta'mirlash ishlari hokimiyat yo‘nalishida emas. Tadbirkorlarimizni homiylik qilasan deb majburlay olmaymiz. Lekin ana shunday tashabbuslar ko‘rsatadigan tadbirkorlar chiqsa, birinchi navbatda, shu jamiyatga yo‘naltiramiz», — deb aytib o‘tdi hokim o‘rinbosari.

Mirzohid Xidirov

Qish mavsumi yaqinligi va 3 dekabr - Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan jamiyat a'zolari bus-butun imorat ichida yig‘ilish orzusini so‘ndirishmagan. Siz bilan biz kabi hayotdan zavq olishga haqli bu insonlar asosiy vaqtini shu joyda o‘tkazishgan. O‘zaro suhbatlar, tadbirlar, psixologik treninglar dunyo ko‘ziga qorong‘i ko‘rinuvchi bu qahramonlarimiz hayotida umid uchqunlarini uyg‘otgan edi. Bo‘lib o‘tgan ishlardan so‘ng, tumandagi nogironlar uchun eng minimal sharoitlarga ega bo‘lsa ham joy yo‘q.

Bahodir Ahmedov tayyorladi

Mavzuga oid