Jamiyat | 16:30 / 12.11.2018
58998
2 daqiqa o‘qiladi

Telejurnalist Bobur Komilov vafot etdi

Foto: Facebook

Xalqaro toifadagi jurnalist, «Davr» informatsion dasturi orqali ko‘pchilikning sevimli teleboshlovchisiga aylangan Bobur Komilov 34 yoshida uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng vafot etdi. Bu haqda jurnalist Shohira Hamro Facebook’dagi sahifasi orqali ma'lum qildi. Ushbu xabarni BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ham tasdiqladi.

U keyingi yillarda BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot kotibi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

«Zamonaviy o‘zbek jurnalistikasida og‘ir yo‘qotish. Hozir eshitgan xabarimga ishongim kelmaydi. Lekin jim turib ham bo‘lmaydi. BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot kotibi, taniqli xalqaro toifadagi jurnalist Bobur Komilov uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng bugun vafot etdi. Bu haqda hozirgina menga «To‘ylar muborak» jurnalining bosh muharriri, Boburning yaqin do‘stlaridan biri Dildora Zaynutdinova xabar berdi.

Biz Boburni Toshkentda, Prologue xalqaro kinofestivalida kutayotgan edik. Dildora orqali Bobur bilan bog‘lanib, kinofestival tadbirlarida ingliz tilida boshlovchilik qilishga taklif qilgan edik. Bobur orzulari bir dunyo yigit edi. O‘ziga xos yo‘li, o‘z ovoziga ega jurnalist endi oramizda yo‘q. Xudo rahmat qilsin!», — deb yozdi Shohira Hamro.

Bobur Komilov «Yoshlar» telekanalidagi «Davr» yangiliklar dasturi, Uzbekistan Today gazetasida faoliyat ko‘rsatgan, radiodasturlar muallifi edi. Londondagi Siti universiteti magistraturasini (xalqaro jurnalistika) tamomlagan.

Ma'lum bo‘lishicha, Bobur Komilov davolanish uchun Turkiyaga ketgan edi.