Jahon | 23:28 / 13.11.2018
12967
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko mansabdorlarga: “Yaxshisi faqirroq, biroq ozodlikda bo‘ling”

Foto: RIA Novosti / Sergey Guneyev

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 13 noyabrda tayinlangan yangi mansabdor shaxslarga korrupsiyaga aralashmaslikni qat'iyan tavsiya qildi. 

“Korrupsiyaga qarshi kurash – mening qat'iy talabim va prezidentligimning ilk kunlaridan olib borayotgan harakatimdir. Bu keskin bo‘lib ko‘rinish uchun emas. Masala bunda emas. Korrupsiya barcha narsani yemiradi. U zangga o‘xshaydi. Adolatga o‘rgangan odamlarimiz rahbarlarga o‘g‘rilik, davlat boyligini talash, poraxo‘rlik va boshqa korruptsion holatlarni kechirmaydi”, - deb aytgan Lukashenko. U shu bilan birga korrupsiyaga qarshi ko‘p yillik kurashga qaramay, jinoiy sxemalarga aralashgan davlat xizmatchilarini har yili lavozimdan olishga majbur bo‘lishini afsus bilan ta'kidlab o‘tgan.   

“Qancha gapirmay, har yili tergov izolyatoriga o‘nlab rahbarlarni jo‘natamiz”, - deb qo‘shimcha qilgan Belarus prezidenti. 

Lukashenkoning aytishicha, korrupsiya noqonuniy maxinatsiyalarga aralashganlarni hech qachon himoya qilmaydi. “Men bir marta “Erkaklar, yaxshisi faqirroq, biroq ozodlikda bo‘ling”, deb aytganman”, - deb o‘z so‘zlarini nihoyalagan Lukashenko.

Belarus prezidenti 13 noyabrda Rossiya, Hindiston, Vengriya va Suriyadagi yangi elchilarni, bir nechta tuman ijroiya qo‘mitalari yangi raislarini, iqtisodiyot, moliya, energetika, o‘rmon xo‘jaligi va madaniyat vazirlariga yangi o‘rinbosarlarni tayinladi.

Mavzuga oid