Miyamizga o‘zimiz ta'sir ko‘rsatishimizning 9 ta g‘aroyib namunasi
Miya – organizmdagi eng jumboqli organ bo‘lsa kerak. Olimlar doimiy ravishda uning faoliyati to‘g‘risida yangi ma'lumotlarga ega bo‘lishlariga qaramay, sirli jihatlar hali ham ko‘p.
Miyani tadqiq qilish sohasida so‘nggi yillarda qilingan kashfiyotlar bilan sizlarni tanishtiramiz.
9. Surunkali to‘yib uxlamaslik xotirani yomonlashtiradi
Berklidagi Kaliforniya universiteti olimlari uyquning yetishmasligi xotirani kuchsizlantirib, Altsgeymer kasalligini chaqirishini aniqlashgan. Gap shundaki, to‘liq uyqu vaqtida miya hujayralari bu organga salbiy ta'sir qiladigan toksik birlashmalarni o‘chirib tashlaydi. Agar kishi surunkali ravishda to‘yib uxlamasa, bu birlashmalar miya hujayralariga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.
8. Uzoq cho‘zilgan zo‘riqish miyani ishdan chiqaradi
Xotira, o‘qish va o‘z-o‘zini nazorat qilish qobiliyatining pasayishi – organizmning doimiy zo‘riqishi aynan shu oqibatlarga olib keladi. Bundan tashqari, u kishida asabiylik, xavotir, tez-tez chalg‘ishga sabab bo‘ladi.
7. Sevish va yoqtirmaslikning umumiy jihatlari ko‘p
Britaniyalik olimlar muhabbat va yomon ko‘rish miyaning bir-biriga o‘xshash qismida paydo bo‘lishini aniqlashgan. Biroq yoqtirmaslikdan farqli ravishda muhabbat miyaning fikr yuritish va mantiq uchun javob beradigan qismlari faoliyatini ancha pasaytiradi.
6. Miya suvsizlikka juda ta'sirchan
Miyamizning 80 foizi suvdan iborat. Shuning uchun hatto suyuqlikning mo‘'tadil yo‘qotilishi (2 foizga yaqin) e'tiborni jamlash, sergaklikni pasaytirib, qisqa muddatli xotiraning pasayishi va boshqa bilish qobiliyatlari yomonlashuviga olib keladi.
5. Homiladorlik bosh miya tuzilishini o‘zgartiradi
Olimlar homiladorlarda miyadagi ijtimoiy bilish va o‘zgalarni tushunish uchun javob beradigan kulrang moddaning hajmi kamayishini isbotlashdi. Bularning bari ona va bola o‘rtasidagi aloqani kuchaytirish hamda ayolga o‘z homilasi ehtiyojlarini tushunish va tashqi tahdidlarni sezishda yordam beradi.
4. Ratsionda shakarning ko‘pligi xotirani yomonlashtirib, o‘rganish qobiliyatini pasaytiradi
Ratsiondagi fruktozaning katta miqdori miya faoliyatini sekinlashtiradi, uning ma'lumotni o‘rganish va esda qoldirish, yodda saqlash qobiliyatini pasaytiradi.
Olimlar sanoatda ishlab chiqarilgan shakar undan-da xavfli ekanini qayd etishgan (alkogol bo‘lmagan ichimliklar, qayla va bolalar ovqatlariga qo‘shiladi). Biroq omega-3 yog‘ kislotalariga ega mahsulotlar buzilishlar oqibatlarini tiklaydi.
3. Romantik muhabbat va onalik hislari juda o‘xshash
Miya faolligiga ko‘ra, romantik munosabat va onalik hissi juda o‘xshash, biroq farqlar ham bor. Muhabbatda miyaning xavotir va qo‘rquv uchun javob beradigan qismlari, onalarda esa bog‘langanlik hissini tashkil qilish javob beradigan qismlari faollashadi.
2. Rassomchilik bilan shug‘ullanish miya faoliyatini yaxshilaydi
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, rassomchilik bilan shug‘ullanish va asarlarni tomosha qilish miyaning sohalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yaxshilab, qarish jarayonini sekinlashtiradi. Olimlar 62 yoshdan 72 yoshgacha bo‘lgan kishilar o‘rtasida san'atning ta'sirini o‘rganishgan. Ularning yarmi san'atshunoslik kursini, qolganlari esa – rassomlikka o‘rgatish kursini tamomlagan. Rassomchilik bilan shug‘ullanish san'atshunoslikka qaraganda kuchliroq natija bergan.
1. Mutolaa miyani a'lo darajada mashq qildiradi
Oksford olimlari mutolaa vaqtida miyaning bilish qobiliyati ishga tushishini isbotlashgan. Hatto miyaning boshqa payt harakatsiz bo‘lgan sohalari ham faollashadi. Mutolaa vaqtida qon miyaning e'tiborni jamlash va bilish qobiliyatlari bilan bog‘liq sohasiga tushadi. Gap shundaki, televizor tomosha qilish yoki videoo‘yinlar o‘ynash vaqtida bu holat kuzatilmaydi.
Mavzuga oid
15:42 / 25.10.2024
Olimlar miyaning 3D-atlasini yaratdi – u nima uchun kerak?
23:10 / 19.10.2024
Inson miyasi har xil turdagi qo‘rquvga qanday javob berishi o‘rganildi
18:10 / 15.10.2024
Olimlar miyaning ayrim qismlarini “yoqish va o‘chirish” yo‘lini o‘rgandi
19:24 / 24.09.2024