O‘zbekiston | 23:46 / 16.11.2018
10735
3 daqiqa o‘qiladi

Xotin-qizlar qo‘mitasi Qoraqalpog‘istonda 128 ayolning uy-joy olishi uchun boshlang‘ich to‘lovni kiritdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Shulardan asosiysi,  Taxiatosh shahrida Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan 11 nafar ayolga uy kalitlari topshirilishi marosimi bo‘ldi. KUN.UZ muxbiri Qo‘mita matbuot xizmati bergan ma'lumotga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

Foto: Xotin-qizlar qo‘mitasi

Ta'kidlash joizki, 2018 yilning o‘tgan davri mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 303 nafar ayol uyli bo‘ldi. Shundan Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat Fondi tomonidan nogironligi bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 128 nafar ayolga 5 mlrd 22 mln so‘m miqdorida uy olish uchun dastlabki badal puli to‘lab berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining turli hududlarida 87 ta sex tashkil qilindi, 446 nafar ayol ish bilan ta'minlandi. Kuni kecha ana shunday sexlardan 2 tasi Amudaryo va Beruniy tumanlarida ish boshladi.

Foto: Xotin-qizlar qo‘mitasi
Foto: Xotin-qizlar qo‘mitasi

O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi ayollar bandligini ta'minlash va ular orasida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘z ishini davom ettiradi.
Yil boshidan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasida 20 mingga yaqin ishsiz ayol aniqlangan edi, bugunga kelib ulardan 18 184 nafar ayol ish bilan ta'minlandi.

Foto: Xotin-qizlar qo‘mitasi

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonning qator tumanlarida Qo‘mita tomonidan ayollar uchun  ma'naviy-madaniy tadbir tashkil qilinib, uning doirasida kam ta'minlangan, ehtiyojmand, nogironligi bo‘lgan ayollarga maishiy texnika vositalari - muzlatgich, kir yuvish mashinasi, gaz plitasi, gaz pechi, tikuv mashinalari topshirildi.

O‘zbekiston iqtisodiyotida ayollar tadbirkorligi ulushini oshirish, xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida 2018 yilning o‘tgan davri mobaynida Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 3,2 mlrd so‘m ajratildi.

Kredit mablag‘lari yillik yetti foiz shart bilan ayollar tadbirkorligini boshlash yoki rivojlantirish maqsadida taqdim etildi. 2019 yilda ajratiladigan kredit mablag‘lar hajmini ikki barobarga oshirish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid