O‘zbekiston | 19:22 / 16.11.2018
14720
3 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Buxoroda shifokorlardan majburiy obunaga pul yig‘ilishi haqidagi xabarga munosabat bildirdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan «Kun.uz»da e'lon qilingan «Buxoroda shifokorlarning maoshi majburiy obuna uchun qirqilmoqda» sarlavhali maqolada aks etgan vaziyat o‘rganildi.

Buxoro viloyati, Vobkent tuman tibbiyot birlashmasidan «Kun.uz» tahririyatiga kelib tushgan murojaatga (muallifi sir tutilgan) ko‘ra, tibbiyot birlashmasida ishlayotgan barcha tibbiyot xodimlari, hattoki farroshlar ham noyabr oyi uchun maoshidan roppa-rosa 28 foiz miqdoridagi pul obuna uchun ushlanib qolinishi to‘g‘risida ogohlantirilgani haqida ma'lum qilingandi.

Vazirlik tomonidan saytga yo‘llangan munosabatga ko‘ra, bu ma'lumot tasdiqlanmagan. Pul ushlab qolingani yoki o‘tkazilgani to‘g‘risida bank hujjatlari ham aniqlanmagan.

«Vobkent tuman adliya bo‘limi va tuman prokuraturasi tomonidan tuman tibbiyot birlashmasi xodimlarining davriy nashrlarga obuna bo‘lishi holati o‘rganilib, xodimlarning 2017 va 2018 yillar oylik maoshlari tekshirilganda, obuna to‘lovlari uchun hech qanday to‘lovlar amalga oshirilmagani hamda 2018 yilning noyabr oyi holati ko‘ra ham xodimlarning ish haqlaridan to‘lovlar saqlanmagani aniqlandi», deyiladi vazirlik javobida.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatimizning qaysi hududida bo‘lmasin, majburiy mehnat, xususan, yuqoridagi maqolada qayd etilganidek, hech qanday kvitansiyasiz, tibbiyot xodimlarining inon-ixtiyorisiz, oyligidan ko‘r-ko‘rona ma'lum bir foiz ushlanib qolinishi kabi noqonuniy xatti-harakatlar yuz bersa, ularga qarshi keskin choralar ko‘rilishini yana bir bor eslatib o‘tgan.

Shu bilan birgalikda, soha xodimlari o‘zlari xohlagan nashrlarga, jumladan, kasb nuqtai nazaridan foydali bo‘lgan, tizimdagi yangilik va xabarlarni muntazam yoritib boradigan tarmoq nashrlariga obuna bo‘lishlari maqsadga muvofiqligi qo‘shimcha qilingan.

«Eslatib o‘tamiz, majburiy mehnat yoki shunga o‘xshash boshqa noqonuniy xatti-harakatlar kuzatilsa, vazirlikning quyidagi 71 241-16-40, 71 239-46-10 telefon raqamlariga murojaat qilishingizni so‘raymiz», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabarida.

Mavzuga oid