Jahon | 23:54 / 18.11.2018
183300
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoydagi besh yulduzli mehmonxonalarda olingan video internet ahlini karaxt holga soldi

Foto: weibo.com

Xitoyda “Stakanlar siri: siz besh yulduzli mehmonxonalar haqida nimalar bilasiz” deb nomlangan rolik sababli mojaro avj oldi. Bu rolik Weibo ijtimoiy tarmog‘ida tarqalgan.

Xitoyning bir nechta qimmatbaho mehmonxonalarida yashirin kamera yordamida olingan videoda mehmonxonalar xodimlari xonalarni qanday tozalashi tasvirlangan. Videoda ushbu xodimlarning oddiy gigiyena me'yorlariga amal qilmayotganlarining guvohi bo‘lish mumkin.

Jumladan, xodimlar mijozlar tomonidan qo‘llangan kir sochiqlar bilan stol ustini, rakovinalarni, so‘ngra esa stakan, chashkalar va qoshiqlarni artayotganlarini ko‘rish mumkin.

Ba'zi hollarda stakanni yaxshilab artish uchun xodimalar nafaqat kir sochiqlardan, balki egnidagi ishchi kiyimi etaklaridan foydalanishgan. Boshqa bir xodima esa latta bilan dush kabinasi eshiklarini, so‘ngra stakanlarni artgan. Kadrlardan birida esa dush kabinasi va stakanni yuvish uchun bir vositadan foydalanilayotganlikning guvohi bo‘lish mumkin.

Video Xitoy ijtimoiy tarmog‘ida tez tarqalib, hozirda 31 mlndan ko‘proq namoyish to‘plagan. Foydalanuvchilar undagi lavhalardan karaxt holga tushganlar.

Video e'lon qilingach, Pekin, Fuchjou va Shanxayda joylashgan bir nechta besh yulduzli mehmonxonalar o‘z uzrini keltirgan. Mehmonxonalar ma'muriyatlari xodimlar bilan treninglar o‘tkazib, barcha o‘rnatilgan standartlarga qat'iy amal qilinishini ta'minlashga va'da bergan.

Xitoy hukumati ham videoda ko‘rsatilgan barcha mehmonxonalarda jiddiy tekshiruvlar o‘tkazilishini ma'lum qilgan.

Bu Xitoyda birinchi shunday mojaro emas. 2017 yilda Xitoyning South China Morning Post nashri jurnalisti Sheraton, Shangri-La va Kempinski tarmoqlari mehmonxonalariga tozalovchi xodim sifatida ishga joylashgan.

Uning aniqlashicha, bu mehmonxonalarda unitazlarni yuvishda qo‘llanadigan cho‘tka bilan “hech bir andishasiz” stakanlar va chashkalar yuvilgan, o‘ringa esa kir polda yotgan choyshab solinishi odat tusiga kirgan. Mehmonxonalar egalari ushbu holatlar bo‘yicha bor-yo‘g‘i jarima to‘lash va kamchiliklarni bartaraf etish bilan kifoyalanib qolishgan.

Mavzuga oid