O‘zbekiston | 19:01 / 19.11.2018
6672
5 daqiqa o‘qiladi

«Turizm sohasiga 200-250 million dollardan ziyod investitsiya jalb qilinishi kutilmoqda» - Aziz Abduhakimov

19 noyabr kuni Toshkent shahrida start berilgan Turizm bo‘yicha birinchi xalqaro investitsion forumi doirasida sohaga  kamida 200-250 million dollar investitsiya jalb qilinishi kutilmoqda. Tadbirda 52 mamlakatdan tashrif buyurgan xorijiy hamda qator mahalliy sarmoyadorlar qatnashmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov KUN.UZ muxbiriga bergan intervyusida shu haqida ma'lum qildi.

«Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli mamlakatimizda turizm sohasi faol rivojlanmoqda. Kuzatuvlarimiz asosida shuni aytish mumkinki, sayyohlar oqimi faol bo‘lgan mavsumda ma'lum darajada mehmonxonalar yetishmovchiligini his qildik, zero xorijiy mamlakatlarning yirik turistik firmalari tomonidan O‘zbekistonga sayyohlarni yo‘llashga oid murojaatlar ko‘p bo‘ldi. Shu munosabat bilan davlat rahbari tomonidan xorijiy investorlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyatlarimiz hokimlik vakillari bilan uchrashish va yer uchastkasiga ega bo‘lish imkonini beruvchi xalqaro forumni tashkillashtirish vazifasi berildi. Forum oldidan hukumatning O‘zbekistondagi turistik infratuzilmalar – mehmonxonalar, mavzuiy parklar va boshqalarga investitsiya kiritishga doir shartnomalarni imzolagan xorijiy sarmoyadorlar kimoshdi savdosisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer uchastkasini qo‘lga kiritish imkonini beruvchi bitimni imzolashi mumkinligi to‘g‘risidagi tegishli qarori qabul qilindi», - deydi Abduhakimov.

Foto: Kamil Yenikeyev

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda xorijiy investorlar tomonidan O‘zbekistonga katta qiziqish kuzatilmoqda, bu borada ayniqsa Turkiya, Hindiston, Xitoy, AQSh, Yevropa mamlakatlari sarmoyadorlari katta faollik ko‘rsatmoqda.

«Forumda ishtirok etish uchun 200 nafardan ziyod salohiyatli xorijiy investorlar Toshkentga yetib kelishgan. Hokimliklarimizda 500 dan ortiq takliflar mavjud. Bugungi sessiyalar va ertangi B2B uchrashuvlar natijalari bo‘yicha shartnomalar imzolanadi. Forum yakuniga ko‘ra, turizm sohasiga 200-250 million dollardan ziyod investitsiyalar jalb qilinishi kutilmoqda», - qo‘shimcha qiladi u.

Ma'lum bo‘lishicha, forumga yetib kelgan investorlarning aksariyati O‘zbekistonga birinchi marta kelgan. Xorijiy investorlarning aytishicha, ular ushbu forum va imkoniyatlar haqida xorijliklarning ijtimoiy tarmoqlardagi O‘zbekiston haqida postlaridan, ommaviy axborot vositalaridagi maqolalardan va TV-ko‘rsatuvlar orqali xabar topishgan.

«Mazkur forumning o‘ziga xosligi shundaki, biz turizm sohasiga xalqaro investitsiyalar forumiga oid katta reklama ishini olib borganimiz yo‘q, elchixonalarimiz, ijtimoiy tarmoqlardagi imkoniyatlar orqali tadbir haqidagi ma'lumotlar taqdim etildi va ko‘rib turganimizdek, 200 nafardan ortiq xorijiy investor tashrif buyurdi. Ularning ko‘pchiligi O‘zbekistonga investitsiya kiritishni qat'iy maqsad qilgan», - deya izoh beradi Bosh vazir o‘rinbosari.

I Xalqaro Turizm sohasiga investitsiya kiritishga bag‘ishlangan forumda investorlar va mahalliy hukumat organlari vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilmoqda. Viloyatlardan muayyan shartlar asosida sarmoyadorlarga yer uchastkalarini taqdim etishga doir investitsion kelishuvlarni imzolash huquqi berilgan hokimlarning investitsiyalar va turizm bo‘yicha o‘rinbosarlari Toshkentga kelishdi va forum doirasidagi kelishuvlar natijasiga ko‘ra, ular salohiyatli investorlarni o‘z hududlariga olib borib, yer uchastkasini yaqindan ko‘rsatishadi.

Foto: Kamil Yenikeyev

«Shuni aytish joizki, bu yer uchastkalarini tanlashda aynan turizm sohasi bo‘yicha investorlar uchun eng jozibali bo‘lgan uchastkalarga e'tibor qaratilgan. Bugunga kelib biz bu borada qator kelishuvlarga egamiz, hokim o‘rinbosarlarimiz ham salohiyatli investorlar doirasiga ega. O‘z o‘rnida, bu hududlar o‘rtasida o‘ziga xos raqobatni keltirib chiqaradi va har bir hudud investorlar uchun eng yaxshi imkoniyatlar, eng yaxshi sharoitlarni taqdim etishga harakat qiladi», - deydi Aziz Abduhakimov.

Foto: Kamil Yenikeyev

Shartnomalarni imzolash marosimi ertaga, 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Bundan avval KUN.UZ’da Toshkentda Turizm bo‘yicha birinchi xalqaro investitsion forumga start berilgani haqidagi xabar berilgan edi.

Mavzuga oid