O‘zbekiston | 21:21 / 19.11.2018
16055
4 daqiqa o‘qiladi

Turkiyalik ekspert O‘zbekistonda har 150 kilometrda mavzuiy motellarni qurishni taklif qildi

Turizm sohasiga investitsiya kiritishga doir birinchi xalqaro investitsion forum doirasida O‘zbekistonda har 50 kilometrda turizm infratuzilmasini yo‘lga qo‘yish va har 150 kilometrda turli mavzularga ixtisoslashgan motellar faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. KUN.UZ muxbiri sobiq Turkiya milliy assambleyasi deputati, turizm sohasida katta ish tajribasiga ega, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining maslahatchisi Sodiq Badakning intervyu davomidagi so‘zlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

“Turizmni rivojlantirish uchun eng avvalo transport tizimini rivojlantirish kerak. Bugungi kunda O‘zbekiston bilan vizasiz rejimni yo‘lga qo‘ygan va vizalari soddalashtirilgan davlatlar soni tobora oshib bormoqda. Bu esa ushbu mamlakatlardan keluvchi sayyohlar oqimi yanada ko‘payadi, degani. Ularni bir hududdan boshqasiga olib borib, imkon boricha ko‘proq joylarni ko‘rsatsak, O‘zbekiston haqida ko‘proq tasavvurga ega bo‘lishadi. Buning uchun esa shunga munosib sharoitlarni yaratish lozim. Eng avvalo, yo‘llarni yaxshilash kerak. Shu bilan birga, uzoq joyga yo‘lga chiqqan odam yo‘lda to‘xtab, dam olgisi keladi. Masalan, har 50 kilometrda to‘xtab, yoqilg‘i quyish shoxobchasi, restoranlar, supermarketlar, dam olish joylari, ya'ni turizm rivojlanishi uchun zarur infratuzilmalarni yo‘lga qo‘yish lozim”, - deydi u.

Ekspertning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda har 150 kilometrda turizm markazlari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

“Bu yerlarda mavzuiy motellar bunyod etiladi. Masalan, Buxoro bilan Xorazm o‘rtasida, cho‘lda safari-motellar bo‘ladi yoki boshqa hududlar o‘rtasida O‘zbekistonning shirin-shakar mevalariga e'tibor qaratiladi, ya'ni meva bog‘lari barpo etiladigan motellar bo‘lishi mumkin, bu yerga kelgan sayyohlar bog‘da sayr qilishadi. Yana boshqa hududlarda esa asal va shunga o‘xshash boshqa narsalarga ixtisoslashgan mavzuiy motellar xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bu sayyohlar uchun o‘ziga xos sarguzasht sayohat bo‘lib, ularni O‘zbekistonga jalb qilishning ajoyib usuli bo‘ladi. Shu bois Toshkentdan Nukusgacha 1100 km masofada turizm markazlari, turizm obektlarini qurishni tavsiya qilyapmiz”, - deydi turkiyalik ekspert.

Sodiq Badakning ta'kidlashicha, yuqoridagi takliflarni o‘z ichiga olgan loyiha amalga oshiriladigan bo‘lsa, birinchidan, O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar mamnun bo‘lib ketadi, ikkinchidan esa mamlakatga yanada ko‘proq investitsiya jalb qilinadi.

Ta'kidlash joizki, xalqaro forum doirasida bo‘lib o‘tgan sessiyada mazkur loyiha taklif sifatida berilgan, zarur ma'lumotlar taqdim etilgan.

Bundan avval KUN.UZ’da Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning xalqaro forum doirasidagi intervyusi taqdim etilgan edi.

Lola Raxmanbayeva

Mavzuga oid