Jamiyat | 19:30 / 20.11.2018
41168
7 daqiqa o‘qiladi

Qayum Shodiyev 99 yoshida hayotdan ko‘z yumdi

Qarindoshlari, yaqinlari va do‘stlari uni qanday xotirlaydilar? Kimdir uni yelkalari keng va doim kulib turadigan buvajon sifatida eslasa, kimningdir xotirasida u mehmondo‘st va marhamatli Qayum doda sifatida saqlanib qoladi. Yana kimlarningdir ko‘z oldida Qayum Shodiyevich kuchli, aqlli, biroq kamtarin mehnatkash inson – minglab vatandoshlarimiz bilan birgalikda Mirzacho‘lni o‘zlashtirishda faol ishtirok etgan zahmatkash muhandis sifatida gavdalanadi. 

Ehtimol, bu ismni eshitgan ba'zi insonlarning ko‘z oldida Shodiyevlar avlodlari: Hakim, Nabi, Qosim, Fozil, Qobul, Fattoh, Rauplar hozir bo‘lar. Har kim o‘z holicha haqdir.

Mulla Shodi o‘g‘li Qayum Shodiyev o‘tgan asr boshlarida dunyoga kelgan. Kamtargina qishloq oilasida o‘sib-ulg‘aygan, onasidan erta ayrilgan Qayum otasi qo‘lida tarbiya topgan. U bolaligidan o‘tkir aql va rahmdil yurak sohibi ekani bilan ajralib turgan.

Uning kelgusida qanday kasbni egallashi bolaligidan ma'lum edi. Bunga otasi Mulla Shodining jizzaxlik qishloq mehnatkashlarining Mirzacho‘lni o‘zlashtirish, uni gullab-yashnagan vodiyga aylantirish orzulari haqidagi ish ustidagi suhbatlari sabab bo‘lgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. To‘qimachilik institutini tugatib, muhandis-mexanik sifatida mehnat faoliyatini boshlagan.

Andijon va Toshkent  viloyatlaridagi ikkita paxta zavodini tiklash ishlarida faol ishtirok etgan. 1950 yildan 1960 yilgacha Mirzacho‘ldagi yirik Jizzax paxta zavodida direktor lavozimida faoliyat yuritgan.

Qayum Shodiyev 1964 yilda Paxtani qayta ishlash sanoati vazirligi hay'ati qaroriga muvofiq Sirdaryo viloyatida paxta tayyorlash va qayta ishlash boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan. O‘sha vaqtda esa bu uning yirik bir respublika rivojini belgilab beradigan iqtisodiy va siyosiy arboblar qatoridan o‘rin egallaganini anglatardi. Fidokorona xizmatlari uchun Qayum Shodiyev «Faxriy belgi» ordeni bilan mukofotlangan.

1979 yilda Qayum Shodiyev Jizzax viloyati paxta tayyorlash va qayta ishlash boshqarmasiga rahbar etib tayinlandi. Viloyatning har bir paxta zavodida, har bir paxta tayyorlash punktida Qayum Shodiyevning istalgan vaqtda tashrif buyurib qolishini va bunda darhol o‘zgalarning ko‘rsatmalarisiz bajarilgan ishlar haqida, qancha xomashyo kelib tushgani, qancha paxta tolasi chiqarilgani haqida aniq va to‘g‘ri hisobot berish talab etilishini yaxshi bilar edilar. U befarq va bilimsiz insonlarga toqat qilolmas edi. O‘zi ham tabiatan serg‘ayrat, kuchli irodaga ega, xotirasida yuzlab sonlarni, sanalarni, ism-shariflarni saqlab turadigan qobiliyatli inson bo‘lgan. Qo‘l ostidagilardan ham fikrni bir yerga jamlay olishlikni, tashabbuskorlikni, kutilmagan vaziyatlarda yechim topishga qodir bo‘la olishni talab qilgan.

Qayum Shodiyevning zahmatkash o‘zbek xalqining asl o‘g‘loni sifatida cho‘l-dashtlarni obod qilib, gullab-yashnagan vodiyga aylantirishdagi xizmatlari juda katta. U faqat daraxt ekish bilan cheklanmay, faxrlansa arziydigan yetti o‘g‘ilni tarbiyalab voyaga yetkazdi – barchasini oyoqqa turg‘azdi, ilmli qildi, ta'lim beribgina qolmay, ularga yaxshi inson, vataniga fidoyi bo‘lish kabi muhim fazilatni singdirdi.  

Kamtarin va hayotni sevuvchi Qayum Shodiyev: «Allohning g‘azabini qo‘zg‘atmang, sabrli bo‘ling, bir-biringizga mehribon va oqibatli bo‘ling» deb ko‘p takrorlardi. Uning butun hayoti va xatti-harakatlariga sharqona donolik va oqillik singib ketgan edi.  

Qayum Shodiyevdan turmush o‘rtog‘i Matluba ona bilan farzandlarini bu qadar hurmatli va yaxshi insonlar qilib tarbiyalashga qanday muyassar bo‘lgani haqida so‘raganlarida, shunday javob berardi: «Bolalarni mehr va muhabbatda o‘stirish kerak, aynan u bolaning yuragini ilitadi va ular fikrlarini sof, o‘zlarini olijanob va himmatli qilib voyaga yetkazadi. Bolani yaxshi boqish zarur – och bola dunyoga g‘azab ko‘zlari bilan boqadi. Men bolalarimga  yaxshi taomlar berganman – ular ham to‘kin dasturxon bilan uni menga qaytardilar. Ularni yaxshi kiyintirganman – ular jamoat ichida o‘zini tuta oladigan, ko‘rkam inson bo‘lib o‘sdilar. Men ularga bor muhabbatimni berdim – menga uni ular yetti barobar qilib qaytardilar. Ekkaningni o‘rasan, deb bekor aytmagan dono xalqimiz».

U hech qachon minnatdorchilik bildirishlarini kutgan emas, u faqat bir narsani xohlardi – u bu ishlarning barchasini kim uchun va nima uchun qilayotganini anglab yetishlarini. U yordam bera olgan oddiy zavod ishchisi tomonidan chin yurakdan aytilgan «rahmat» yoki yolg‘iz onaning ko‘zlaridagi xursandchilik nurlari uning uchun har qanday rasmiy minnatdorchilik va mukofotlardan ham qadrli bo‘lgan.

Aynan mana shunday insonlar buyuk ajdodlarning shonli yo‘llarini davom ettirgan holda, jamiyat muvaffaqiyatlarini belgilab beradilar. Aynan mana shunday insonlar butun bir millatning, xalqning avlodlararo an'analari va asriy munosabatlarining eng mustahkam va muhim bo‘g‘ini bo‘lib hisoblanadilar. Aynan ular farovon va serne'mat o‘zbek yerining ko‘zga ko‘rinmas qahramonlaridir. Qayum Shodiyev ham mana shunday inson edi va u xotiramizda shundayligicha saqlanib qoladi.

Marhumning qarindoshlariga va yaqinlariga chuqur ta'ziya bildirib qolamiz.

Umida Husainova,  

Xalqaro Shodiyev Fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi koordinatori.

Mavzuga oid