Jahon | 22:40 / 21.11.2018
8829
1 daqiqa o‘qiladi

“Doktor Xaus” Britaniya imperiyasi ordeni kavaleriga aylandi

Foto: AP Photo/Chris Pizzello

Britaniyalik aktyor Xyu Lori Britaniya imperiyasining 3-darajali ordeni kavaleriga aylandi. Bu haqda Britaniya qirollik uyi matbuot xizmati ma'lum qildi. 

59 yoshli Lori Buyuk Britaniyada “Fray va Lori shousi”, “Jivs va Vuster” kabi komedik teleseriallardagi rollari tufayli tanilgan. Aktyorga “Doktor Xaus” serialidagi shifokor Gregori Xaus roli jahonshumul mashhurlik keltirgan. 

Aktyorni taqdirlash marosimi Bukingem saroyida bo‘lib o‘tgan, unda qirollik oilasidan shahzoda Charlz ishtirok etgan.

Britaniya imperiyasi ordeni 1917 yilda qirolicha Yelizaveta II’ning bobosi – qirol Georg V tomonidan ta'sis etilgan. Mukofot 5 ta darajadan iborat bo‘lib, ulkan kasbiy yutuqlar, volontyorlik faoliyati va mamlakat nufuzini oshirishdagi sa'y-harakatlar uchun topshiriladi.