O‘zbekiston | 22:05 / 21.11.2018
16160
2 daqiqa o‘qiladi

Prezidentga fortepiano chalib bergan askar imtiyoz asosida Konservatoriyaga qabul qilinadigan bo‘ldi

Oddiy askar Jamshid Himmatov Prezidentga fortepianoda kuy ijro etib, muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilinadigan bo‘ldi. Mudofaa vazirligi matbuot xizmati KUN.UZ’ga shu haqida xabar berdi. 

16 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining Nukus garnizonida bo‘lib, harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Shavkat Mirziyoyev bu yerda turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar jarayonini ko‘zdan kechirgan, yoshlar bilan suhbatlashgan. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘shanda garnizondagi harbiy qismlarning birida oddiy askar Jamshid Himmatov Prezidentga fortepianoda kuy ijro etib, barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi. Jamshid Himmatov davlat rahbari topshirig‘iga muvofiq muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilinadigan bo‘ldi.

«Prezidentimizning biz xizmat qilayotgan garnizonga tashrifidan xabar topgach, u kishiga fortepianoda milliy mumtoz qo‘shiqlarimizdan birini ijro etib berish tashabbusi bilan chiqdim. Bu fikrimni komandirlarim, xizmatdosh do‘stlarim ham qo‘llab-quvvatladi va men orzuimga erishdim. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan menga bildirilgan yuksak ishonchdan unumli foydalanib, kelajakda Qurolli Kuchlarimiz harbiy orkestrida xizmat qilish niyatim bor», — deydi Jamshid Himmatov.

Jamshid Himmatov 1998 yili Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida tug‘ilgan. 2017 yili Termiz san'at kollejida «Akademik vokal artisti» yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan. 2018 yili muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan va hozirda Nukus garnizonida yigitlik burchini o‘tamoqda.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid