Jamiyat | 19:55 / 22.11.2018
58419
4 daqiqa o‘qiladi

Qasamyod chellenji qachongacha davom etishi mumkin?

Ijtimoiy tarmoqda shu kunlarning mavzusi O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazilayotgan ommaviy qasamyod marosimlari bo‘lmoqda.

19 noyabr kuni Sirdaryo viloyatida fermerlarning qasamyod marosimlari o‘tkazilishi bilanoq domino effektida «qasam-chellenj» avj olib ketdi.

Video: Tas-IX

Video: Youtube.com

Foto: Sirdaryo24.uz
Foto: Sirdaryo24.uz

Viloyatdagi tumanlar fermerlari o‘z ahdlariga, shon-shavkatlariga sodiqligini ifodalab, yurt taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shishni, nopok ishlarga qo‘l urmaslikni ezgu niyat qilib, qasamyod qabul qilishgan bo‘lsa, keyingi kuni «fleshmob» Sirdaryoda shifokorlar tomonidan davom ettirildi. Sirdaryoda tibbiyot xodimlariga «prezidentga sodiqlik va nojo‘ya ishlarni qilmaslik» haqidagi qasamyod matni o‘qitildi.

Foto: ijtimoiy tarmoqlar
Foto: ijtimoiy tarmoqlar
Foto: ijtimoiy tarmoqlar
Foto: ijtimoiy tarmoqlar

Shu kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasida ham qasamyod marosimi bo‘lib o‘tgan. Unda 150 nafar shifokor va 150 nafar hamshira tuman mutasaddilari, keng jamoatchilik oldida qasamyod qabul qildi.

Foto: Zarnews.uz
Foto: Zarnews.uz

Qasamyodlar bilan bog‘liq holatlar jamoatchilik tomonidan xavotir ila qarshi olinmoqda, bu holatlar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan keskin tanqidga uchramoqda.
Xususan, kinoya bilan ommaviy qasamxo‘rlikni boshqa sohalarga ham tatbiq etish, amaldorlarga poraxo‘r bo‘lmaslik, haydovchilarga qoidabuzar bo‘lmaslik, rektorlarga bunkerlar tashkil etmaslik, talabalarga baho uchun pora bermaslik, jurnalistlarga maddohlik qilmaslik haqidagi qasamyodlar ichirish taklif etilgan. 

Oliy Majlis Senati a'zosi, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova ham ushbu voqealarga o‘z munosabatini bildirgan.

«Qishloq xo‘jaligidagi salbiy holatlar sanoqli bo‘lsa barchaga «ommaviy» qasam ichirish zarurmi? Agar bunday holatlar ko‘p bo‘lsa, unda ularni keltirib chiqargan sabablarni tahlil qilish, tizimli choralar ko‘rilishi kerakku!?

Fikrimcha, fermerlarimizning bu yilgi noqulay sharoitda mo‘ljaldagi hosilni yetishtira olmagani uchun nafaqat ob-havo yoki dehqonning dangasaligi, uddaburon emasligi aybdor emas, balki ishni tashkil qilishdagi tizimli kamchiliklarimiz sabab bo‘lgan», degan u.

Demokratik tuzumlarda qasamyod ko‘p uchramaydigan tadbir bo‘lib, faqatgina mas'uliyat hajmi ulkan bo‘lgan, mas'uliyatsizlik oqibatida jamiyat katta talofat ko‘rishi mumkin bo‘lgan holatlarda hamda sudda – haqiqatni yuzaga chiqarishga safarbar etilgan idoradagina qo‘llanadi. 

Prezidentlar va harbiylar xalq oldida, sudda ishtirok etuvchilar Haq oldida qasamyod qiladi. Odatda harbiy va mudofaa, tibbiyot sohalarida tantanali qasamyod qabul qilish marosimlari o‘tkaziladi.

So‘nggi yillarda oliy va o‘rta-maxsus ta'lim muassasalari talabalari ham turli qasamyodlar qabul qilishmoqda. Bunday holatlarning kelib chiqishiga nima asos bo‘layotgani haqida rasmiy munosabat bildirilgani yo‘q.

Jahonning turli nuqtalarida istiqomat qiluvchi o‘zbek mutaxassislari, yurtimizdagi ziyoli qatlamning katta qismi, ko‘plab xorijiy va mahalliy OAV vakillari «qasamyod-chellenj» kabi xo‘jako‘rsinga qilinayotgan tadbirlarning asl sababi, jamiyat uchun real ta'sirini ko‘rmasliklarini ta'kidlab keladi.

E'tiborli jihati shundaki, bu kabi tadbirlar vaqt o‘tib, Prezident tomonidan keskin tanqid qilinib, raqamli matbuotda favqulodda salbiy rezonansga sabab bo‘lsa-da, tushunarsiz tadbir va marosimlar davom etish hollari kuzatilaveradi.