Taklif va iltimos: Tanqis energiyani grafik asosida taqsimlash nahot imkonsiz?
Kuz yarimlay boshlashi bilan tahririyatga tabiiy gaz va elektr energiyasidagi uzilishlar haqidagi murojaatlar keskin ko‘paydi. Ayniqsa noyabr oyidan butun respublika bo‘ylab tez-tez tok o‘chishi muammosi dolzarblashdi.
Gaz va elektr ta'minotidagi uzilishlar vaqti ham uzayib borayotgani sabab aholi qishni xavotir bilan qarshilamoqda. Ko‘plab oilalar isitish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rib qo‘yish bilan masalaga imkon qadar yechim topayotgan bo‘lsa, faoliyatini elektr energiyasiz yurita olmaydigan tadbirkorlar ilojsiz ahvolda qolgan.
«KUN.UZ»ga kelib tushgan murojaatlardan birida muallif ayni masalaga munosabat bildirar ekan, birmuncha oddiy, ammo energiya tanqisligi sharoitida ulkan qulayliklar tug‘dirishi mumkin bo‘lgan taklifni o‘rtaga tashlagan.
«Qish mavsumi boshlanishi bilan elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar bosh og‘riqqa aylanib boradi. Shu mavzudagi shikoyat xatlari sevimli saytga jo‘natilib, o‘quvchilar diqqatiga havola etib boriladi. Bu ham navbatdagi shikoyat xati deyishga shoshilmang. Men bugun masalaning boshqa tomoniga to‘xtalmoqchiman.
Yaqinda shu sayt orqali Yaponiyada bir yo‘lovchi poyezdi belgilangan vaqtdan bir necha soniya erta jo‘nab ketgani uchun milliy televideniye orqali rasmiy tushuntirish bergani va uzr so‘raganini o‘qigandik. Bir necha soniya, soat emas! Hozirgi iqtisodiyot zamonida manaman degan rivojlangan davlatlarda ham qiyinchiliklar bo‘layotganini ko‘rib turibmiz. Bizdagi energiya tanqisligi ham vaqtincha ekanini, ertangi kun uchun mehnat qilinayotgani va albatta yaqin orada yaxshi bo‘lishiga ishonamiz. Ammo nahotki elektr energiyasidagi uzilishlarni aniq vaqt, tartib va tenglik asosida tashkil etib bo‘lmaydi? Matbuot yoki TV orqali tushuntirish, uzr so‘rashni-ku uyoqqa qo‘yib turing. Biz gazi ham bor, sveti ham umuman o‘chmaydigan hududlarni ko‘rib, bilib turamiz. U nisbatan boy kishilar yoki o‘jar kishilar yashaydigan hududlar hisoblanadi. Boy insonlarga hasad qilgan joyimiz yo‘q. Zero, boy ko‘paysa elga foyda. O‘jar deganim ham ijobiy ma'noda, qaysiki, o‘z haqqini talab qila oladigan, birlasha oladigan kishilar ma'nosida. Demak, bu yerda yana o‘sha andishaning oti qo‘rqoq deyilyapti.
Elektr uzilishi aniq qaysidir soatda emas. Masalan, soat 6:13da, 8:47da, 10:37 va boshqa duch kelgan vaqtlarda o‘chirib yoqiladi. Ertasi kuni butkul boshqa-boshqa vaqtlarda. Aynan falon vaqtda o‘chadi yoki yonadi, deb ayta olmaysiz. Biror ishni aniq rejalashtirishning imkoni yo‘q. Bir necha soatlik uzilishdan keyin yongan svet qandaydir 10-20 daqiqa atrofida qayta uzilishi odamlarning ustidan kulishdan boshqa narsa emasku? Bu stansiyalarda o‘tirganlar shu elektr murvatini ko‘tarib tushirishni bir amal deb biladilarmi? Qora saharda turmush o‘rtog‘ini, qaynotasini ishga jo‘natadigan ayollarning kuymalanishlarini, beshigida yig‘layotgan bolasining og‘zini paypaslab topib ko‘krak tutayotgan kelinchaklar holatini, uy vazifalarini bajarishga qiynalayotgan bolalarimiz, namoz uchun va namozlarida yurtiga tinchlik, Prezidentiga sog‘lik tilash uchun tahoratga shoshayotgan qariyalarimizning oqsashlarini his qila oladilarmi?
Yana bir bor aytaman, xalqimizning ertangi kunga ishonchi chindan ham oshdi. Bu kabi muammolar vaqtincha ekanini bilyapti. Hech kim elektrni bugun o‘chmaydigan qilib bering, demayapti. Faqat cheklovlarda nisbatan tenglik, insof tamoyillariga amal qilinsa, yaxshi bo‘lardi.
Xatim so‘ngida sayt ijodkorlarini biz tomonlarga bir mehmon bo‘lishga, ushbu muammoning men aytgan manzaralarini ko‘z bilan ko‘rishga va amaliy yordam berishga taklif qilib qolardim. Ha aytgancha, shunday xohish paydo bo‘lib qolsa, uni e'lon qilmay keling. Chunki qaytib ketguningizgacha qishloqlarimiz shahar bo‘lib ketadi. Bu kabi holatlarga ham o‘rganib qoldik-da».
Darhaqiqat, o‘rinli fikrlar. Ammo unda bildirilgan taklifni amalga oshirish uchun, avvalo, balandparvozlar haqida gapirishdan to‘xtab, gaz va elektr energiyasining real tanqisligi borligini tan olish, so‘ngra shu asosda cheklangan resurslarni adolatli taqsimlashni yo‘lga qo‘yish lozim.
Elektr energiyasi taqchil hududlarda ta'minotni grafik asosida tashkil etish odamlar turmushi va mehnatini rejali tarzda yo‘lga qo‘yish imkonini berish bilan birga minglab hamyurtlarimizning behuda asabiylashishi, pirovardida xalqning umumiy kayfiyatiga salbiy ta'sir etishining oldini olgan bo‘lardi.
Mavzuga oid
20:55 / 02.11.2024
O‘zbekistonda elektr energiyasi va metan gazi olish uchun 8 ta chiqindi yoqish zavodi, 1 ta chiqindi poligoni quriladi
21:29 / 29.10.2024
Jizzaxda 8,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan “metan zapravka” aniqlandi
00:36 / 19.10.2024
Kuba elektr energiyasidan butkul uzilib qoldi
23:32 / 18.10.2024