Jamiyat | 22:13 / 23.11.2018
79669
6 daqiqa o‘qiladi

Bankdan 280 million so‘mga yaqin qarz bo‘lib qolgan fermer o‘zini o‘ldirdi. Prokuratura ishni tekshirmoqda

Foto: Depositphotos

Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi «S.B.» fermer xo‘jaligi rahbari S.B. 6 noyabr kuni o‘z joniga qasd qilgan.

O‘tgan haftalarda ijtimoiy tarmoqlarda jizzaxlik 33 yoshli fermer bankdan katta miqdorda qarzdor bo‘lib qolgani va belgilangan muddatda qarzni qaytara olmagach, o‘z do‘konida o‘zini osib qo‘ygani haqida xabarlar tarqalgandi. Xabarlarda bunga MIB tomonidan fermerning mol-mulki musodara qilingani sabab qilib ko‘rsatilgandi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi «Kun.uz»ga ushbu holat yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi.

Fermer 6 noyabr kuni soat 11:00 atrofida o‘z xonadoniga qo‘shimcha qurilgan omborxonada o‘zini osgan. Uning jasadi 8 noyabr kuni topilgan.

Sud-tibbiy espertizaning 19 noyabrdagi xulosasiga ko‘ra, uning o‘limiga «bo‘yin a'zolarining sirtmoq bilan qisilishi natijasida mexanik asfiktsiya» sabab qilib ko‘rsatilgan.

Bosh prokuratura axborotida ma'lum qilinishicha, fermer 2017 yil hosildorligi uchun «Agrobank» tuman filialidan 104,6 million so‘m imtiyozli kredit olgan va bu kredit bo‘yicha 58,1 million so‘m qarzdorligi bo‘lgan. 

Do‘stlik tumanlararo iqtisodiy sudining 2017 yilning dekabridagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, fermerlik hisobidan bank foydasiga 58,1 million so‘mni undirish belgilangan.

2018 yilning yanvar va fevral oylarida Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan ushbu qarzdorlikni to‘lash bo‘yicha dastlabki ogohlantirishlar berilgan, qarzni to‘lash uchun 5 kunlik muhlat berilgan, biroq qarzdorlik yopilmagan. 

MIB viloyat boshqarmasi boshlig‘ining 2018 yilning 20 oktabrdagi buyrug‘iga asosan 27 oktabr kuni byuroning Jizzax shahar bo‘limi davlat ijrochilari Sh.M. va O.K. Baratovning uyiga xolislar D.Ya. va D.N. bilan birga borgan va qarzdorning uyidan onasi G.B. ishtirokida o‘lchami 3x4 metr bo‘lgan bir dona gilamni dalolatnomaga asosan rasmiylashtirib, olib ketgan (biroq bu gilam bankdan qarzdor fermer xo‘jaligi balansida bo‘lmagani aniqlanib, 8 noyabr kuni, S.B.ning jasadi topilgan kuni qaytarib berilgan).

Bundan tashqari, S.B. 2018 yil hosildorligi uchun «Agrobank» tuman filialidan 271,6 million so‘m kredit olgan va bu kredit bo‘yicha 220,1 million so‘m qarzdor bo‘lgan. 

Ushbu qarzdorlik yuzasidan sud 24 oktabr kuni fermerlik hisobidan «Agrobank» tuman filiali foydasiga 220,1 million so‘mni undirish bo‘yicha qaror chiqargan.

Mazkur qarorga asosan MIBning Jizzax shahar bo‘limi davlat ijrochilari T.N. va X.M. 5 noyabr kuni S.B.ning uyiga kelgan, fermerning o‘zi uyda yo‘qligi bois, uning onasi G.B.ga qarzdorlikni to‘lash bo‘yicha tushuntirish berilgan. Bu safar uning uyidan hech narsa olib ketilmagan.

Internetda tarqalgan xabarlarda fermer o‘z joniga qasd qilishiga MIB tomonidan mol-mulki musodara qilingani sabab qilib ko‘rsatilgani bois, MIB xodimlarining marhum fermerning uyida o‘tkazgan ijro harakatlari qonuniyligi prokuratura tomonidan alohida o‘rganilgan va hozircha, qonun normalari buzilgani aniqlanmagan. Shu bilan birgalikda, bu boradagi tekshiruvlar hali ham davom etmoqda.

«Bundan tashqari, tergovga qadar tekshirishda, «Paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 28.02.2018 yildagi 3574-sonli Prezident Qarorining 3-bandida belgilangan paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining 2018 yil 1 yanvar holatiga qarzdorliklarini to‘lash muddati 3 yilga uzaytirilishi haqidagi talablari va «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonuni talablariga rioya qilinganini o‘rganish maqsadida MIB Jizzax viloyati boshqarmasiga xizmat tekshiruvi tayinlangan.

O‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, 3574-sonli Prezident Qarorida 2018 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining hosil bo‘lgan qarzlari, shu jumladan, ichki tarmoq qarzdorligi hamda byudjyet va davlat maqsadli jamg‘armalari oldidagi qarzlarini to‘lash muddati hisoblangan penya va jarimalar hisobdan chiqarilgan holda 3 yil muddatga uzaytirilgani ko‘rsatilgani, qaror bilan fermer xo‘jaliklarining bank oldidagi qarzdorligini to‘lash muddati kechiktirilmagani, har ikkala ijro ishi yuzasidan davlat ijrochilari tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida qonun normalari buzilgani aniqlanmagan», deyiladi xabarda.

S.B.ning onasi G.B.ning ma'lum qilishicha, MIB xodimlari ularning xonadoniga ikki marta kelgan, har ikki holatda ham marhum o‘g‘li uyda bo‘lmagan. Onaning qo‘shimcha qilishicha, MIB xodimlari tomonidan ruhiy yo jismoniy tazyiq o‘tkazilmagan, faqat bir marta — 27 oktabr kuni bir dona gilam olib ketilib, u ham 8 noyabr kuni qaytarib berilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining qayd etishicha, ushbu holatni marhum fermerning otasi, ukasi va turmush o‘rtog‘i ham tasdiqlagan.

«Hozirda tergovga qadar tekshiruv Do‘stlik tuman prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda», — deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Tergovga qadar tekshirish harakatlarining borishi 1 oyga uzaytirilgan.

Mavzuga oid