O‘zbekiston | 22:00 / 25.11.2018
21423
4 daqiqa o‘qiladi

​Adliya vaziri: «Har bir murojaat ortida inson hayoti va uning muammosi turibdi»

O‘zbekistonda boshlangan islohotlar barchaning diqqat markazida bo‘lib turibdi. Qisqa davr ichida amalga oshirilgan va rejaga kiritilgan o‘zgarishlar hayotga tatbiq etilayotgan payt, ular o‘rnatilgan qonunlar doirasida amalga oshirilmoqdami? O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ushbu masala va boshqa tegishli islohotlar bo‘yicha Kun.uz'ga bergan intervyusida batafsil to‘xtalib o‘tgan. 

Video: Tasi-IX

Video: You Tube

«Yillar davomida Adliya vazirligida juda malakali mutaxassislar shakllangan. Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan shiddatli islohotlar davrida hech qaysi vazirlik chetda qolib ketayotgani yo‘q. Adliya vazirligi bo‘lsin, boshqa hokimiyat tuzilmalari yo quyi bo‘g‘indagi tashkilotlar bo‘lsin, ularning faoliyati islohotlar bo‘yicha o‘zgarmoqda», - deydi vazir.

Ruslanbek Davletovga ko‘ra, 2018 yil vazirlik faoliyatida «tarixiy yil» bo‘lib qolmoqda. Adliya tizimiga tegishli 23ta hujjat ishlab chiqilib, qabul qilingan. Shundan 10tasi Prezident tomonidan tasdiqlangan, sohani rivojlantirishga qaratilgan hujjatlardir. 

«Adliya vazirligining 100 yillik faoliyatida hali bo‘lmagan, tuman darajasida Adliya bo‘limlari tashkil etildi va faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ya'ni biz bajarayotgan ishlarni joylarga yetkazish muammo bo‘lib kelgandi, resurs yetishmaydi, faqat 20-25 nafar xodim viloyat boshqarmasida o‘tirib, juda katta ko‘lamli ishlarni bajargan. Quyi tuzilmamiz xalq bilan sayyor uchrashuvlarni tashkil etmoqda, shu paytgacha 25894ta murojaat qabul qildik. Bu faqat qog‘oz emas, bu faqat qandaydir murojaat emas, har bir murojaatning ortida inson turibdi, uning hayoti va muammosi turibdi», - deydi vazir. 

Ma'lum qilinishicha, 25 mingdan ortiq murojaatning 16 mingga yaqini joylarda tashkil etilgan qabullar davomida o‘z yechimini topgan. Adliya tuzilmalari tomonidan 16 mingdan ortiq taqdimnomalar, huquqiy ta'sir choralari ko‘rildi. Adliyaning sudlarga qilgan murojaati natijasida 25 milliard so‘m miqdoridagi da'vo arizalar qanoatlantirildi. 

«Bundan tashqari, bu yilgi o‘zgarishlardan biri - Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Yangi tizim 1 aprelda ishga tushdi va alohida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi», - deya e'tirof etadi Davletov. 

Avvalroq, Davlat xizmatlari markazlari orqali 37 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, hozirda ushbu xizmatlar soni 100taga yetdi. Natijada joriy yilning 9 oyi yakuniga ko‘ra, jami 2 mln 600 mingta (94 996) davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Ushbu xizmatlar 2017 yil mos davriga nisbatan 27 baravarga ortdi.  

Vazirning aytishicha, yil yakuniga qadar markazlar uchun 50ta zamonaviy bino foydalanishga tayyorlanmoqda. Shuningdek, 73ta markaz binosini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish uchun kelishuv imzolangan.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid