O‘zbekiston Afg‘onistonda yana bir temir yo‘l qurmoqchi
2018 yilning 28 noyabr kuni Jyeneva shahrida (Shveytsariya) Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
TIV xabariga ko‘ra, konferensiya Afg‘oniston Islom Respublikasi Hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan tashkil etilgan.
Forumda Afg‘oniston prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani, 70 ga yaqin davlatlar, jumladan Markaziy Osiyo, Hindiston, Eron va Pokiston vakillari ishtirok etdi.
Konferentsiya ishtirokchilari tomonidan Afg‘oniston mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish, mintaqaviy hamkorlik tashabbuslari va mexanizmlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Afg‘onistonda mustahkam va uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikka erishishning mumkin bo‘lgan yo‘llari hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari nutqida Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik va barqarorlik o‘rnatishning eng muhim sharti global va mintaqaviy darajada umumiy konsensus shakllantirishdan iboratligi ta'kidlandi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani tashabbusi bilan joriy yilning mart oyida o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistondagi vaziyatni hal qilish borasidagi sa'y-harakatlarini sezilarli darajada kuchaytirdi.
Bugungi kunda «Tolibon» harakati bilan birga, barcha Afg‘oniston siyosiy kuchlari, jumladan etnik ozchiliklar vakillarini tinchlik jarayoniga qo‘shish zarurligi barcha tomonidan birdek e'tirof etilmoqda.
Vazir ta'kidlaganidek, tomonlarni yarashtirish sa'y-harakati bilan bir qatorda, Afg‘onistonning iqtisodiy kelajagi, ijtimoiy barqarorligi va afg‘on yosh avlodini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash zarur.
Bugungi kunda O‘zbekiston Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishi, uning mintaqaviy aloqalarga qo‘shilishiga har tomonlama ko‘mak bermoqda hamda TAPI, CASA-1000 kabi loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Mamlakat Afg‘oniston uchun o‘ta muhim bo‘lgan transport, energetika, savdo va ta'lim sohalaridagi tashabbuslarni amalga oshirishni maqsad qilgan.
Masalan, Mozori-Sharif-Hirot temir yo‘lini qurish. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi 30 ming afg‘onistonlikni ish bilan ta'minlaydi va Kobulga yiliga 400-500 mln. AQSh dollari miqdorida foyda ko‘rish imkonini beradi.
Mozori-Sharifdan Kobul orqali Peshovargacha bo‘lgan yo‘l qurish rejasi ham mavjud. Ushbu loyihani muhokama qilish maqsadida joriy yilning 3-4 dekabr kunlari Toshkent shahrida Rossiya, Qozog‘iston, Pokiston, Afg‘oniston va O‘zbekiston temir yo‘llari vakillari ishtirokida maxsus ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Ushbu yo‘l Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Yevrosiyo o‘zaro bog‘langanlik konseptsiyasining bir qismiga aylanishi mumkin.
Shuningdek, Surxon–Puli-Xumri elektr uzatish tarmog‘ini qurish. Ushbu loyiha O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni 70%ga oshirib yiliga 6 milliard kVt/s.gacha yetkazadi.
Mazkur tarmoq Kobulni Markaziy Osiyo yagona energiya tizimiga ulaydi. Bundan tashqari Surxon–Puli-Xumri elektr uzatish tarmog‘i CASA-1000 loyihasining ajralmas qismi bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
14:12 / 06.11.2024
O‘zbekiston va YeI afg‘on masalasi bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvni davom ettiradi
22:45 / 02.11.2024