O‘zbekiston | 08:30 / 30.11.2018
9318
5 daqiqa o‘qiladi

Oliy cud sudyasi: "Avvallari sudlarimiz eshigi yopiq edi"

Foto: Pinterest

Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov sudyalar malakasini oshirish va qayta tayyorlash maktabi, tizim oldidagi masalalar haqida Kun.uz'ga munosabatini bildirdi. ​

«Hammaga ma'lum sudya bo‘lish uchun yuristlar malakasini oshirish markazida 3 oy o‘qishi lozim. Keyin sudyalikka tayinlanadi. Endi sudyalar tayyorlovchi va malakasini oshiruvchi maxsus maktab tashkil etiladi. Uni nima deb nomlanishi hozircha noma'lum. Bu bo‘yicha takliflarni tayyorlayapmiz. Rivojlangan davlatlar tajribasi ham bunday dargohni talab qiladi. Koreyada tashkil etilgan bunday maktabda sudya bo‘laman degan yuristlar 3 yil tahsil oladi. Shu davr ichida bitta chet tilini o‘rganib chiqish majburiy.

Sudyalarni tanlash, tayinlash masalasi bundan keyin ham muhimligicha qoladi. Tashkiliy ishlar Sudyalar komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilib, Sudyalar oliy kengashi tuzildi. Endi bu organ konstitutsion organ maqomini oldi.

Islohotlar inson huquqlari doirasida amalga oshirilmoqda. Oddiy bir o‘zgarish natijasini qarang. Avvallari tergovga qaytarish instituti bor edi. Sudga jinoyat ishi keladi. Kamchiligi bormi, aybi tasdiqlanmadimi? Tergovga qaytarib yuborar edi. Bunga barham berilgandan keyin, 9 oy ichida 590 kishi sudda oqlandi.

Bunday islohotlardan biri bevosita qamoq jazosi bilan bog‘liq. Avvalari, bu jazo yengil turdagi jinoyatlarga tayinlanar edi. Masalan, alimentga buni tayinlanishi mantiqsizlik edi. Buni tayinlab nima o‘zgarardi, aksincha muddat o‘tib aliment miqdori yana ham oshgan. Hozir buni bekor qilganmiz.

Muqaddam dastlabki tergovni muddati eng ko‘pi 1 yil bo‘lgan bo‘lsa, endi 7 oyga qisqartirildi.

Ehtiyot choralari sifatida qamoqqa olish haqida iltimosnoma berilardi. Ilgari buni qanoatlantirish yoki rad etilish masalasi ko‘rilar edi. Yangi qoida bo‘yicha sudga iltimosnomani ko‘rib chiqib boshqa choralarni qo‘llash huquqi berildi.

Oliy sud tomonidan nazorat tartibida ko‘rib chiqilishiga asos sifatida faqat Bosh prokuror o‘rinbosarlari, Oliy sud Raisi va o‘rinbosarlari protestlari keltirilardi. Hozirda Oliy sud sudyasi kelgan shikoyatni kim tomonidan berilganidan qat'iy nazar, ko‘rib chiqadi va xato aniqlasa o‘zining ajrimi bilan nazorat tartibida ko‘rib chiqaveradi. Oldin prokuror protesti ishni ko‘rishga asos bo‘lardi, advokatning shikoyatiga esa rad javobi berib qaytarib yuborilar edi. Nazorat tartibida ko‘rilayotgan ishlarning o‘rtacha 70% ga yaqiniga nuqta qo‘yilyapti. Shunday vaqtda ishlaganmiz 100 ta ishdan 5-10 tasiga nuqta qo‘yilsa qo‘yilgan. Qolganlarini qayta ko‘rishga jo‘natilardi.

Koreyalik hamkasblarimiz elektron sudlarni joriy qilishdi. Sabab sifatida fuqarolar sudga kelib ovora bo‘lmasligi ko‘rsatilgan. Endi bizda ham bu institutni joriy qilish rejalashtirilmoqda. Fuqarolarimiz sudga kelib ovora bo‘lishmasin. Ular o‘z kasblari bilan shug‘ullansin. Sudni internet orqali olib borishni yo‘lga qo‘yamiz. Shuningdek, sud jarayonini har qanday odam internet orqali ko‘rish imkoniyatini yaratishni ko‘zlaganmiz.

Sudlar faoliyatidagi shaffoflik masalasiga kelsak. Oldin sudlarimiz eshigi yopiq edi. Jurnalistlar bilan gaplashgani qo‘rqar edik. Bugun ochiq. Hattoki, o‘zimiz iltimos qilyapmiz. Shu ishni yoritaylik - huquqbuzarlik kamaysin, deyapmiz.

Kamchiliklar qatorida vasiylik va homiylik organlari faoliyatida sezilarli muammolar bor. Oddiy misol, mehribonlik uyidagilarning ota-onalari farzandini topshirib yuborgan, lekin otalik yoki onalik huquqidan voz kechmagan. Shu sababli, qator muammolar kuzatilmoqda, ya'ni boshqa farzand asrab olishni xohlovchilar bu bolani olisha olmayapti. Bola ham rozi ular bilan ketishga, lekin qonunchilik yo‘l qo‘ymaydi. Biologik ota-onalar huquqidan voz kechmagan. Bundan tashqari, tilanchilik qilayotgan bolalarni ko‘p ko‘ramiz, ularning nega bu ish bilan shug‘ulanayotganini hech kim so‘ramaydi. Vasiylik va homiylik qilish organi borib buni surishtirishi kerak.

Fuqarolik tumanlararo sudlarini ham o‘zgartirishni reja qilganmiz. Har bir tumanda tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Sud uchun boshqa tumanga borsa, nizo bilan yurgan odamga bu ham og‘irlik qiladi», - deydi u.​​

Mavzuga oid