Jahon | 23:56 / 02.12.2018
72969
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident ko‘z yoshlari va G20 sammitida kuzatilgan boshqa qiziq holatlar 

Buenos-Ayresdagi “Katta yigirmatalik” sammiti o‘z nihoyasiga yetdi. Xalqaro uchrashuv yirik davlatlar yetakchilari ishtirokidagi qiziq voqealar bilan ancha vaqt esda qolsa, ajabmas.

Quyida sammitda yuz bergan bunday voqealar keltirilgan.

Qiziq voqealar G20 davlatlari yetakchilari kutib olingan aeroportdayoq boshlangan. Xitoy delegatsiyasi kutib olinishi vaqtida Si Tszinpinga atalgan “Xush kelibsiz” so‘zlari delegatsiyaning boshqa a'zosiga aytilgan. Germaniya kansleri Angela Merkelga samolyoti buzilib, Buenos-Ayresga oddiy reysda borgani sabab bunday qabul umuman nasib qilmagan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va uning rafiqasi Buenos-Ayresga vaqtida yetib kelishgan bo‘lsa-da, ularni trap oldida Argentina rasmiy shaxslaridan hech kim kutib olmagan. Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, bunday diplomatik xijolatbozlikka Makronning vakillari sababchi bo‘lishgan. Ular Argentina vakillariga trap oldiga borishga signalni kechikib berishgan.

Umuman Makronning sammitdagi ishtiroki noqulay vaziyatlarga ancha boy bo‘ldi. Uning Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan kuluarlardagi suhbati videoga tushib qolgan va turli munozaralarga sabab bo‘lgan. 

“Bezovtalanma”, deb Makronni yupatishga harakat qilgan valiahd shahzoda suhbat davomida. “Men bezovtalanmayapman. Men tashvishlanmoqdaman... Men senga aytuvdim-ku”, deb aytgan Makron shahzodaga va “Sen meni hech qachon eshitmaysan”, deb ta'na ham qilib qo‘ygan. “Yo‘q, men seni albatta eshityapman”, deb javob qilgan shahzoda.

Makron ma'muriyatida ushbu holat yuzasidan internetda paydo bo‘lgan turli kinoyalarga chek qo‘yish maqsadida Makron valiahd shahzoda bilan suhbatda jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi va Yamandagi vaziyatdan tashvish bildirgani ma'lum qilingan.

Shuningdek, jurnalistlar Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Donald Tramp suratga tushish marosimida bir-birlari bilan so‘rashishmaganiga e'tibor qaratishgan. Suratga tushish vaqtida esa ularning ikkisi maxsus podiumning turli tomonlarida turishgan. 

Foto: Reuters

Suratga tushishdan keyin Putin muzokaralar zaliga yo‘l olib, o‘z o‘rnini egallagan. Tramp esa undan bir necha metr nariroqdagi o‘rindiqqa joylashgan. Ular bu yerda ham bir-birlarini e'tiborsiz qoldirishgan.

Biroq Putin Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasini ancha qizg‘in qarshilagan. Ular bir-birlarini ko‘rib, eski qadrdonlardek keng tabassum bilan bir-birlariga “besh tashlashgan”.

Tramp va Argentina prezidenti Maurisio Makri ishtirokida yana bir antiqa holat yuz bergan. Trampga Makri nutqi vaqtidagi tarjima yoqmay, u sinxron tarjima qabul qilgichini yerga tashlagan va “Men tarjimadan ko‘ra, siz o‘z tilingizda nima deyayotganingizni yaxshiroq tushundim”, deb piching qilib qo‘ygan.

Shuningdek, sammit mehmonlari uchun atalgan “Kolon” teatridagi tantanali kecha ham his-hayajonsiz kechmadi. Teatrda Argentinaning turfaligi haqida so‘zlovchi 40 daqiqalik sahna asari ko‘rsatilgan. Shunda Argentina prezidenti final akkorddan keyin o‘zini tutolmay, ko‘zlariga yosh kelgan. Keyinroq u tvitterda bu Argentina va uning xalqi uchun faxr tuyg‘usi bo‘lganini ta'kidlab o‘tgan.

Mavzuga oid