Sport | 19:10 / 03.12.2018
5489
3 daqiqa o‘qiladi

UYeFA videotakrorlarni qachondan YeChLga tatbiq qilishi oydinlashdi

YeChLning ushbu mavsumi pley-off bosqichidan boshlab hakamlarga videoko‘mak tizimi – VAR qo‘llana boshlaydi. Bugun UYeFA Ijroqo‘mi majlisi ushbu taklifni ma'qulladi, deb xabar bermoqda Football Espana.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi boshida Chempionlar ligasining 4-turidagi «Manchester Siti» - «Shaxtyor» uchrashuvida bosh hakam Viktor Kashshai qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygan edi. Birinchi bo‘limda mezbonlar hujumchisi Rahim Sterling raqib jarima maydoniga kirib borib, gazonni tepib yuborishi natijasida muvozanatni yo‘qotib yiqilib tushgan, referi holatni qoidabuzarlik deb baholab, penalti belgilagan edi. Uchrashuv yakunda donetskliklarning yirik mag‘lubiyati bilan (0:6) yakun topgan.

YeChLda mavsumdagi eng adolatsiz penalti belgilandi

Ma'lumot uchun, VAR (Video Assistant Referee) texnologiyasi ilk marta 2016 yilda Shimoliy Amerika chempionati MLS`da sinov tariqasida qo‘llangan bo‘lib, o‘sha yili Fransiya – Italiya o‘rtoqlik uchrashuvida, shuningdek, yil oxirida Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida test qilib ko‘rilgan. 2017 yilda tizimdan Konfederatsiyalar kubogida ham foydalanildi; dastlab Avstraliya, so‘ng Germaniya, Italiya, Portugaliya, Ispaniya va Turkiya chempionatlariga tatbiq etildi. Shu tariqa, sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan VAR 2018 yil 3 martida futbol qoidalariga kiritildi va Rossiyada o‘tgan Jahon chempionatiga to‘la joriy etildi.

Tizim to‘rtta vaziyatda – gol, penalti va to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochkaga tortadigan holatni tekshirish, shuningdek, sariq yoki qizil kartochka anglashilmovchilik bois boshqa futbolchiga ko‘rsatilganida – hakamlarga to‘g‘ri qaror chiqarishda yordam beradi.

Bundan avval ushbu zamonaviy texnologiya keyingi mavsumdan boshlab Angliya va Rossiya chempionatlarida, shuningdek, 2019 yil boshida BAAda bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogida ham tatbiq etilishi xabar qilingan edi. Shuningdek, O‘zbekiston futbolida ham VAR`dan foydalanish boshlanishi mumkinligi aytilmoqda.

Mavzuga oid