Jamiyat | 19:33 / 04.12.2018
50139
8 daqiqa o‘qiladi

O‘quvchi va talabalardan majburiy pul undirish holatlariga qachon to‘liq barham beriladi?

Sentyabr oyida yangi o‘quv yili kirib kelishi bilan ota-onalardan o‘ziga xos «pul undirish» mavsumi boshlanadi.

Farzandi maktab, litsey, kollej, institut, universitetda ta'lim olgan, olayotgan ota-onalar uchun ta'mirlash, tozalash, bezash, sog‘lomlashtirish, temir-tersak va qog‘oz yig‘ish orqali og‘ir va yengil sanoatni rivojlantirish va shunga o‘xshash tadbirlarni ixtiyoriy-majburiy ravishda «moliyalashtirish» holatlari juda yaxshi tanish.

Bosh qomusimiz konstitutsiyada ta'lim bepul ekani haqidagi tamoyil muhrlangan bo‘lsa-da, nomi tilga olingan tadbirlarga ham pul berib kelganmiz. Bu pullarning ko‘zlangan joyga yetib borishi, to‘g‘ri sarflanishi, pul yig‘ish jarayonining shaffofligi, korrupsiyadan qanchalik xoli ekani alohida mavzu. Ammo majburiy ravishda pul yig‘ish qonunga to‘g‘ri keladimi, asoslimi, shu haqda mulohaza yuritib ko‘rdikmi?

So‘nggi yillarda maktabgacha ta'lim muassasalari, maktablarda turli sabablar bilan, xususan ta'mirlashga pul yig‘ish, o‘quvchilarni temir-tersak, makulatura yig‘ishga jalb qilishni taqiqlashga oid chora-tadbirlar ko‘rildi. Ular haqida mana bu joylarda o‘qib olishingiz mumkin.

Ammo, ba'zi tadbirlarga pul bermagan o‘quvchilarga bosim va tazyiq o‘tkazish, ba'zan kuch ishlatish holatlariga hanuzgacha barham berilmagan. Bu haqda mana bu joyda o‘qish mumkin. Shunday tadbirlardan biri - sport jamiyatlari uchun pul undirishdir.

Xo‘sh, bu o‘zi qanaqa jamiyat va nima uchun unga pul berishimiz kerak? Ushbu maqolada bu savolga javob berishga harakat qilamiz.

Haqiqatdan ham yurtimizda maktab o‘quvchilari, litsey, kollej, oliy ta'lim dargohlarining talabalari sport bilan shug‘ullanishini ta'minlovchi ikkita jamiyat bor.

Birinchisi - «Yoshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyati. U maktab o‘quvchilari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni keng targ‘ib qilish, bolalarning muntazam ravishda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, «Quvnoq startlar» va «Yozgi ta'til» sport musobaqalarini, «Umid nihollari» sport musobaqalarini o‘tkazish orqali o‘quvchilarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va targ‘ib qilish uchun tashkil qilingan.

Jamiyatning pul mablag‘lari a'zolik badallari, byudjyet mablag‘lari; yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlari, xorijiy va xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning grantlari asosida shakllantiriladi. A'zolik badali o‘quvchilar uchun 3 686 so‘m, o‘qituvchilar uchun 7 372 so‘m qilib belgilangan.

Ikkinchisi - O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi. Bu tashkilot Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tasarrufidagi ta'lim muassasalari talabalari, o‘quvchilari, professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodim-izlanuvchilari va ishchi-xizmatchilarini ommaviy jismoniy va sport-sog‘lomlashtirish tadbirlariga jalb qilish, «Yozgi ta'til», «Universiada» va «Barkamol avlod» sport musobaqalarini o‘tkazish uchun tashkil qilingan.

Assotsiatsiyaning pul mablag‘lari a'zolik badallari, byudjyet mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablag‘lari, xorijiy davlatlarning grantlari asosida shakllantiriladi. A'zolik badali (yillik) miqdori talabalar uchun eng kam ish haqining 7 foizi (bugungi kunda 14 191 so‘m), pedagoglar, ishchi-xodimlar va xizmatchilar uchun 10 foizi (20 273 so‘m) miqdorida belgilangan.

Ushbu jamiyat va assotsiatsiyaning nizomini o‘rganib chiqqanimizda, ularga a'zo bo‘lish o‘quvchi, talaba, pedagoglar uchun majburiy emasligini, balki xayrixohlik asosida, ixtiyoriy ekanini aniqladik.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga ega, ammo majbur emas. Huquq va majburiyat bir-biridan farq qiladigan tushuncha.

Demak, hech kim fuqarolarni kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga, ular qanchalik ezgu maqsadlarda tashkil qilingan bo‘lmasin, a'zo bo‘lishga majburlashga haqqi yo‘q. Xususan, sport jamiyatlariga ham.

Albatta, sport jamiyatlariga a'zo bo‘lish va ular tomonidan tashkil qilinadigan sport musobaqalarida qatnashishning yoshlar va pedagog xodimlarning salomatligiga foyda ekaniga shubha qilmaymiz. Ammo unga a'zo bo‘lmagan shaxslarning erkinligi va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas.

Bu pedagog xodimlarga nisbatan turli xil tazyiq, talabalarga nisbatan bosim ko‘rinishida, o‘quvchilarni sinf oldida uyaltirish, kamsitish, izza qilish holatlari ko‘rinishida bo‘ladimi, farqi yo‘q. Bu vositalar aynan majburlash deb qaralishi, bu ishlarni qilgan odamlar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari g‘ayriqonuniy deb baholanishi shart.

Maktab o‘quvchilari, litsey, kollej, oliy ta'lim dargohi talabalarini, pedagog xodimlarini yoppasiga sport jamiyatlariga a'zo qilishga majburlash hech bir qonunda talab qilinmagan. Xususan, ulardan bu jamiyatlarning faoliyati uchun majburiy ravishda pul yig‘ish ham.

O‘zi atigi 14 ming so‘m bo‘lsa, 20 ming so‘m bo‘lsa, bu pulni kafega kirib bir marta ovqatlansangiz sarflab yuborasiz deb hisoblasangiz, bemalol a'zolik badalini to‘lab, sport jamiyatlari faoliyatida ishtirok etishingiz mumkin. Ammo sizning fikringizga qo‘shilmaydiganlar ham bor, ular ham xuddi sizga o‘xshab, o‘z peshona teri bilan topgan mablag‘larini qayerga sarflashi bo‘yicha erk va huquqqa ega.

O‘quvchi yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni keng targ‘ib qilishga hech kim qarshi emas. Agar pul bermasak ham, daromadimizning ma'lum bir qismi bu jamiyatlarga o‘tmoqda. Bu jamiyatlarning mablag‘lari qisman davlat byudjyeti orqali moliyalashtiriladi. Davlat byudjyeti esa fuqarolarning daromadidan olinadigan soliqlar hisobiga shakllanadi. Soliqlar esa to‘lanishi shart va majburiydir.

Demak, biz istaymizmi, istamaymizmi bu sport jamiyatlarining faoliyatini moliyalashtirishda qonuniy dastaklar bilan ishtirok etmoqdamiz.

Yana bir muhim jihati – sport jamiyatlarini voyaga yetmagan yoshlar orasida targ‘ib qilinishiga yo‘l qo‘yiladi, ammo a'zolik badalini yig‘ishni faqat ota-onalar orasida, umumiy majlislarda muhokama qilish lozim deb hisoblayman. Pul daromad olayotgan shaxsdan, egasidan so‘ralsin, uning farzandidan emas.

Sport bilan shug‘ullaning, sog‘lom turmush tarzini kechiring, sizga shu kerak bo‘lsa, jamiyatlarga a'zo bo‘ling, a'zolik badallarini to‘lang, sport musobaqalarida ishtirok eting, keng imkoniyatlardan foydalanib qoling. Ammo bularning hammasi xayrixohlik asosida, ixtiyoriy ekanini esdan chiqarmang. Majburan a'zo bo‘ldirish va majburan pul undirib olish – g‘ayriqonuniydir.

Nurmuhammad Said

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid