Sog‘liqni saqlash tizimida yangi tayinlov amalga oshirildi
Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida yangi lavozim tayinlovi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda Kun.uz’ga Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.
Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori lavozimiga Azamat Farhodovich Yusupov tayinlandi.
Unga, avvalo, aholiga sifatli va xalqaro talablar asosida ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish, diabetik retinopatiya, tug‘ma katarakta kabi qator kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha strategiya ishlab chiqish, bolalar oftalmologiyasini rivojlantirish, shu jumladan, ularda sun'iy gavhar implantatsiyasini keng yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ko‘z kasalliklarini erta aniqlash, diagnostikasi va davolash standartlarini yangilash, ixtisoslik bo‘yicha kasalliklarga tashxis qo‘yish hamda oldini olishda samarali yondashuvlardan unumli foydalanish kabi vazifalar yuklandi.
Bundan tashqari, oftalmologiya sohasida yetakchi xorijiy tibbiyot muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, muvaffaqiyatli tajribalar va aniq innovatsion modellarni tatbiq etish, yosh malakali kadrlarni tayyorlashga alohida e'tibor qaratish, hududlardagi ixtisoslashtirilgan muassasalarda zarur profilaktik ishlarni o‘tkazishda ko‘maklashish hamda mahorat darslarini muntazam o‘tkazib borish singari vazifalarga ham mas'ul etib belgilandi.
49 yoshli tibbiyot fanlari doktori A.Yusupov Buyuk Britaniya va Amerika Qo‘shma Shtatlarining nufuzli universitetlari klinikalarida o‘qib, malaka oshirgan. Ingliz va turk tillarini mukammal biladi.
A.Yusupov ayni paytga qadar “Sihat ko’z” MChJ xususiy klinikasida bosh shifokor lavozimida ishlab kelayotgan edi.