Saxovat auksioni: Yaponiya hukumati nima uchun 8 millionta uyni arzon-garov tarqatishga qaror qildi?
Uylar tarqatilishining sababi
2018 yil noyabrda Yaponiya hukumati mamlakatdagi tashlandiq uylarni qisqartirish dasturini amalga oshirishni boshladi. Buning uchun hukumat bu uylarni arzon narxda sotuvga qo‘yishga yoki bepul berishga qaror qildi.
2013 yilgi hisobotdagi ma'lumotlarga ko‘ra, Yaponiyada 8 millionga yaqin tashlandiq uylar (akiya) mavjud va ularning soni o‘sib bormoqda. Bu uylarning ko‘payishiga sabab tabiiy ofatlar, aholining qarib borayotgani va irimlardir.
Bundan tashqari, yosh yaponlar egasi keksayib vafot etgan, o‘zini o‘ldirgan yoki qotillik sodir bo‘lgan uylarda yashashni istashmaydi – bu yomon alomat hisoblanadi. Mamlakatda hattoki, “o‘tmishi toza” uylar haqida ma'lumot beruvchi maxsus sayt ham faoliyat ko‘rsatadi.
Nomura tadqiqot institutining taxminiga ko‘ra, 2033 yilga kelib, tashlandiq uylar soni 21,7 milliontaga yetadi: bu Yaponiyadagi barcha uylarning 30% idir. Tadqiqotchilar agarda bu holat davom etadigan bo‘lsa, hukumat yangi uylar qurilishini cheklashiga to‘g‘ri keladi deb hisoblashmoqda.
“Tekin” uyga da'vogarlar nimalarni bilishlari kerak?
Tashlandiq uylarning hammasi ham bepul berilmaydi, ammo o‘ta arzon narxda sotiladi. Jarayonni soddalashtirish uchun maxsus saytlar — akiyya-banklarda tashlandiq uylar ro‘yxati berilgan.
RethinkTokyo nashri uyning ko‘rinishi yoqqan bo‘lsa ham uni darhol sotib olmaslikni maslahat beradi. Uyni baholash uchun ekspert chaqirgan ma'qul, aks holda sotib olingan uydagi muammoni faqatgina buzib tashlash orqali hal qilish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, uy yashashga yaroqsiz bo‘lsa ham uning uchun soliq to‘lashga to‘g‘ri keladi.
Uylardagi asosiy muammolar termitlar, suv oqishi yoki ventilyatsiyadagi nosozliklar bilan bog‘liq.
Uyda katta muammolar bo‘lmagan taqdirda ham uni qisman yoki to‘liq ta'mirlashga to‘g‘ri keladi. Yangi uy egasiga uch kvadrat metr joyni ta'mirlash 7100 dollar atrofida tushishi mumkin.
Ayrim hollarda hukumat uyni tiklashni istaganlarga subsidiya ajratishi mumkin, ammo bu uyning qayerda joylashganiga bog‘liq.
Akiyyani sotib olish o‘rniga, uni 25-30 yil davomida sotib olish huquqi bilan uzoq muddatga ijaraga ham olish mumkin. Bu oyiga 440 dollarga tushadi.
Avvalgi egasi bankrotga uchraganidan so‘ng hukumat yoki bank olib qo‘ygan uylarni sotib olish tavsiya etilmaydi. Bunday uylar jinoiy guruhlar faoliyatiga aloqador bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Uy sotib oluvchiga alohida talablar qo‘yilmaydi: uyni mahalliy aholi ham, chet elliklar ham sotib olishi mumkin. Ammo uy sotib olgan xorijliklarga fuqarolik berilmaydi, Yaponiyada vaqtincha yashash uchun esa ishga yoki o‘qishga kirish, mamlakat fuqarosi bilan turmush qurish yoki qochoq maqomi talab qilinadi.
Uyni qanday topish va olish mumkin?
Hozircha Yaponiyadagi barcha akiyyalar haqida ma'lumot beruvchi yagona sayt mavjud emas: ko‘plab shaharlar o‘z saytlarini ishga tushirgan. Saytlar orqali bunday uylarni topish uchun yapon tilini bilishga to‘g‘ri keladi.
Uyga ega bo‘lishning eng yaxshi yo‘li esa shahar ma'muriyatiga murojaat qilishdir: aksariyat uylar haqidagi ma'lumotlar internetga joylashtirilmagan va ular haqida faqat ma'muriyatdan ma'lumot olish mumkin.
Mavzuga oid
19:55 / 11.11.2024
Yaponiyada Ishiba hukumatining yangi tarkibi tasdiqlandi
17:59 / 11.11.2024
Yaponiyaning asosiy meteorologik sun’iy yo‘ldoshi ishdan chiqdi
23:27 / 10.11.2024
Yaponiya Harbiy-dengiz kuchlariga tegishli kemada yong‘in chiqdi
20:03 / 08.11.2024