O‘zbekiston | 19:13 / 15.12.2018
39936
2 daqiqa o‘qiladi

Haydovchining mast holda ekanini aniqlash uchun tekshiruvga nimalar asos bo‘lishi belgilandi

Transport vositalari haydovchilarining mast holatda ekanligini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 2018 yil 14 dekabr kuni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik telegram-kanali xabar bermoqda.

Nizomga muvofiq, haydovchilarning alkogolli ichimliklar ta'siridan mast holatda ekanligini aniqlash ichki ishlar organining Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX) xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

Haydovchilarning mast holatda ekanligini aniqlash bo‘yicha tekshiruv alkotester (havoga chiqarilgan etanol bug‘larini aniqlovchi va tekshiruv natijalarini qog‘ozda aks ettiruvchi maxsus texnik vosita) yordamida amalga oshiriladi.

Quyidagilar haydovchilarning alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari ta'siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda ekanligini aniqlash uchun tekshiruv o‘tkazishga asos bo‘ladi:

haydovchining og‘iz bo‘shlig‘idan alkogol hidi kelishi;
haydovchi bir holatda to‘g‘ri tura olmasligi (chayqalib turishi);
haydovchi nutqining buzilganligi;
haydovchi qo‘l barmoqlarining qaltirashi;
haydovchi yuz terisi rangining sezilarli o‘zgarganligi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq YPX xodimi ta'qib qilish yoki kuzatish vaqtida nimalarga amal qilishi lozimligi belgilangandi.

Mavzuga oid