O‘zbekiston | 19:22 / 15.12.2018
9253
10 daqiqa o‘qiladi

Trenerlik faoliyati uchun ruxsat berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlanadi

Foto: ImgCop

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma'muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Ma'muriy reglamentga ko‘ra, uning talablari O‘zbekiston Respublikasi hududida trenerlik faoliyatini amalga oshirishni xohlovchi jismoniy shaxslar, shuningdek jismoniy tarbiya va sportni ommalashtiruvchi yoki ushbu sohada aholiga xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.

Reglament sport yo‘nalishidagi ta'lim muassasalardan tashqari, umumiy o‘rta ta'lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari hamda oliy ta'lim muassasalarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari va kafedra mudirlariga tatbiq etilmaydi.

Davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Sertifikatlashtirish va kompyuterlashtirish markazi tomonidan attestatsiya o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Attestatsiya markaz tomonidan ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlarda o‘tkaziladi. Attestatsiyaning ikkinchi bosqichiga respublika hududida faoliyat yuritayotgan sport turlari bo‘yicha federatsiyalar (uyushmalar) jalb etiladi.

Davlat xizmatlari markazlari va markaz o‘rtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni majburiy tartibda qo‘llash orqali faqat idoralararo o‘zaro elektron bog‘lanish yordamida amalga oshiriladi.

Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun YaIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi.

Ariza beruvchining o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa muvofiq shakldagi so‘rovnomani elektron ravishda to‘ldiradi.

So‘rovnomaga quyidagilar ilova qilinadi:

a) ariza beruvchining sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiyot (psixiatriya, narkologiya va fiziologiya) muassasalarining ma'lumotnomalari;
b) futbol bo‘yicha trenerlik faoliyatini amalga oshirish istagini bildirgan ariza beruvchilar uchun: Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan berilgan sertifikat (diplom) nusxasi va O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi tomonidan berilgan trenerlik litsenziyasi yoki O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi tomonidan berilgan “S” toifali litsenziya hamda O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasining nomzodni attestatsiyaning birinchi bosqichiga yuborish to‘g‘risidagi taqdimnomasi;
v) ariza beruvchining jismoniy tarbiya va sport sohasida malaka oshirish kurslarida o‘qiganlik to‘g‘risidagi sertifikat (mavjud bo‘lsa);
g) ariza beruvchining oliy yoki o‘rta maxsus, kasbiy jismoniy tarbiya ma'lumoti to‘g‘risidagi diplom (mavjud bo‘lsa) nusxasi;
d) ariza beruvchining 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati (elektron ko‘rinishda).

Ariza beruvchi sportning ikkinchi va undan ko‘proq turi bo‘yicha ruxsatnoma olish uchun murojaat qilgan taqdirda, ariza beruvchi tomonidan bu haqida so‘rovnomada ko‘rsatiladi (amal qiluvchi ruxsatnoma berilgan kundan boshlab 6 oy mobaynida).

Ariza beruvchi sport turi bo‘yicha trener-instruktor sifatida faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsatnomaga ega bo‘lgan shaxslar sportning aynan shu turi bo‘yicha trener yoki trener-o‘qituvchi sifatida faoliyatni amalga oshirish uchun bu haqida so‘rovnomada ko‘rsatadi (amal qiluvchi ruxsatnoma berilgan kundan boshlab 8 oy mobaynida).

So‘rovnoma to‘ldirilgandan so‘ng Davlat xizmatlari markazi xodimi so‘rovnomani chop etadi va ariza beruvchiga beradi. Ariza beruvchi ma'lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib, so‘rovnomani o‘z imzosi bilan tasdiqlaydi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun quyidagi yig‘imlar undiriladi:
arizani qabul qilish va ko‘rib chiqish uchun - to‘lov kunidagi eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida;

attestatsiyadan o‘tkazish uchun:
to‘lov kunidagi eng kam oylik ish haqining 1 (bir) baravari miqdorida;
mazkur reglamentning 9, 10-bandlarida ko‘zda tutilgan hollarda to‘lov kunidagi eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida.

Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlash axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali amalga oshiriladi.

Yig‘imlar quyidagicha taqsimlanadi:

arizani qabul qilish va ko‘rib chiqish uchun to‘langan yig‘imning:
20 foizi miqdori – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi byudjyetdan tashqari jamg‘armasining shaxsiy hisob raqamiga o‘tkaziladi;
10 foizi miqdori – O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining maxsus hisob raqamiga;
qolgan mablag‘lar to‘liq miqdorda markazning hisob raqamiga o‘tkaziladi;
attestatsiyadan o‘tkazish uchun mablag‘lar to‘liq miqdorda markazning hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Ariza beruvchi tomonidan so‘rovnomada noto‘g‘ri ma'lumotlar ko‘rsatilishi, shuningdek, davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun yig‘imni to‘lamaslik davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.

Ariza beruvchilar davlat xizmatlaridan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda uning so‘rovnomasi ko‘rmasdan qoldiriladi. Bunda to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.

Ariza beruvchi ma'lumotlarni tekshirib, so‘rovnomani o‘z imzosi bilan tasdiqlagandan so‘ng Davlat xizmatlari markazi xodimi so‘rovnomani o‘z elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlab, 10 daqiqa mobaynida markazga elektron shaklda yuboradi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda
esa so‘rovnoma avtomatik tarzda markazga yuboriladi.

Markaz so‘rovnoma tushgan kundan boshlab:

so‘rovnoma va ilova qilingan hujjatlarni 1 (bir) ish kunida ko‘rib chiqadi hamda 10 (o‘n) ish kunida attestatsiyaning birinchi bosqichi o‘tadigan sana va joy to‘g‘risida yoki attestatsiyadan o‘tkazishning rad etilishi haqida qaror qabul qiladi va bu haqda ariza beruvchini Davlat xizmatlari markazlari (o‘zi kelgan holda murojaat qilinganda) yoki (elektron tarzda murojaat qilinganda) YaIDXP orqali xabardor qiladi;
attestatsiyaning birinchi bosqichini 20 ish kuni mobaynida o‘tkazadi;
attestatsiyaning birinchi bosqichidan ijobiy o‘tgan ariza beruvchilarning hujjatlarini 3 ish kunida tegishli sport turlari bo‘yicha respublika (mintaqa) tashkilotlariga (federatsiyalar, uyushmalar
va boshqalarga) yuboradi va bu haqda ariza beruvchini Davlat xizmatlari markazlari (o‘zi kelgan holda murojaat qilinganda) yoki (elektron tarzda murojaat qilinganda) YaIDXP orqali xabardor qiladi.

Sport turlari bo‘yicha respublika (mintaqa) tashkilotlari 15 ish kunidan oshmaydigan muddatda attestatsiyaning birinchi bosqichidan o‘tgan ariza beruvchilarni belgilangan sport turlaridan nazariy va amaliy bilimlari bo‘yicha attetatsiyaning ikkinchi bosqichini o‘tkazadi va sinov yakunlari bo‘yicha xulosani vakolatli organga yuboradi.

Markaz 5 ish kunida attestatsiyaning birinchi va ikkinchi bosqichlari yakunlari bo‘yicha taklifni ko‘rib chiqadi va trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish yuzasidan QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan ruxsatnoma berish yoki ruxsatnoma berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun Komissiyaga kiritadi va Komissiya qarorini tayyorlaydi.

Trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsatnoma berishni rad etilishi uchun asos:

attestatsiyaning birinchi va ikkinchi bosqichlaridan o‘ta olmagan taqdirda;
ilgari ijtimoiy xavfli, og‘ir va alohida og‘ir jinoyatlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga qarshi qaratilgan jinoyatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda.

Ruxsatnoma berilishini boshqa asoslarga ko‘ra rad etish qat'iyan taqiqlanadi.

Komissiya qarori tasdiqlangandan so‘ng markaz 3 ish kunida ruxsatnomani yoki asoslantirilgan rad javobini rasmiylashtirgan kuni ularni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaydi va Davlat xizmatlari markaziga (o‘zi kelgan holda murojaat qilinganda) yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat qilinganda) YaIDXP orqali elektron tarzda yuboradi.

Davlat xizmatlari markazi ruxsatnoma kelib tushgandan so‘ng 10 daqiqa mobaynida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markazi ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat qilgan taqdirda, ariza beruvchining so‘roviga ko‘ra, unga ma'lumotnomani elektron shaklda yoki qog‘oz shaklda muhrini bosib, mas'ul xodimning imzosini qo‘yib berishi shart.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid