Aka-uka vorislar nizosi ijobiy hal bo‘ldi
Baxtbergan va Annagul Arolovlar (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘zaro turmushlaridan besh nafar o‘g‘il farzand ko‘rib, voyaga yetkazishdi. Ular o‘g‘illarning barchasini uylantirib, alohida uy-joy qilib berishdi, o‘zlari esa, 4 xonali uyda kenja o‘g‘il va kelin bilan qolishdi.
Albatta, bu dunyoda hech kimni bog‘lab qo‘ymagan, umrning ham nihoyasi bor. Yuqorida tilga olingan oilada dastlab ona vafot etdi. Besh nafar o‘g‘il onaning 4 xonali uyning yarmidan iborat merosidagi o‘z ulushlaridan otalari foydasiga voz kechishdi.
Ammo o‘g‘illar o‘rtasidagi bu ahil-inoqlik uzoqqa cho‘zilmadi, ota vafotidan so‘ng ular o‘rtasida meros masalasida nizo kelib chiqdi. Aniqroq aytganda, oilaning to‘ng‘ich farzandi bo‘lmish aka ukasidan merosdan o‘zining ulushini ajratib berishni talab qila boshladi.
O‘z navbatida, uka otasi uy-joyni vasiyatnoma orqali o‘ziga qoldirganini vaj qilib, uning talabini rad etdi.
Shundan so‘ng aka-uka o‘rtasidagi nizo sudgacha borib yetdi. Oliy sudda aka-uka o‘rtasidagi merosga oid nizoni ko‘rish jarayonida ukaga amaldagi Fuqarolik kodeksining 1142-moddasi talabi batafsil tushuntirildi. Ya'ni aka 2-guruh nogironi, meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz farzandi sifatida meros mulki bo‘lgan uyning otaga tegishli qismi - teng yarmidan vasiyatnomaning mazmunidan qat'i nazar, qonun bo‘yicha voris bo‘lganligi bois, ularning har biriga tegishi lozim bo‘lgan ulushning kamida yarmini majburiy ulush sifatida olish huquqiga ega ekanligi, hamda aka-uka mulk talashib, o‘rtadagi qarindoshlik rishtalarini uzishlari insoniylikka xos emasligi tushuntirilgach, uzoq cho‘zilib kelayotgan nizo kelishuv orqali hal etildi.
Ya'ni uka akasining merosdan majburiy ulush olish huquqini tan oldi va bu ulushni pulda berishga rozi ekanligini bildirdi. Aka esa, o‘z navbatida, da'vosidan voz kechdi.
Eng muhimi, aka-ukalar o‘rtasidagi qarindoshlik munosabati saqlab qolindi.
Bu voqeani bayon etishdan maqsad shuki, hayotda har qanday nizoning qonuniy yechimi bor. Bundan ham muhimi, meros masalasida aka-uka, opa-singil, umuman aytganda, o‘zaro qarindoshlarning oqibatni o‘ylab, bosiqlik bilan ish tutishi ko‘plab nizolarning oldini oladi.
Xolmo‘min Yodgorov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari.
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
19:12 / 31.10.2024