Namanganda sirli ovozlar: FVV bu tabiat hodisasi emasligini aytdi, gumburlash manbai noma'lumligicha qolmoqda
Namangan viloyati hududida 6 va 14 dekabr kunlari eshitilgan kuchli gumburlash ovozlari manbai haligacha sir qolmoqda.
6 dekabr kuni viloyat markazi Namangan shahrida, unga yondosh Mingbuloq, To‘raqo‘rg‘on, Uychi va Chortoq tumanlarida ham kuchli ovoz eshitilgan, aholi sarosimaga tushgandi.
Avvaliga bu ovoz Mingbuloqdagi neft konida olib borilgan geologik qidiruv ishlari bilan bog‘liqligi aytildi. Ammo ko‘p o‘tmasdan «O‘zbekneftgaz» mazkur ma'lumotni qat'iyan rad etib chiqdi.
7 dekabr kuni Kun.uz muxbiri ham kon hududida bo‘ldi va bu yerda portlash yoki neft sizishi alomatlari aniqlanmadi.
6 dekabr kuni eshitilgan ovoz bo‘yicha izoh bergan Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholi tomonidan shu bo‘yicha murojaatlar kelib tushgani, lekin hududdagi gaz quyish shoxobchalarida ham, konda ham favqulodda hodisa ro‘y bermaganini ma'lum qildi.
Viloyat IIB matbuot xizmati esa gumburlash tabiat hodisasi bo‘lishi ham mumkinligini taxmin qilib, o‘rganishlar davom ettirilayotganini ma'lum qildi.
FVV ham, IIV ham ovoz qayerdan kelganini aniqlay olmadi.
14 dekabr kuni Namanganda xuddi shunday qattiq gumburlash ovozi takrorlandi. Birinchi safardagidek uylarning derazalari larzaga keldi. Bu safargi ovoz qo‘shni Andijon va Farg‘ona viloyatlarining ayrim hududlarida ham eshitilgan.
Bu safar dastlab Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi munosabat bildirdi.
«Ovoz eshitilgani rost. Biz shu zahoti barcha tumanlardagi bo‘linmalar, ichki ishlar, yong‘in xavfsizligi, gidrometeorologiya, seysmologiya xizmatlari bilan tezkor bog‘lanib olgan ma'lumotlarimizga ko‘ra, viloyat hududida hech qanday portlash yoki tabiat hodisasi ro‘y bermagan. Shuningdek, boshqarma navbatchilik qismiga ham fuqarolardan favqulodda holat haqida murojaat kelib tushmadi. Ovozning manbaasi hozircha noma'lum. Uni aniqlash bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda. Sababi aniqlansa, albatta yurtdoshlarimizga ma'lum qilinadi», — degan boshqarma boshlig‘i B.Ashurov.
Bugun, 17 dekabr kuni O‘zA muxbiri 14 dekabr kungi ovoz bo‘yicha ma'lumot olish maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Saydullo Nabiyev bilan bog‘landi.
«Namangandagi holat yuzasidan markazimiz, qolaversa, shaxsan o‘zim surishtiruv ishlari olib bordim. Shuni aytish kerakki, 14 dekabr kuni soat 10.00larda va undan keyin ham idoramizga yer qimirlashi, ya'ni zilzila sodir bo‘lganini bildiruvchi hech qanday signal kelib tushmagan.
Ushbu masala yuzasidan FVV Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i bilan ham bog‘landim. Ma'lum bo‘lishicha, o‘sha kuni boshqarmaga hech bir kishi gumburlash holatidan jabrlangani yoki jiddiy ziyon ko‘rgani haqida shikoyat yoki ariza kelib tushmagan. Qolaversa, vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida O‘zgidrometrologiya markazi bilan bog‘landim. Markaz ma'lumotiga ko‘ra, gumburlash holati kuzatilgach Namangan viloyati osmonida ob-havo o‘zgarishi yoki shunga o‘xshash holat sodir bo‘lmagan», deyilgan izohda.
Hozircha viloyat boshqarmasi ham, vazirlik ham ovoz sababini aniqlay olmadi.
Mavzuga oid
09:30 / 07.11.2024
Namanganda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi
11:35 / 06.11.2024
18 yoshli xavfli retsidivist: Namanganda mashina olib qochgan o‘smir ozodlikdan mahrum qilindi
17:26 / 04.11.2024
Namanganda aholiga yetkazib berilishi kerak bo‘lgan 13 tonna ko‘mir talon-toroj qilindi
21:36 / 03.11.2024