19:20 / 17.12.2018
40241

Samarqandda boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionlari aniqlandi

Samarqand shahridagi olimpiya zaxiralari tayyorlash markazida kattalar (erkaklar) o‘rtasida boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionati final janglari bo‘lib o‘tdi.

2020 yilgi Tokio olimpiadasiga tayyorgarlik sifatida yangicha 8ta vazn toifasida o‘tkazilgan mamlakat birinchiligida g‘oliblar aniqlandi.

52 kg vazn toifasida Toshkent shahrining «Dinamo» ko‘ngillilar jamiyati vakili sifatida ishtirok etgan Olimpiada chempioni Hasanboy Do‘smatov finalda Toshkent viloyatining «Dinamo» ko‘ngillilar jamiyati vakili Xudoynazar Fayzovni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bronza medallari farg‘onalik Abrorjon Qodirov va Toshkent shahri vakili Nodirjon Mirzaahmedovga nasib etdi.

57 kg vazn toifasida Toshkent shahri vakili Abdulhay Shorahmatov Toshkent shahrining «Dinamo» ko‘ngillilar jamiyati vakili Otabek Xolmatovni texnik nokautga uchratdi. Bu vaznda bronza medallarini Toshkent viloyati vakili Hasanjon Turdikeldiyev va farg‘onalik Mirazizbek Mirzaxalilov qo‘lga kiritishdi.

63 kg vazn toifasida Toshkent viloyati vakili Aliyor Nuraliyev Toshkent viloyati Mudofaa vazirligi sport klubi vakili, Osiyo o‘yinlari sovrindori Shunqor Abdurasulovni texnik nokautga uchratdi. Bronza medallariga esa buxorolik Shukurjon Rahimov hamda andijonlik Kamrobek Eshmatov ega chiqishdi.

69 kg vazn toifasida Jizzaxning «Dinamo» ko‘ngillilar jamiyati vakili, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Bobo-Usmon Boturov yana bir Osiyo o‘yinlari g‘olibi, andijonlik Iqboljon Xoldorovni 3:2 hisobida yengib chempion bo‘ldi. Uchinchi o‘rin shohsupasiga esa farg‘onalik Fazliddin Meliboyev va Toshkent viloyatining «Dinamo» ko‘ngillilar jamiyati vakili Jahongir Rahmonov chiqishdi.

75 kg vazn toifasida Samarqand shahri vakili Fanat Qahramonov buxorolik Odiljon Aslonovni 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, chempion bo‘ldi. Bronza medallari toshkentlik Oqmurod G‘afforov va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabasi Otabek Turdixo‘jayevga nasib etdi.

81 kg vazn toifasida samarqandlik bokschi Xurshid Abdullayev Toshkent viloyati Mudofaa vazirligi sport klubi vakili Dilshodbek Ro‘zmetov ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. Uchinchi o‘rin shohsupasiga farg‘onalik bokschilar — Kozimbek Mardonov va Akmalbek Qosimov chiqishdi.

91 kg vazn toifasida Toshkent viloyati Mudofaa vazirligi sport klubi vakili Madiyor Saidrahimov Toshkent shahrining «Dinamo» ko‘ngillilar jamiyati vakili, Rio-2016 Olimpiadasi sovrindori Rustam To‘laganovni 4:1 hisobida yengdi. Uchinchi o‘rin shohsupasiga buxorolik bokschilar — Profsor Rorimsha va Sardor Yormuhammedov chiqishdi.

+91 kg vazn toifasida buxorolik bokschi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tinglovchisi Ulug‘bek Mubinov farg‘onalik Obidjon Tohirovni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bronza medallari esa Toshkent viloyati «Dinamo» ko‘ngillilar jamiyati vakili Mirzohidjon Abdullayev va farg‘onalik Rustamjon Ismoilovga topshirildi.

G‘oliblarga medallar, diplomlar bilan birgalikda esdalik sovg‘alari ham topshirildi.

 

 

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Top