Sport | 19:30 / 18.12.2018
34213
23 daqiqa o‘qiladi

Mourinoni «yiqitgan» 5 ustun

Nihoyat Joze Mourino «Manchester Yunayted»dan iste'foga chiqarildi. Avgustdan buyon hamma kutayotgan voqea sodir bo‘ldi. Xo‘sh, dunyoning eng yaxshi murabbiylaridan birining navbatdagi iste'fosiga sabab nima? Rostan ham Jozening uslubi eskirdimi? 

Van Gaal merosi

Bu Joze Mourino nazdidagi asosiy sabab, ya'ni Manchesterdagi muvaffaqiyatsizliklarga asosiy sabab qachondir so‘ralsa, Joze o‘tgan ikki yarim yilini katta ehtimol bilan omadsiz hisoblamaydi va unga taqdim etilgan jamoa bilan eng yaxshi natijalarga erishganini aytadi. 

Bir tarafdan to‘g‘ri hamdir. Jozega so‘nggi uch yilda yettinchi, to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarni olgan, yagona sovrini Angliya kubogi finalida «Kristal Pelas»ni qo‘shimcha vaqtdagi gol evaziga yutib qo‘lga kiritgan jamoani qabul qilib olgandi. Tarkibda haqiqiy ma'noda top-futbolchi deb sanalishi mumkin bo‘lgan birorta ham futbolchi bo‘lmagan. Shu nuqtai nazardan, Aguero, Silva, De Bryuyne, Azar kabi futbolchilarga ega bo‘lgan boshqa jamoalar bilan solishtirganda «Manchester Yunayted» ancha g‘o‘r ko‘rinardi. 

To‘g‘ri, bu vaziyatni o‘nglash uchun unga yetarlicha pul berildi, bir qator yulduz futbolchilar olib kelindi, hozirda maoshlar bo‘yicha «Yunayted» ligada birinchi, tarkibdagi futbolchilarning narxlari bo‘yicha esa, ikkinchi o‘rinni band etgan. Ammo murabbiy o‘zi amalga oshirgan transferlar ketidan katta bosim kelishini ham esdan chiqarmaslik kerak. Ya'ni, murabbiy uchun tayyer, kuchli ijrochilar yig‘ilgan jamoaga kelib, ishlab ketishi ancha osonroq kechgan bo‘lardi. 

Shuningdek, o‘yin falsafasi borasida ham Mourinoga yaxshi meros qolmaganini aytish kerak. Lui van Gaal murabbiy sifatida o‘z vaqtida Mourinoning ustozi sanalgan bo‘lsa-da, o‘yin falsafasi, uslubi borasida butkul aksidir. Natijada, Mourino bu borada ham noldan boshlashga to‘g‘ri keldi, butunlay boshqa taktika va falsafa ustiga qurilgan va yig‘ilgan tarkib bilan butunlay boshqacha o‘ynashga to‘g‘ri keldi. Lui Manchesterga olib kelgan Depay, Shnayderlin, Roho, Darmiyan, Shou, Errera, Blind va Shvaynshtayger kabi futbolchilarning birortasi ham Joze uslubiga to‘laqonli tushib ketmadi. Bu futbolchilarning aksariyati bilan muammolar yuzaga keldi.

Joze bunday sharoitga ilgari tushmagandi. «Inter»da jamoani qabul qilib olib, Yevropa shohsupasiga kelgan paytgacha bo‘lgan vaqtda unga A Seriyada raqobat qila oladigan raqibning o‘zi yo‘q edi. «Real»da esa, juda mahoratli va jahon miqyosidagi yulduzlar yig‘ilgandi. 

Pol Pogba

Pogba Mourino iste'foga chiqqan vaqtda Instagramdagi sahifasiga ma'nodor suratini joylashtirdi

Muammolar faqat sobiq murabbiylarning xaridlari bilangina bo‘lmadi, albatta. Yo‘q, siz kutgandek emas, Jozening iste'fosi aynan Pogba bilan bo‘lgan ziddiyat tufayli ro‘y berdi demoqchi emasman. «Manchester Yunayted»ning an'analari bunday siyosat olib borishga yo‘l qo‘ymaydi: «qachon bir futbolchi jamoada murabbiydan ham muhimga aylansa, jamoa tugaydi», – degan edi ser Aleks Fergyuson. 

Shunchaki, Mourino Pogba bilan bog‘liq rejalarda katta xatoga yo‘l qo‘ydi. O‘sha paytda hech kim bunday deya olmagan bo‘lardi. Aqllilik qilmaylik-da, «xato bo‘lib chiqdi» iborasini qo‘llasak, to‘g‘riroq bo‘lardi. 

Pol Pogba – superiqtidorli yarimhimoyachi. Salohiyat jihatidan hatto dunyoning eng yaxshi futbolchilari bilan bellasha oladi. Ammo Pogba biroz beqaror futbolchi hamdir. 

Bu «Yuventus»da bilinmasdi, chunki u Turinda asosiy futbolchi bo‘lmagan. Buffon, Pirlo, Vidal, Teves, Bonuchchi kabi futbolchilar tomonidan o‘rnatilgan poydevorning cho‘qqisi bo‘lgandi xolos Pogba. Ya'ni, fransiyalik bu futbolchi juda chiroyli bezatilgan shirin tortning eng tepasidagi gul bo‘lishi mumkin, xolos. «Mana, bizda mana bunday talantli futbolchi ham bor», deb namoyish qilinadi, chiroyli fintlar, harakatlar «Yuventus» o‘yiniga salobat va ko‘rkamlik baxsh etadi, ammo baribir jamoaning kuchi boshqalarda bo‘lib qolaveradi. 

Pogba Manchesterda ham tayyor kuchli jamoaning asosiy yulduzi bo‘lishi mumkin edi, bu yerda ham, hatto Joze qo‘l ostida ham. Ammo Jozening adashgan joyi shu bo‘ldiki, u Pogbani tayyor jamoa ustiga olib kelmadi, balki uning atrofida yangi jamoa qurmoqchi bo‘ldi. Beqaror Pogba atrofida quriladigan jamoa ham bosimlarga dosh berolmaydigan va beqaror bo‘lishi tabiiy. 

Dastlabki mavsumda bu uncha sezilmaganiga ham izoh bor. Ibrahimovich va Runi asosiy yulduzlar sifatida namoyon bo‘lishar, Pogba shaxsiyat borasida ularning soyasida qolgandi. O‘shanda ham ba'zi jurnalistlar, muxlislar Pogbani tanqid qilishar, katta xarajatlar kutilgan samarani bermayotganini aytishar, ammo baribir Zlatan bor joyda asosiy planga chiqish imkonsiz edi. 

Ikkinchi mavsumga kelib, Zlatan va Runi jamoani tark etgach, asosiy qahramon – Pogba bo‘lib qoldi va jamoa natijalari ham, ko‘rsatayotgan o‘yin ham Pogbaning xarakteridan kelib chiqa boshladi. Shu yilning yanvarida boshlangan ziddiyat, oqibatda, «Liverpul»dek jiddiy raqibga qarshi o‘yinda soppa-sog‘ Pogbaning zaxirada qolib ketishi bilan yakunlandi. O‘sha kecha kamida yangi mavsumni murabbiy va futbolchidan biri «Old Trafford»da boshlamasligi ayon bo‘lgandi. 

Mourino Pogba bilan bog‘liq xatosini, mana shunday katta transferning bosimini o‘ziga ortiqcha yuklab olganini tushungani aniq. Masalan, yaqinda jurnalistlar undan shu yozda 60 million yevroga sotib olinib, maydonga tushirilmayotgan Fred haqida so‘rashdi. 

«Qachonki, jamoa himoyada yaxshi o‘ynay boshlasa, Fred kabi kreativ futbolchi bizga yordam berishi mumkin. Hozir uning ham maydonda bo‘lishi muvozanatni buzib qo‘yadi», – deb javob berdi portugaliyalik murabbiy.  

Gvardiolaning «Manchester Siti»si

Ko‘pchilik Mourinoning asosiy ustunligi sifatida top-to‘qnashuvlarda, ayniqsa, kubok tizimida natija ko‘rsata olishini aytishadi. Aslida biroz boshqacha.

To‘g‘ri, Jozening «Portu» va «Inter» bilan qo‘lga kiritgan asosiy yutuqlari aynan kubok tizimidagi bahslarga to‘g‘ri keladi, uning «Real» bilan «Barselona»ni qanday to‘xtatgani, «Chelsi» bilan «Liverpul»ni qanday qilib sovrindan mahrum qilganini eslash mumkin. Lekin aksariyat hollarda, Mourino yaqqol favorit yoki klass jihatidan kuchsizroq bo‘lgan raqiblarga qarshi o‘yinlarda bor kuchini namoyish qila oladi. 

Favoritlar bilan himoyani mustahkamlash va raqib xatosini kutish – bu doim ham o‘xshamaydi, lekin bir marta mana shunday g‘alabaga erishsangiz, natijaga erishilmagan boshqa o‘yinlar yoddan chiqib ketadi. Kuchsizroq jamoalar bilan esa, taktik «o‘yinlar» bilan raqibning eng kuchli jihatlariga zarba berish orqali qurolsizlantirish Jozening asosiy ustunligidir. Chunki, kuchsizroq jamoalarning asosiy qurollari kam bo‘ladi, raqib aynan o‘sha qurollar bilan o‘ynashga majbur – buni oldindan biladigan Mourino esa osonlik bilan raqib o‘yinini buzadi. O‘sha «Monako»ga qarshi 2003 yilgi YeChL finali yoki 2017 yili «Ayaks» bilan Yevropa Ligasi finali murabbiy Mourinoni to‘laqonli namoyish qilgan o‘yinlardir.

Haqiqiy tengma-teng top o‘yinlarda esa, ko‘pincha Mourino «qo‘rqoq» taktikaga suyanib qoladi. Bu yerda raqibning asosiy qurollariga urg‘u berish xavfli, chunki raqib ham alohida o‘yinga biroz boshqacha yo‘nalish tanlashi mumkin. «Chelsi» bilan «Atletiko»ga qarshi o‘tgan yarim finalni eslash mumkin, masalan.

Shuning uchun, Mourino davraviy turnirlarda sirtdan kurashni afzal ko‘radi. Ya'ni, Joze jamoalari kuchsiz jamoalar bilan o‘yinlarda kamroq xatoga yo‘l qo‘yib, barqaror ochko olish evaziga, turnir jadvalini boshqaradi. O‘zaro o‘yinlarda uning jamoasi raqibidan yaqqol kuchsiz ko‘rinishi mumkin, ammo masofada Joze ustun kelaveradi.

«Chelsi», «Inter» va «Real» bilan chempionlikka erishgan mavsumlarida ham bir xil ssenariy kechgan – dastlabki turlardan peshqadamlikni qo‘lga olgan Joze jamoasi ustunlikni boy bermagan ekan. Yaqinda shunga o‘xshash statistika ham chiqdi – barcha mavsumlarda Joze jamoasi 12-turdan keyin nechinchi o‘rinda borgan bo‘lsa, mavsumni ham o‘sha o‘rinda yakunlagan ekan. 

Shu tufayli, reja bo‘yicha Mourinoning chempionlik davriga yengilmas «Manchester Siti»ning to‘g‘ri kelib qolishi murabbiyning muammolaridan biri bo‘ldi. O‘tgan yili «MYu» mavsumni chempionlarga xos boshladi, dastlabki 8 o‘yinda 6 g‘alaba, atigi 2 gol o‘tkazib yuborildi. Bu tempda boshqa yillarda bemalol chempion bo‘lish ham mumkin edi. Ammo Gvardiola jamoasi ham tarixdagi eng yaxshi mavsumlaridan birini o‘tkazayotgandi. 

To‘g‘ri, balki o‘tgan yilgi chempionlik ham bugungi Jozeni qutqara olmas, iste'fo sodir bo‘lardi. Ammo uning Manchesterdagi faoliyatini bu qadar muvaffaqiyatsiz deb baholamayotgan, Jozening o‘zi esa, ommaga to‘rt barmog‘ini ko‘rsatib, «Old Trafford»ni mag‘rur tark etayotgan bo‘lardi.

Jozibasiz futbol va noqulay taktika

Fabio Kapello 2007 yilda «Real»ni chempionga aylantirgandan keyin ham iste'foga chiqarilgandi. Katta ehtimol bilan, agar Joze «Old Trafford»ga bir qator sovrinlarni olib kelgan taqdirda ham, avvaliga hamma xursand bo‘lar, keyin baribir, zerikib, undan voz kechishardi. «Manchester Yunayted»ga bunday futbol yarashmaydi. 

Qizig‘i, Joze Mourino APLda 6-o‘rinni olgan ilk mavsumida emas, o‘tgan yili, 2-o‘rinni olgan yili ko‘proq tanqid qilindi. Dastlabki yili, natija bo‘lmayotgan, duranglar girdobiga o‘ralashgan paytlarda ham, Mxitaryan,  Mata, Ibrahimovich, Runi, Pogba kabi futbolchilar jozibali futbol namoyish eta olishgandi. Mourino Manchesterda o‘zining oldingi jamoalaridan farqli bo‘lgan kreativ futbol qurayotganiga ishora edi go‘yo. 

Ammo keyingi mavsum unday bo‘lib chiqmadi. Haqiqiy vazifa qo‘yildi hamki, eski Jozeni ko‘rdik. Romelu Lukaku – Mourinoning hujumni tashkil qilishini ifoda etuvchi figura. Kuchli, baquvvat, foydali, juda ko‘p gol urishi mumkin, ammo to‘pni yaxshi to‘xtata olmaydi, juda xunuk dribling qiladi, urayotgan gollarini ham roliklarga qo‘yib bo‘lmaydi. Erinmasangiz, «MYu»ning 2016/17 va 2017/18 yillardagi gollarini taqqoslab ko‘ring. Estetik jihatdan yer bilan osmoncha farq bor. 

Mourino taktikasi ayniqsa, yulduz, ijrochi futbolchilarga noqulay ekanini ham ta'kidlash joiz. Bu ham futbolchilardan katta kuch talab qiladigan jihat. 

Mourino hujumni tashkil qilishda asosan raqib tomonidagi bo‘sh zonalardan foydalanishni «yaxshi ko‘radi». Shu tufaylidir balki, raqibning ham aynan shu qopqoniga tushib qolishdan juda qo‘rqadi. Oqibatda u shogirdlaridan doimiy ravishda to‘pga nisbatan o‘z tomonida jamlanishni talab qiladi. Yuqori pressing, yuqori himoyalanishda deyarli qo‘llamaydi. Bu nima degani?

Misol uchun, doimo yuqori pressing qo‘llaydigan Klopp yoki Gvardiolani olaylik. Ularning jamoasidagi so‘nggi himoyachi raqib darvozasiga ancha yaqin joylashgani uchun, eng oldindagi hujumchi va so‘nggi himoyachi orasidagi masofa juda qisqa. Hatto Gvardiola «Barselona»da bu masofani 20-25 metrgacha qisqartira olgan. Buning natijasida, birinchidan, qisqa masofadagi zonada 10 futbolchi joylashgan jamoa pressing qilganda, to‘pni olib qo‘yish oson kechadi. Ikkinchidan, eng oldingi hujumchi ham, orqaga qaytib, himoyachiga aylanish uchun uzog‘i bilan o‘sha 20 metrni bosib o‘tsa kifoya. 

Manchesterda esa, jamoa juda past himoyada o‘ynashi tufayli, bu masofa juda katta, Lukakuni qo‘ying, hatto o‘sha Pogba orqaga qaytish uchun ba'zida 50 metr yugurishiga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ham, ayniqsa top o‘yinlarda konkret futbolchilarning xatosi, to‘pga ulgurmay qolgani namoyon bo‘lib qolaveradi. O‘z vaqtida Shou, Pogba, Marsiyal kabi futbolchilar bu borada murabbiyning jiddiy e'tiroziga sabab bo‘lishdi. Gap faqat bu futbolchilarning intizomsizliklarida emas, mos taktikada, ular ham juda foydali bo‘lishlari mumkin. 

Natijada, Mourino o‘yinga bir paytning o‘zida bir necha mana shunday «intizomsiz» futbolchilarni qo‘yishga «qo‘rqadi». Aynan to‘psiz intizom faktori yordamida tanlangan tarkib esa, Yang, Errera, Fellayni kabi futbolchilardan iborat bo‘lib, o‘yin sifatini keskin tushirib yuboradi. Natijada, Mourino oldida, ayniqsa, top o‘yinlarda dilemma yuzaga keladi: agar saviyali va yulduz futbolchilar bilan o‘ynay desa, ular belgilangan taktikaga mos bo‘lmaganliklari tufayli, samarasiz bo‘lib qolishadi, himoyada ulgurishmaydi. Intizomni birinchi o‘ringa olib chiqib, tarkib tanlanganda esa, jamoa hujumni tashkil qilishda muammolarga uchraydi.

Bu farq bu mavsumdagi top o‘yinlarda yaqqol ko‘rindi. Mourinoning haqiqiy top o‘yini faqat «Tottenhem» (0:3) bilan o‘yinda ko‘rindi, faqat shu o‘yinda jamoa tashabbusni o‘z qo‘liga olib o‘ynadi. Boshqa o‘yinlarda, hatto yaxshi natijaga erishilgan «Chelsi» va «Yuventus»ga qarshi safar o‘yinlarida ham, aslida o‘yin sifatida ijobiy jihat ko‘zga tashlanmagandi. 

Omadsiz transferlar va Ed Vudvord

Joze Mourino, Ed Vudvord va Bobbi Charlton
Foto: AFP

 

Bu yozda Mourinoga hatto o‘z vaqtida David Moyyesga ko‘rsatilgan madad ham bo‘lmadi. Har xolda Vudvord o‘shanda Moyyesni deb goh Kroos, goh Fabregas ortidan yugurgan, hatto Tiago Alkantara bir oyog‘i bilan «Old Trafford»ga kelib qolgandi. 

Bu safar unday bo‘lmadi. Murabbiy juda ham qattiq xohlagan ba'zi futbolchilar ustida arzimas 5-10 million yevroga ham talashildi va transferlar barbod bo‘ldi. 18 ochkolik farq bilan chempionlikka erishgan «Siti» Riyoz Mahrez uchun katta pul berayotgan bir paytda, «Manchester Yunayted» faqat Fred va qariya darvozabon bilan kifoyalandi. 

Albatta, gap faqat pulda emas. Aslida yaxshi futbolchini payqash bo‘yicha usta bo‘lgan Mourinoning Manchesterdagi transferlari omadsizlikka uchramoqda. Himoyaga olib kelingan Lindelof va Bayi hali ham asosiy kuchga aylanishmadi. Mxitaryan Sanchesga almashtirib yuborildi. Pogba bilan Mourinoning o‘zida muammolar yuzaga keldi. Lukaku va Matichga ham savollar bor. Natijada, Mourino «Old Trafford»ga olib kelgan 10 futbolchidan birortasi ham bugungi kunda asosiy tarkibning almashtirib bo‘lmas futbolchisiga aylanmadi. Himoyada esa, hali ham Fergyuson davrida sotib olgan Smolling, Yang, Valensiya kabi futbolchilar to‘p surmoqda. 

«Tottenhem» va «Liverpul» yetakchi futbolchilarni sotib ham, arzonga olingan yoki akademiyadan chiqqan Tripe, Devis, Roberston, Aleksandr Arnold, Gomes kabi futbolchilardan top yasayotgan bir paytda, Angliyada yetakchilardan biri bo‘lgan «MYu» akademiyasi samarasiz bo‘lib qoldi. Fosu-Mensa, Perreyra kabi futbolchilarning kelajagi mavhum.

Vudvord Alderveyreld yoki Maguayr transferlarini paysalga solayotganda aynan Klopp yoki Pochettino amalga oshirayotgan ishlar, va albatta, Bayi, Lindelof kabi hali oqibati noma'lum transferlarni ham ro‘kach qilgan bo‘lishi haqiqatga yaqin. 

Albatta, bu yerda faqat murabbiyni emas, klub tomonidan so‘nggi yillarda tanlangan marketing yo‘nalishini ayblash mumkin. Ba'zi transferlarga futboldan ko‘ra moliyaviy faktor ko‘proq ahamiyat kasb etganini ko‘rish qiyin emas. Zlatan, Mxitaryan, Pogba kabi transferlar butunlay Mourinoning loyihasi deb aytish ham hato bo‘lardi.

Aynan shu jihatga «MYu» rahbariyati ham e'tibor qaratgani va murabbiyning iste'fosi uchun katta turtki bo‘lganini sezish qiyin emas. Misol uchun, iste'fodan so‘ng, «MYu» ning keyingi siyosat yo‘nalishi o‘zgarishi haqida xabarlar chiqdi – aytilishicha, endi jamoa «Tottenhem» va «Liverpul» yo‘lidan boradi, qimmatbaho va yulduz futbolchilarni jalb qilishga urinmaydi, aksincha, foydali va yosh iqtidorlarga suyanadi.    

Xulosa

Joze Mourino ishdan bo‘shatilgandan keyin «MYu»ning Karringtondagi qarorgohini tark etmoqda
Foto: SkySports

Mavsum yarmiga ham yetmay sodir bo‘lgan ikkinchi iste'fo Mourinoning kar'yerasiga jiddiy ta'sir qilishi shubhasiz. Aksariyat top-klublarda hozirda yaxshi ishlayotgan o‘z murabbiylari mavjudligini e'tiborga olsak, uning navbatdagi shov-shuvli tayinlanishi ham dargumon. Katta ehtimol bilan endi Joze hali ham o‘zi qadrlanadigan va yaxshi xotiralar bilan qabul qilishga tayyor turgan klubga o‘tishi maqsadga muvofiq. Esingizda bo‘lsa, «Real»dagi janjalli yakundan so‘ng, «Chelsi»ga qaytish Mourino faoliyatida yangi qadam bo‘lgandi. Bugun shu ishni «Inter» amalga oshirishi mumkin. YeChLdagi muvaffaqiyatsizlik, dahshatli «Yuventus» tufayli ichki chempionatda ham bosim kamroq. O‘yin uslubi jihatidan ham Joze italiyaliklarni zeriktirmasa kerak. Nafaqat o‘yin borasida, ambitsiya nuqtai nazaridan ham «Yuventus» bilan raqobat qilish uchun yaxshi qadam bo‘lardi milanliklar uchun. Yoki «Portu»...

Joze Mourinoning «Old Trafford»dagi faoliyatini esa, bir so‘z bilan ifodalash qiyin. Yaxshi o‘yinlar, sovrinlar va uning uchinchi mavsumi uchun an'anaga aylangan salbiy voqealar, ziddiyatlar ham sodir bo‘ldi. Jamoa o‘z tarixida ilk bor Yevropa Ligasini yutib oldi. Fergyuson davridan keyin ilk bor 2-o‘rinni egalladi. Jamoa uchun belgilangan planka oshdi, hech bo‘lmasa, mavsum boshlarida chempionlikka da'vogar sifatida tilga ola boshladilar. Bu yaxshi. 

Yana bir eng muhim jihat bor. Aleks Fergyuson «MYu»ning «otasi» edi, bu yerda menejyer ham, sport direktori ham, murabbiy ham, yo‘lboshchi ham aynan u sanaladi. Fergyuson ketgach, klubda rivojlanish kursini belgilash, vazifalar uchun mos va ishlaydigan tizimni joriy qilishda oqsashlar kuzatila boshladi. Juda ko‘p narsani murabbiy zimmasiga yuklab qo‘yishga odatlangan klub ishlash prinsiplarida o‘zgarishlar qilish davri kelganini anglamay kelayotgandi. Mashhur murabbiy, bir qator yudduz futbolchilar va transferlar uchun katta pul bilan har qanday muammoni yechish mumkin, istalgan paytda ilgarigi darajaga qaytish mumkinligiga ishonib qolishgandi.

Endi mana, eng mashhur murabbiy ham olib kelindi, ancha pul sarflandi – natijadan esa darak yo‘q. Bu yo‘ldan o‘z vaqtida yurib ko‘rgan boshqa klublar allaqachon oldinlab ketgan, skautlar bilan ishlash, futbolni boshqarish, vazifalar va munosabatlar borasida natijaga erishib bo‘lishdi. 

Mourino davri rahbariyatga aynan shu jihatdagi muammolarni, ya'ni haqiqiy jamoa-oila qurish aslida boshqa qadriyatlar ortida ekanini tushuntirib bera olgan bo‘lsa ne ajab. Boshqa yo‘l bilan natijaga erishish imkonsiz. Ayniqsa, «Old Trafford»da...

Q. Aslanov

Mavzuga oid