20:10 / 18.12.2018
13636

O‘zbekistonda oliy ta'lim muassasalari soni 100ga yaqinlashmoqda

Bugun, 18 dekabr kuni Toshkent shahridagi «Taraqqiyot strategiyasi» markazida Oliy ta'lim tizimidagi yangiliklarga oid matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi mutaxassislari sohaga taalluqli ma'lumotlar bilan bo‘lishdilar hamda savollarga javob berishdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra: 
* 2016/2017 o‘quv yilida OTMlar soni 77ta, 2017/2018 o‘quv yilida 86tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ular soni 95taga yetdi;
* 2018/2019 o‘quv yilida 51ta OTMda sirtqi ta'lim, 22ta OTMda maxsus sirtqi ta'lim, 9ta OTMda kechki ta'lim yo‘lga qo‘yildi;
* 2018/2019 o‘quv yilida bakalavriat bo‘yicha 66ta, magistratura bo‘yicha 48ta mutaxassislik bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi;
* Bugungi kunda jami talabalar soni 344 790 nafarga yetdi;
* Yangi tartiblarga muvofiq, hatto birinchi kursdan ham o‘qishga qayta tiklanish mumkin. 4ta fandan qarzdorlik avtomatik ravishda o‘qishdan chetlashtirilishga, 3ta fandan qarzdorlik maxsus komissiyaga qayta imtihon topshirilishiga sabab bo‘ladi;
* Respublika oliy ta'lim muassalarida 25 418 nafar professor o‘qituvchilar faoliyat yuritmoqda;
* Oxirgi ikki yilda tizimga sarflangan mablag‘lar miqdori 83,7 foizga ortdi. 2018 yilda jami 784,7 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Bundan 351,3 mlrd so‘m ish haqiga, 269 mlrd so‘m stipendiyalarga, 86,3 mlrd so‘m ish haqidan ajratmaga, 78,1 mlrd so‘m boshqa xarajatlarga sarflanadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbirining iqtidorli mutaxassislarning xorijga jo‘nab ketishi bo‘yicha qanday o‘rganishlar olib borilayotgani haqidagi savoliga javob qaytardi.

«Biz faqat ta'lim berish jarayonini nazorat qilamiz. Diplom olgan mutaxassisning qayerda ishlashi o‘z ixtiyorida. Xorijga jo‘nash va ishlash masalalari bo‘yicha ma'lumotlar balki Bandlik va mehnat vazirligida bordir. Ammo biz bunday jarayonlarni o‘rganmaymiz», degan u.

Mavzuga oid
Top