Markaziy bank soliq qarzdorligini bank kartalaridan so‘zsiz undirish loyihasiga qarshi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilib, interaktiv davlat xizmatlari yagona portaliga joylashtirilgan «Soliq qarzini jismoniy shaxslarning bank plastik kartalaridan so‘zsiz undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaror loyihasi bo‘yicha yana bir bor munosabat bildirdi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, qarzdor jismoniy shaxslarning soliq qarzi bank plastik kartalaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda so‘zsiz undirib olinishi ko‘rsatilgandi.
«Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan interaktiv davlat xizmatlari yagona portaliga «Soliq qarzini jismoniy shaxslarning bank plastik kartalaridan so‘zsiz undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaror loyihasi joylashtirilgani munosabati bilan Markaziy bank bu loyiha bo‘yicha o‘z e'tirozlarini bildirgan edi.
Bugungi kunda, jismoniy shaxslardan soliq qarzdorligini ularning bank kartalaridan so‘zsiz undirish tartibi bo‘yicha qonuniy va shaffof mexanizm mavjud emasligi sababli, Markaziy bank qayd etilgan hujjat loyihasini qonun hujjatlariga, xususan Fuqarolik kodeksi normalariga muvofiqligini ta'minlash lozim, deb hisoblaydi.
Qanday ezgu maqsad ko‘zlangan bo‘lishidan qat'i nazar, idoraviy manfaatlar boshqa tarmoqlar yoki butun mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishiga salbiy ta'sir yetkazmasligi zarur. Markaziy bank, o‘z navbatida, taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga bank siri va bank tizimiga bo‘lgan to‘laqonli ishonchni saqlab qolish zarurligiga alohida e'tibor qaratadi», deyiladi Markaziy bank bayonotida.
18 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasiga «Soliq qarzini jismoniy shaxslarning bank plastik kartalaridan so‘zsiz undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori loyihasi Soliq qo‘mitasi va Markaziy bankning birgalikdagi loyihasi sifatida joylashtirilgandi.
Mavzuga oid
11:56 / 11.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024
O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 43 mlrd dollardan oshdi
11:23 / 01.11.2024