Jamiyat | 21:50 / 19.12.2018
13353
5 daqiqa o‘qiladi

Tushunmovchilik bartaraf etildi. Sariosiyoda afg‘onistonlik investorga za'faron yetishtirish uchun kerakli sharoit yaratiladi

Kun.uz saytida 2018 yil 16 dekabrda e'lon qilingan «Sariosiyoda Prezident qarorida belgilangan loyihaga to‘sqinlik qilinmoqda» sarlavhali maqolada qayd etilgan holatlar yuzasidan Surxondaryo viloyat hokimining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Oripov tomonidan imzolangan javob xati kelib tushdi.

Xatda ta'kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 19 iyuldagi PQ-3874-sonli qaroriga asosan, Surxondaryo viloyatida 2018–2019 yillar davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokida 33ta hududiy loyiha (tarmoq loyihalaridan tashqari) amalga oshirilishi belgilangan.

Mazkur qarorga kiritilgan investitsion loyihalar ro‘yxati joriy yilning 2-3 iyun kunlari Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan xalqaro biznes forum natijalari bo‘yicha chet ellik salohiyatli investorlar bilan imzolangan memorandumlar va muzokaralarda erishilgan kelishuvlarga asosan shakllantirilgan.

Viloyat hokimi o‘rinbosariga ko‘ra, har bir memorandum maxsus kitobda ro‘yxatga olinib, ijrosi yuzasidan doimiy monitoring olib boriladi.

Qarorga asosan, joriy yilda 16ta hududiy loyiha bo‘yicha 33,1 mln. dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilinishi belgilangan bo‘lib, hozirgi kunda 34,2 mln.dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilingan.

Joylashtirilgan har bir axborot bo‘yicha jamoatchilik nazorati vakillari hamda uchinchi shaxslar tomonidan izoh berish, fikr bildirish imkoniyati yaratilgan.

Surxondaryo viloyati hokimligida loyihalarni amalga oshirgunga qadar faoliyat olib boradigan viloyat mutasaddi idoralar rahbarlaridan iborat Ishchi guruh tashkil qilingan. 

Viloyat hokimligining investitsiya kotibiyati va boshqarmasi xodimlari har bir loyihaga individual ravishda biriktirilgan bo‘lib, loyihalarning joriy holati muntazam ravishda kuzatib boriladi.

Joriy yilning 2-3 iyun kunlari Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan xalqaro biznes forumda Sariosiyo tumanidagi «Yasmina baraka fayz» xususiy korxonasi rahbari Q.Hasanov va Afg‘onistonning «Bilal Bakhir Sari» kompaniyasi rahbari Namir Safi o‘rtasida dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha 5,2 mln.dollarlik memorandum imzolangan.

Loyihani amalga oshirish muddati 2019 yilda bo‘lib, hozirgi kunga qadar Sariosiyo tumanida faqatgina «Yasmina baraka fayz» MChJ tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lgan ekin yer maydonida tajriba sifatida za'faron (shafran) o‘simligi ekilgan, tuproq tahlillari olingan, xorijiy investor «Bilal Bakhir Sari» kompaniyasi rahbari Namir Safi viloyatga bir necha bor tashrif buyurgan, loyihani amalga oshirish yuzasidan muzokaralar olib borilgan, loyihani amalga oshirish uchun 15 gektar yer maydoni tanlangan. «Bilal Bakhir Sari» MChJ esa 2018 yil 15 avgust kuni Uzun tumanida 629744 raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

«O‘zsanoatqurilishbank» ATB va uning Sharg‘un filiali tomonidan taqdim etilgan ma'lumotga ko‘ra, Afg‘oniston fuqarosi Ahmad Javid Nurzay tomonidan «Bilal Bakhir Sari» MChJ hisob raqamiga 1 mln. dollar miqdoridagi pul mablag‘i o‘tkazilmagani ma'lum qilingan.

Maqolada qayd etilgan holatga oydinlik kiritish maqsadida «Bilal Bakhir Sari» MChJ va «Yasmina baraka fayz» XK vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilgan. Korxonalar o‘rtasida yuzaga kelgan tushunmovchilikka aniqlik kiritilgan va «dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlashni tashkil etish» loyihasini «Yasmina baraka fayz» xususiy korxonasi, «Bilal Bakhir Sari» MChJ, hindistonlik hamda afg‘onistonlik investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirishga kelishib olingan. 

«Ushbu va boshqa barcha loyihalarning amalga oshirilishi ustidan doimiy monitoring o‘rnatilganini alohida e'tirof etgan holda, viloyat hokimligi loyiha o‘z muddatida ishga tushirilishi uchun maqolada qayd etilgan investorga qulay shart-sharoitlar yaratishga va yaqindan ko‘maklashishga doim tayyorligini bildiradi», — deb yakunlanadi Surxondaryo viloyat hokimi o‘rinbosarining tahririyatga yo‘llangan xati.

P.S. Shuningdek, Sariosiyo tuman hokimi Asqarali Jo‘rayevning 2018 yil 18 dekabrdagi 3338-sonli qarori bilan «Yasmina baraka fayz» xususiy korxonasiga tumanning «Bobur» massivi «Terakzor» mahallasi hududidan tuman hokimligi zaxirasidagi qishloq xo‘jaligi xaritasining 168-, 174-dala konturlaridagi 16,0 gektar suvli ekin yer maydoni dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun doimiy egalik qilish huquqi bilan ajratilishi belgilangan.

Mavzuga oid