22:10 / 20.12.2018
64895

«2020 yilda 1 kilo ham paxtani chetga sotmaymiz». Prezident eksport bo‘yicha yangi topshiriqlar berdi

Bugun, 20 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yangi qabul qilingan soliq siyosati konsepsiyasini amaliyotga to‘liq tatbiq qilish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

«Katta qiyinchiliklar bilan, chet ellik ekspertlarni olib kelib soliq konsepsiyasini qabul qildik. Endi bu konsepsiyani hayotga tatbiq etishimiz kerak. Lekin konsepsiyasini amaliyotga joriy etishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar bor. Menda bu konsepsiyani hamma ham to‘g‘ri tushunadimi, degan xavotir bor. Shuning uchun, bir necha marta qayta muhokama qildik. Bu jarayon 6 oydan buyon davom etmoqda», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yig‘ilishda prezident tomonidan ma'lum qilinishicha, 2019 yil uchun 19 milliard dollarlik eksport majburiyati qo‘yilgan.

«Kelgusi yil uchun katta marralar olingan. Hech qachon 19 milliardlik eksport majburiyati qo‘yilmagandi. O‘rtoq, Otajonov, to‘g‘rimi? Kecha qo‘l qo‘ydim. Bu elektr eksportidan tashqari», deya bosh vazir o‘rinbosari, tashqi iqtisodiy faoliyat, eksport salohiyati, mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi rahbari Nodir Otajonovga yuzlangan prezident.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston eksporti hajmi 2016 yilda 11,1 milliard dollarni, 2017 yilda esa 13,9 milliard dollarni tashkil etgandi. Prognozlarga ko‘ra, 2018 yilgi eksport hajmi 13 mlrd dollar atrofida bo‘ladi.

Prezident O‘zbekiston 2020 yilgacha paxta xomashyosini xorijga sotishni to‘xtatishini yana bir bor ta'kidlab o‘tdi.

«Kelgusi yil to‘qimachilik sanoati 1,9 mlrd dollarlik eksport qilishi kerak. 2020 yilga borib biz bir tonna ham, bir kilo ham paxta sotmaymiz. O‘zimizda qayta ishlaymiz. Bu qo‘shimcha qiymat degani», degan prezident «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi rahbari Ilhom Haydarovga murojaat qilar ekan.

«O‘zto‘qimachiliksanoat»ning 2018 yildagi eksporti hajmi 1,5 milliard dollarni tashkil etgan.

«Qo‘shimcha qiymat degani, qo‘shimcha daromad degani. Byudjyetga 9,1 trln so‘mdan ziyod qo‘shimcha mablag‘ tushadi. Shundan 5 trln so‘mi mahalliy byudjyetga qoladi», deya davom qo‘shimcha qilgan prezident.

Qayd etish kerakki, prezident bundan avval ham paxta xomashyosi xorijga sotilishini to‘xtatish kerakligi haqida gapirgandi. Shu oyda Qashqadaryo viloyatiga tashrif chog‘ida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident paxta yetishtirish bilan shug‘ullanmaydigan Bangladesh davlati paxta xomashyosini xorijdan sotib olib, qayta ishlash evaziga yiliga 37 milliard dollarlik eksport qilishini misol sifatida keltirib o‘tgandi.

Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 21 dekabrdagi  «2017-2019 yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi qarorida ham 2020 yilga qadar yurtimizda yetishtirilgan paxta tolasini to‘liq qayta ishlash, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport salohiyatini 2,7 barobardan ko‘proqqa oshirish hamda ichki va tashqi bozorga yetkazib berishni nazarda tutilgandi.

Top