23:02 / 23.12.2018
11741

Mehmonxonani ijaraga oling va dunyo bo‘ylab sayohat qiling

Toronto (Kanada)lik dizayn-studiya rahbari Stiv Li yangi avtonom mehmonxona konseptini taklif etdi. U yo‘llar (ATS) bo‘ylab o‘zi harakatlanadi. Endilikda turli mamlakatlarda mehmonxonalarni band qilish kerak bo‘lmaydi. Vizani rasmiylashtirish (agar talab etilsa) va mamlakat yoki mamlakatlar bo‘ylab bemalol sayohat qilish mumkin.

Foto: Aprilli Design Studio

Konsept tarixi

Avtotransportning zamonaviy shakli avtonomlik sari faol tarzda harakatlanmoqda. Bunda avtomobil saloni hordiq chiqarish xonasiga aylanadi. Stiv Li to‘laqonli avtonom turarjoyni kashf etish tomon harakat qildi. G‘oya tariqasida harakatlanuvchi alohida xona konsepti paydo bo‘ldi.

Hozirgi kunda sinov modellar sayyohlarni 10 soatgacha tashishga tayyor. Transportda eng zarur narsalar: uyqu uchun karavot, ish joyi, kichik oshxona, dush va hojatxona va hatto kichik ko‘ngilochar hudud ham bor. Yorug‘lik darajasi kunduz kuni «aqlli derazalar» hisobiga nazorat qilinadi.

Nazariy jihatdan bunday xonalar yirik statsionar mehmonxonalarga yetkaziladi. Sayyohlar mamlakat bo‘ylab transport, boshqa mehmonxonalar va gidlarga sarflanadigan xarajatlarsiz sayohat qilishlari mumkin. Qo‘shimcha ravishda harakatlanuvchi mehmonxona egasi ATS’larga xizmat ko‘rsatish, quvvatlantirish va marshrutlarni tuzishni amalga oshiradi.

Foto: Aprilli Design Studio

Texnologiya istiqbollari

Stiv Li elektr va vodorod dvigatellardan foydalaniladi degan fikrda. Hozirgi vaqtda bor-yo‘g‘i ikkita sinov xonasi bor. Kashfiyotchi bu kabi xonalarni tatbiq etish kamida 10 yildan keyin mumkin bo‘lishini taxmin qilmoqda. O‘sha vaqtga qadar zaruriy infratuzilma va qonunchilikni bunday texnikadan foydalanish uchun shakllantirish mumkin bo‘ladi.

Biroq bu kabi xizmatga talab bor yoki yo‘qligi borasidagi savol tug‘iladi. G‘ildirakdagi uylardan foydalanish Yevropa va AQShda keng tarqalgan. Kerakli haydovchilik guvohnomasiga ega istalgan haydovchi bu kabi avtomobilni ijaraga olishi va unda bemalol harakatlanishi mumkin. Yagona farq — haydovchining yo‘qligi. Biroq ushbu texnologiyalar rivojlangani sayin g‘ildirakdagi uy o‘sha 10 yildan keyin yo‘llarda mustaqil tarzda harakatlanishi mumkin.

ATS — velosipedni qayta ixtiro qilishdek gap. Haydovchisiz avto texnologiyalari allaqachon ishlab chiqilmoqda, g‘ildirakli uylar ham anchadan beri mavjud. Ushbu loyihalarni birlashtirish esa vaqt taqozosi. 

Top