Mirjalol Qosimov OKMK bosh murabbiyi sifatida tanishtirildi
Bugun, 24 dekabr kuni OKMK rahbariyati jamoa futbolchilariga Mirjalol Qosimovni yangi bosh murabbiy sifatida tanishtirdi.
«Bu yil jamoada ishlagan Baxtiyor Ashurmatovga rahbariyat minnatdorchilik bildiradi. Uning murabbiylik faoliyatida omad tilaymiz. OKMK birgina kubok bahsida g‘olib bo‘lish bilan cheklanib qolmaydi. Jamoa oldiga yangi mavsumda faqat va faqat yuqori natijalarga erishish vazifasi qo‘yildi», – degan «Olmaliq KMK» boshqaruvi raisining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Fayazovdan iqtibos keltirdi klub matbuot xizmati.
Fayazov Qosimovning tayinlovi haqida quyidagilarni ma'lum qilgan:
«Yuksak marralarni zabt etish uchun, birinchi navbatda jamoani har tomonlama kuchaytirish lozim. Shu sababli, rahbariyat jamoaga futboldagi faoliyati davomida ko‘plab yutuqlarga erishgan, xalqaro maydonda ham ijobiy natijalar qayd etgan, tajribali murabbiy Mirjalol Qosimovni taklif etdi. O‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng, Mirjalol Qo‘shoqovich bizning taklifni qabul qildi. O‘ylaymizki, bu Olmaliq shahri uchun ajoyib yangilik bo‘ladi. Taniqli mutaxassis o‘z bilimlari bilan shahrimiz jamoasini yanada yuksalishiga va ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Mirjalol Qo‘shoqovichga jamoani ishonch bilan topshiramiz. Va rahbariyat tomonidan qanaqa yordam kerak bo‘lsa, barchasiga tayyormiz», - degan Ulug‘bek Fayazov. U o‘zidan so‘ng so‘z navbatini Mirjalol Qosimovga bergan.
«OKMK rahbariyatiga taklif uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Murabbiylik ishi shunaqa. Ba'zida o‘zgarishlar kuzatiladi.
Men hamkasbim Baxtiyor Ashurmatovni yaxshi bilaman, biz murabbiylar o‘rtasida hurmat hamisha saqlanib qoladi. Ashurmatovning keyingi murabbiylik faoliyatiga omad tilayman.
Nima deyishim mumkin, OKMK yangi mavsumda o‘z oldiga yuqori maqsad qo‘yganligini Ulug‘bek Nabijonovich aytib o‘tdilar. Shunday ekan, barcha bir jamoa bo‘lib ishlash kerak. Maydonda futbolchilar to‘p surishadi. Ular uchun barcha sharoitni yaratish va har bir xodim o‘ziga yuklatilgan ishni sidqidildan bajarsa natija ham kelaveradi. Vaqt oz qolmoqda, rahbariyat tomonidan ishonch bildirilyaptimi, bunga munosib javob qaytarish lozim.
Tayyorgarlik rejasini tez orada havola etamiz. Menga barchangizga yaxshi tanish bo‘lgan murabbiylar Aleksandr Volkov, Hikmat Ergashev, Xayrulla Karimov va Pavel Bugalolar ko‘maklashishadi», - deya aytib o‘tgan Qosimov.
Shuningdek, klub bosh direktori Muxtor Qurbonov ham so‘z olib, jamoa uchun barcha sharoit muhayyo etilishini, o‘z navbatida futbolchilar ham mazmunli va shiddatli o‘yinlari bilan stadionga keladigan muxlislarga quvonch ulashishlari lozimligini ham ta'kidlagan.
Olmaliqliklar 22 dekabrdan mashg‘ulotlarga kirishishgan bo‘lib, bu yig‘in 30 dekabrga qadar davom etadi.
OKMK 2019 yilda Osiyo Chempionlar ligasi saralashida ishtirok etadi. Jamoa guruh bosqichiga o‘tish yo‘lida 12 fevral kuni o‘z maydonida Tojikiston chempioni «Istiqlol»ni qabul qiladi. Uchrashuv g‘olibi bir haftadan so‘ng Saudiya Arabistonida «Al-Nasr» mehmoni bo‘ladi.
Mavzuga oid
17:00 / 02.11.2024
OKMKning 75 yilligi: O‘zbekiston sanoat faxri bo‘lgan kombinatda yirik o‘zgarishlar
20:17 / 15.10.2024
Olmaliqda 4-mis boyitish fabrikasi qurilishi boshlandi
17:08 / 15.10.2024
Prezident OKMKning muhandislik maktabi va 3-misni boyitish fabrikasini ko‘zdan kechirdi
17:00 / 30.08.2024