Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Elektr energiyasi, tabiiy gaz va suvni hisobga olish uskunalarini yechish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentlari tasdiqlanadi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz va suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan quyidagilar yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz va suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari hisoblanishi mumkin:
davlat xizmatlari ko‘rsatishda yuridik yoki jismoniy shaxslarning bevosita ishtirok etishini talab qiladigan tartibotlar sonini hamda ularni ko‘rsatish muddatlarini tubdan qisqartirish;
yuridik va jismoniy shaxslardan boshqa davlat organlari va boshqa tashkilotlardan olinadigan hujjatlar va ma'lumotlar talab qilinishini bekor qilish;
davlat xizmatlari ko‘rsatishda byurokratik to‘siq va g‘ovlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida davlat organlari va boshqa tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro idoralararo elektron hamkorlik o‘rnatish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyati samaradorligini, tezkorligini va shaffofligini ta'minlash, ularning mas'uliyatini va ijro intizomini kuchaytirish;
O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun yagona axborot maydonchasi sifatida belgilash.
Ma'muriy reglamentga ko‘ra, davlat xizmatlari belgilangan Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladi. Bunda:
a) hududiy unitar korxonasi filiali – hisobga olish uskunalarini yechish va o‘rnatishni amalga oshiradi, yechilgan hisobga olish uskunalarini “O‘zstandart” agentligining davlat metrologik xizmatida qiyoslashdan o‘tkazish ishlarining amalga oshirilishini ta'minlaydi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining hududiy bo‘linmalari barcha jarayonlarda HUKF bilan hamkorlik qiladi, hisobga olish uskunalariga tamg‘a (plomba) qo‘yishni amalga oshiradi;
v) metrologik xizmat yechilgan hisobga olish uskunalarini qiyoslashdan o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshiradi;
g) talabgorlar yechilgan hisobga olish uskunalarini o‘rnatish va yechish uchun zarur sharoit yaratadi va ushbu jarayonda ishtirok etadi.
Talabgorlar davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YaIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi.
Talabgor o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi talabgor nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda muvofiq shakldagi anketani elektron ravishda to‘ldiradi.
Talabgordan boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Anketa to‘ldirilgandan so‘ng, talabgor ma'lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib, anketani o‘z elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi.
Talabgor Davlat xizmatlari markazi xodimi va YaIDXP tomonidan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun elektron raqamli imzo majburiy tartibda bo‘lishi shart ekanligi to‘g‘risida oldindan xabardor qilinadi.
Davlat xizmatlari markazlari talabgorlar elektron raqamli imzoni joyning o‘zida olishlari uchun barcha zarur sharoitlarni ta'minlashga majburdir.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun:
jismoniy shaxslardan eng kam oylik ish haqining 30 foizi;
yuridik shaxslardan eng kam oylik ish haqining 1 baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlash axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali amalga oshiriladi.
Yig‘imlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
20 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining byudjyetdan tashqari jamg‘armasining shaxsiy hisob raqamiga o‘tkaziladi;
10 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi (agar davlat xizmati YaIDXP orqali ko‘rsatilsa);
10 foizi —“O‘zstandart” agentligining hisob raqamiga o‘tkaziladi;
qolgan mablag‘lar HUKFning bank hisob raqamiga o‘tkaziladi.
Talabgorda elektron raqamli imzoning mavjud emasligi yoki uni olishning rad etilganligi, anketada ishonchsiz ma'lumotlar ko‘rsatilganligi, shuningdek davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun to‘lovning amalga oshirilmaganligi davlat xizmatlarini ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.
Talabgorlar davlat xizmatlaridan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Talabgor davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda uning anketasi ko‘rmasdan qoldiriladi. Bunda to‘langan to‘lov qaytarilmaydi.
Talabgorlar Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, uning anketasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilib, talabgorning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangandan so‘ng, 20 daqiqa ichida HUKF va Byuroga elektron shaklda yuboriladi (qiyoslashdan o‘tkazish uchun murojaat qilinganda, metrologik xizmatga ham yuboriladi).
YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa, anketa avtomatik tarzda HUKF va Byuroga elektron shaklda yuboriladi (qiyoslashdan o‘tkazish uchun murojaat qilinganda, metrologik xizmatga ham yuboriladi).