Jahon | 19:47 / 26.12.2018
12407
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Isroilni yo‘lovchi samolyotlariga xavf solganlikda aybladi

Foto : SANA

Isroil Suriyaga Bayrut va Damashq aeroportlariga fuqarolik samolyotlari qo‘nishga kirayotganda aviazarbalar berdi. Bu haqda Rossiya mudofaa vazirligi vakili, general-mayor Igor Konashenkov ma'lum qildi. 

Uning aytishicha, halokatga yo‘l qo‘ymaslik uchun Suriya armiyasi tomonidan havo hujumiga qarshi mudofaa va radioelektron kurash vositalarini qo‘llashga cheklov kiritishga to‘g‘ri kelgan. Aynan shu qadam “Damashqdagi avianozirlarga yo‘lovchi samolyotini xavfli hududdan olib ketib, uni Hmaymim aerodromiga yo‘naltirishga” imkon bergan.

25 dekabr kechki payt Isroilning 6 ta F-16 samolyoti Damashq yaqiniga raketa zarbalari berdi. Zarbalarning aksariyati Suriya havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari tomonidan qaytarilgan. Hujum oqibatida 3 suriyalik harbiy jarohat olgan, o‘q-dori ombori qisman vayron bo‘lgan. Hujum 1,5 soatdan ko‘proq davom etgan.

Isroil armiyasining rasmiy vakili rossiyalik harbiylarning bayonotiga izoh berishdan bosh tortdi.

“Izohsiz”, deb javob qilgan Isroil armiyasi podpolkovnigi Yonatan Konrikus.

Eslatib o‘tamiz, 17 sentyabrda Rossiyaning Il-20 radiolokatsion razvedka samolyoti Suriya kuchlariga qarashli S-200 majmuasi raketasi yordamida urib tushirilgan. Bunga Isroilning F-16 qiruvchilari Rossiya samolyoti orqali o‘z xatti-harakatlarini berkitishga uringani sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid