O‘zbekiston | 22:32 / 27.12.2018
5066
4 daqiqa o‘qiladi

Suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni va agrotexnika tadbirlarini joriy qilishdagi kamchiliklar sanaldi - Prezident qarori

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish tizimini keng joriy qilish uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorda so‘nggi yillarda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rilgani, 2008–2017 yillar davomida davlat byudjyetidan 3,2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilib, 2172,8 km irrigatsiya tizimlari, 368,8 km lotokli sug‘orish tarmoqlari, 347 dona gidrotexnik inshootlar, umumiy hajmi 1581,3 mln kubometr bo‘lgan suv omborlari va boshqa obektlarni qurish va rekonstruksiya qilinishi natijasida 1,7 mln gektardan ortiq sug‘oriladigan maydonlarning suv ta'minotini yaxshilashga erishilgani qayd etilgan.

Shuningdek, ushbu davr mobaynida melioratsiya obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va remont ishlariga 2,5 trln so‘m ajratilib, 2,5 mln gektar sug‘oriladigan maydonning meliorativ holatining yaxshilanishiga, yer osti suvlarining barqarorligini ta'minlanishiga va me'yorda ushlab turilishiga erishilgan.

Shuning bilan birga, qishloq xo‘jaligi sohasida, ayniqsa, paxta xomashyosini yetishtirishda suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni va ilmiy asoslangan agrotexnika tadbirlarini joriy qilishda jiddiy qoloqliklarga yo‘l qo‘yilib, mavjud suv va yer resurslaridan samarali foydalanish darajasi hamda paxta hosildorligi pastligicha qolayotgan qayd etilgan, jumladan:

  • birinchidan, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, paxta xomashyosini ushbu texnologiyani joriy qilgan holda ishlab chiqaruvchilarni hamda tomchilatib sug‘orish tizimi va uning butlovchi qismlarini mahalliy ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish bo‘yicha samarali mexanizmi mavjud emasligi;
  • ikkinchidan, yuqori hosildorlikka, tabiiy va mehnat resurslaridan samarali foydalanishga erishishni ta'minlaydigan, tuproq-iqlim va boshqa tabiiy sharoitlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilishning ilmiy asoslangan agrotexnika qoidalari mavjud emasligi;
  • uchinchidan, paxta xomashyosini yetishtirishda zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimini va uning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish, loyihalash va qurish, paxta xomashyosini yetishtirishda mahsulot sifatini nazorat qilish masalalari e'tibordan chetda qolayotgani;
  • to‘rtinchidan, tomchilatib sug‘orish tizimidan foydalangan holda yetishtirishga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi ekinlarining, ayniqsa g‘o‘zaning mahalliy navlari seleksiyasi sohasida ilmiy izlanishlarni jadallashtirishda yuqori talab mavjudligi;
  • beshinchidan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish uchun qishloq xo‘jaligi texnikasi, mashina va mexanizmlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagani;
  • oltinchidan, zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimidan foydalanish va ilmiy asoslangan agrotexnika qoidalarini joriy qilish bo‘yicha kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajriba va nou-xaularni amaliyotga joriy qilish tizimi talabga javob bermasligi.

Mavzuga oid