Navoiy viloyatining Karmana tumanida bir yildan buyon ichimlik suv isrof bo‘lmoqda. Uni isrof qilayotgan esa begona emas – “O‘zsuvta’minot” AJ.
Ibtidoiy “inovatsiya”
Gap shundaki, tuman markazidagi bir nechta ko‘p qavatli uy yoniga katta suv minorasi o‘rnatilgan. Ushbu “bochka” har vaqtdan suvga to‘ldiriladi. Uning to‘lganini bilish uchun esa minora tepa kichik qismiga quvur o‘rnatilgan. Agar ushbu quvurdan suv oqib tushsa, demakki “bochka” to‘lganini anglatadi.
Ammo buni nazorat qilib turadigan odam gohida o‘z vaqtida minora suvga to‘lganini sezmaydi va suv soatlab pastga oqib, isrof bo‘lib yotadi. Hududda yashovchi aholining bildirishicha, bu holat tez-tez takrorlanadi.
“Bir minutda qancha suv isrof bo‘ladi? Bu suv kamida 10 minutdan ortiq vaqt davomida oqib qolganda-chi? Mana, ichimlik suvga munosabat, bu suvga ketgan xarajat, xarajatni qoplash gardaniga tushgan iste’molchilar... “O‘zsuvta’minot” nima derkan deyishdan naf yo‘q, chunki masala ko‘p ko‘tarildi. Masalaga hukumat darajasida e’tibor qaratish kerak. Innovatsion tumanda innovatsiya qo‘llanmagan sohalardan biri bu”, deb yozdi ushbu ko‘p qavatli uyda yashovchi jurnalist Sanjar Qurbonov o‘z sahifasida.
“Afrika qurg‘oqchiligi boshimizga tushmasin”
Ushbu hududda yashovchi viloyatning yana bir faoli Jonibek Shuhratov esa masala o‘tgan yili ko‘tarilganida yaqin kelajakda Afrika qurg‘oqchiligi O‘zbekiston bolalari boshiga ham tushishi mumkinligidan xavotir bildirgandi.
“Uyimning derazasidan sal nariroqda suv minorasi bor. Har kuni suv minorasidan tonnalab ichimlik suvi toshadi. Suv minora ustidagi maxsus teshikdan toshib tushmaguncha o‘chirilmaydi. Bu teshik suv to‘lganini bildiruvchi belgi hisoblanadi, XXI asrdagi “innovatsion g‘oya”. Mabodo qorovul uxlab qolgan bo‘lsa, tamom, kerak bo‘lsa bitta mahallaga yetadigan suv isrof bo‘ladi. Viloyatda shu kabi minoradan qariyb 400 ta bor. Bitta igna teshigidan bir sutkada 7 litr suv oqishi mumkin ekan. 400 ta suv minorasi trubasidan-chi?
Ilgari qurg‘oqchilik desa Afrika bolalarini ko‘rsatar edik. Agar suvga nisbatan munosabatimiz “suvtekin” shaklida davom etsa, yaqin kelajakda Afrika qurg‘oqchiligi bizning bolalarimiz boshiga ham tushadi”, degandi u.















