Jamiyat | 21:20 / 28.12.2018
68570
8 daqiqa o‘qiladi

Buloqboshilik egizaklar onasi hamon sarson. Tanqidiy maqola ta'siri ko‘pga yetmadi

Shu yilning noyabr oyi boshida Andijon viloyati, Buloqboshi tumanidagi uch egizak dunyoga kelgan xonadon muammolari haqida yozilgan edi.

Buloqboshi tumani, Shirmonbuloq qishlog‘ida yashovchi Xidirovlar oilasiga Yaratgan juda katta ne'mat ato etdi. Shu yilning 14 iyun kuni oilada birdaniga uch chaqaloq dunyoga keldi. Bir o‘g‘il farzandni katta qilayotgan Baxtiyorjon va Diyoraxon yana uch o‘g‘illi bo‘lishdi. Uchalasi ham sog‘lom holatda dunyoga keldi. Ularga, yaxshi niyatda Izzatbek, Islombek, va Imronbek ismlarini qo‘ydilar.

Oilada odatiy holda tug‘ilgan bir chaqaloqni ham katta qilib olish mashaqqatli jarayon. Ota-ona, qarindosh-urug‘ uning atrofida parvona bo‘lib parvarish qilishadi. Egizak farzand tug‘ilsa, ularni oyoqqa turg‘izish undanda qiyin.

Birdaniga uch farzandli bo‘lish quvonchli bo‘lishi bilan birgalikda o‘ziga xos mashaqqat hamdir. Onaning ko‘krak suti uch chaqaloqqa  yetmaydi. Har kuni ozuqa sotib olish kerak. Taglik, dori-darmon degandek. Uchalasi birin-ketin yig‘laydi. Ularni parvarishlashga onaning jismoniy kuchi yetmasligi kundek ravshan. Yordamchi, ko‘makchilar zarur. Hozir uch chaqaloqqa ikki quda tomon «navbatchilik» yo‘li bilan qarashmoqda.

Tuman hokimligi tug‘ilishi xalq orasida shov-shuv bo‘lgan uch polvonga aravachalar va 2 yoshgacha bo‘lgan bola tarbiyasi uchun nafaqa puli berilishini aytadi. Lekin, bu va'dalar va'daligicha qoldi.

Eh-he.. Ona tuman va viloyat hokimligiga necha marta yozma va og‘zaki murojaat qilmadi, deysiz…

Hatto, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun beriladigan nafaqani ham bermadilar.

Uch egizak parvarishidek qiyin ishni uddalayotgan Diyoraxon Xidirova hujjatlarni rasmiylashtirib MFYga bordi. Avgust oyida topshirgan hujjatlarga 10 sentabr kuni yozma javob xati ko‘rinishida, turmush o‘rtog‘i davlat ishida ishlashini, oylik maoshi ko‘p ekanligini ro‘kach qilgan holda, komissiyadan o‘ta olmaganini aytib, qo‘liga tutqazishadi.

Tanqidiy maqoladan so‘ng nima o‘zgarish bo‘ldi?

Kun.uz saytida maqola e'lon qilingach, ertasiga egizaklarning onasi telefon qilib, Buloqboshi tumani hokimi O‘tkirbek Mamurov xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gulnoraxon Xudoyberdiyeva bilan kelib, kir yuvadigan mashina va «duxovka» sovg‘a qilganini, bir qop un va yog‘ berib ketganini, yana shu mahallada yashovchi tadbirkorga har hafta bolalarning sun'iy ozuqasini olib berish vazifasi yuklatilganini aytdi. Ayni paytgacha homiy tadbirkor haftasiga 3tadan ozuqa olib kelib bermoqda. Bundan tashqari, viloyat va tuman moliya bo‘limlari ham sovg‘a-salom bilan yo‘qlab ketishibdi. Diyoraxon o‘sha kuni o‘zi va farzandlariga bo‘lgan e'tibordan juda mamnun ekanligini aytib, barchaga tashakkur bildirdi.

Xo‘sh, shuncha sovg‘a berishibdi, yana ne muammo, deyishingiz mumkin. Darhaqiqat, oilaga e'tibor bo‘lgan.

Lekin, kunlar o‘tib, oilani yana unutishdi. 

O‘tgan safargi maqolani yozishdan asosiy maqsad, uch farzandni mashaqqat bilan katta qilayotgan Diyoraxonning eng katta iltimosi bilan bog‘liq bo‘lib, ona 2 yoshgacha bo‘lgan nafaqa pulini berishlarini so‘ragan edi. Kimdandir bir narsani kutishdan ko‘ra, davlat tomonidan qonuniy nafaqaga do‘kondan sotib olgan ma'qul emasmi, axir?

«Uch chaqaloq kuniga o‘syapti, ulg‘ayyapti. Iste'moli ham shunga yarasha oshmoqda. Kunda kamida 10 dona taglik (pampers)1800 so‘mdan, haftasiga 6ta ozuqa bo‘tqasi (donasi 22 ming  so‘m) olyapmiz. Yana har kuni sut sotib olamiz va undan ham qo‘shimcha ozuqa tayyorlab ichirishga to‘g‘ri keladi. Sutning litri 5 ming so‘m. Bir oyda 350 000 so‘m pampersga va 500 ming so‘m ozuqaga sarflanyapti. Bundan tashqari, bolalar muddatidan oldin dunyoga kelgani uchun qo‘shimcha dorilar ichiryapmiz.

Maqola e'lon qilinganidan so‘ng nafaqa uchun yana hujjatlarni to‘g‘rilab, mahalla fuqarolar yig‘iniga bordim. Komissiya a'zolari, «Viloyatdan «ruxsat» degan bir parcha qog‘oz olib keling, keyin ro‘yxatga qo‘shamiz», deyishdi. Andijon viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i Bahromjon Haydarovning qabuliga bordim. U kishi yo‘q ekan, o‘rinbosari Farhodjonga uchradim.U «Eringizning maoshi me'yordan ko‘pligi uchun sizga hech qanday yordam bera olmayman. Qoidalar shuni talab qiladi», dedi. Shuning uchun yana sizga murojaat qilyapman», deydi Diyoraxon Xidirova.

Chaqaloqlarning otasi tuman MIBda ishlaydi. Maoshi yomon emas. Lekin, 12 kishi istiqomat qiladigan oilada faqat shu yigit ishlaydi xolos. Bir so‘z bilan aytganda, «12 jon mana shu yigitning qo‘liga qarab turadi».

Oilaning muammosi hal etiladimi?

O‘tgan safargi maqola e'lon qilinganidan so‘ng, biz ham muammoni hal qilish yuzasidan viloyat moliya bo‘limi boshlig‘i Bahromjon Haydarov bilan bog‘langandik. Mutasaddi tegishli qarorlarga asosan ish ko‘rishini va qo‘ldan kelgan yordamini ayamasligini aytgandi.

Har qanday jamiyatdagi qonunlar, me'yorlar va qoidalar fuqarolarga qulaylik tug‘dirish uchun qabul qilinadi. Fuqarolarni qiyin holatga solish uchun emas. Bundan tashqari, ozgina bosh qotirib, har qanday muammoni hal qilish mumkin.  Buloqboshidagi oilada birdaniga uch farzand tug‘ilishi noodatiy hol. Qarangki, o‘sha tegishli qoidalarda bunday holat ko‘rsatilmagan.

Tuman hokimi va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi fuqarolarning farovon yashashi uchun mas'ul kishilardir. Ular muammoni ko‘rib, bilib turib tegishli idoralarga murojaat qilishga bel bog‘lamagani achinarli. Oilaga yordam berish uchun kerak bo‘lsa moliya vazirligiga chiqib, masalani hal qilish mumkin ediku?

Egizaklarni katta qilayotgan oilaga ko‘mak berishlari uchun albatta tanqidiy maqola yozishimiz shart emas. Birinchi maqolaning ta'siri hozircha tugabdi. Yana vaqt o‘tdi.

Uch beshikni quchoqlab, tunlarni bedor o‘tkazayotgan onaning mashaqqatini bitta bo‘lsa ham farzand ulg‘aytirgan inson yaxshi biladi.

Biz tuman hokimligi, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi va viloyat moliya boshqarmasidan mazkur masala bo‘yicha ijobiy yakun kutib qolamiz.

P/S. Taajjub… Kuni kecha tahririyatga xorazmlik bir yigitdan: «Buloqboshilik uch egizakka qanday qilib moliyaviy yordam bersam bo‘ladi? Ayolim bilan ikki farzandni o‘stirdik. Mashaqqatini yaxshi bilamiz», degan maktub kelibdi...

Elmurod Ermatov
KUN.UZ muxbiri

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid