Iqtisodiyot | 21:06 / 02.01.2019
16098
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda birlamchi tovar narxlarini barqarorlashtirish bo‘yicha taklif bildirildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov yirik savdo do‘konlari tarmoqlari bilan hamkorlikda tovarlarning har kunlik narx o‘zgarishini qayd etish bo‘yicha taklif bildirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

«Shahardagi mahsulot va xizmatlarning o‘rtacha narxini doim kuzatamiz. Lekin har bir do‘kondagi narx-navodan xabarimiz yo‘q. Bir taklif bor: Korzinka, Makro kabi yirik savdo do‘konlari tarmoqlari bilan hamkorlikda har kunlik savdoda muayyan tovarlarning narxini qayd etishni boshlaylik. Agar tadbirkorlar bunga qarshi bo‘lmasa, narxlarni kuzatib borsak», - deydi u. 

Qo‘chqorovga ko‘ra, tovar narxi oshsa, nega va o‘zgarishga qaysi omil ta'sir qilgani o‘rganiladi. 

«Biz aybdor bo‘lsak, chorasini ko‘raylik», - deb fikr bildirgan u. 

Yirik guruhlar bo‘yicha narxlarning oylik tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, 2018 yil davomida xizmatlar tarifi hamda nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari barqaror o‘sish tendensiyasiga ega bo‘lgan. Shunga qaramay, Moliya vaziri islohotlar davrida bozordagi tovarlar narxi asossiz oshib ketishiga qarshi kurashmoqchi.   ​

Mavzuga oid