Jahon | 23:27 / 04.01.2019
26833
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng xavfsiz aviakompaniya ma'lum qilindi 

Foto: Flickr / lautsu

Finlyandiya davlat aviakompaniyasi Finnair havo transportida parvozlar xavfsizligini o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi nemis tadqiqot markazi JACDEC talqiniga ko‘ra dunyodagi eng xavfsiz aviakompaniya deb ataldi.

“Reyting Finnair 100 ta eng yirik aviakompaniya ichida eng kam baxtsiz hodisa, parvoz xavfsizligi bilan bog‘liq voqea va jarohatlarga egaligini ko‘rsatadi”, deyilgan aviakompaniya xabarida. 

Yangi reytingda Finnair’ga 93,91 foizlik xatarlik indeksi berilgan. Bu unga Norwegian Air va Singapore Airlines aviakompaniyalarini ortda qoldirishga imkon bergan. “Finnair’da 1960-yillardan buyon yirik falokatlar yoki voqealar, jumladan personalni o‘qitish yoki texnik xizmat ko‘rsatish vaqtida, bo‘lmagan”, deyilgan xabarda.

Ma'lum qilinishicha, eng past xavfsizlik ko‘rsatkichiga Garuda Indonesia aviakompaniyasi ega.

JACDEC reytingi 1973 yildan beri e'lon qilinib kelinadi. U dunyoning eng yirik 100 aviakompaniyasi samolyotlari bilan bog‘liq ko‘ngilsiz hodisalar haqidagi ma'lumot tahliliga asoslangan.

Finnair Finlyandiyaning eng yirik aviakompaniyasi bo‘lib, 1923 yilda tashkil etilgan. Kompaniya aksiyalarining nazorat paketi davlatga tegishli. Aviakompaniya 2017 yilda 12 mln kishini o‘z manzillariga eltib qo‘ygan. Finnair Osiyoning 19 ta shahri, Shimoliy Amerikaning 8 ta shahri va Yevropaning 100 dan ko‘proq joyiga reyslar amalga oshiradi.

Mavzuga oid