“Respublikamizda bir necha yuz va balki undan ko‘proq xitoylik noqonuniy ravishda qolmoqda. Ular bozorlarda, tog‘-kon va boshqa sohalarda ishlaydilar. Biz ularning deportatsiya qilinishini talab qilamiz”, deb aytgan namoyishchilardan biri.
Namoyishchilar agar hukumat ularning talablarini inobatga olmasa, unda 17 yanvarda yana shunday talablar bilan namoyish o‘tkazishlarini aytishgan.
Avvalroq Xitoy shimolidagi Sintszyan-Uyg‘ur muxtor okrugida mahalliy aholi (uyg‘urlar, qozoqlar, qirg‘izlar) “qayta tarbiyalash”ga jo‘natilayotgan siyosiy lagerlar faoliyat yuritayotgani ma'lum qilingan. 2018 yilda bunday “tarbiyalanuvchilar” soni 1 mlnga yaqinni tashkil qilgan.











