Jahon | 19:40 / 10.01.2019
97471
7 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen Inning sirli rafiqasi - u aslida kim?

Foto: AFP

Kim Chen In an'analarga zid ravishda jamoat joylarida o‘z rafiqasi bilan ko‘rinish beradi. Shimoliy Koreya rahbari Pekinga tashrifida ham istisno qilmadi - zirhli poyezdda Kimga Li Sol Chju hamrohlik qildi. Bi-Bi-Si uning rafiqasi haqida material tayyorladi.

KXDRning birinchi xonimi aslida kim?

Foto: EPA

U haqida batafsil ma'lumotlar yo‘q, uchragan ayrim ma'lumotlarni ham tekshirib bo‘lmaydi.

U ilk bor telekanallarda 2011 yilda ko‘rinish bergan - u Kim Chen Irning dafn marosimi vaqtida Kim Chen Inning yonida turgan. O‘shanda hech kim, jumladan, Amerika va Janubiy Koreya maxsus xizmatlari ham uning kimligini bilishmasdi.

Keyingi bir yil davomida u Kim Chen Inning singlisi yoki uning boshqa qarindoshi degan taxminlar saqlanib qoldi. Janubiy Koreya razvedkasidagilar ushbu ayol «Pochxonbo» ansamblidagi solist - Xyon Son Vol ekani haqida ma'lumot ham tarqatgandi.

Boshqa ma'lumotlarda Li Sol Chju 2005 yilda yengil atletika bo‘yicha Osiyo chempionati vaqtida shimoliy koreyaliklar delegatsiyasi bilan Janubiy Koreyaga kelgani aytiladi. Bu ma'lumotni tekshirish ham imkonsiz.

Uning Kim Chen In bilan nikohi haqida Shimoliy Koreyadagi nashrlarda 2012 yilning iyulida yozilgan. Keyinroq janubliklar razvedkasi bu juftlik 2009 yildayoq turmush qurishganini aniqlagan.

Yangi maqom

Foto: Getty Images

2018 yil yozida Shimoliy Koreyaning rasmiy matbuoti uni shunchaki o‘rtoq Li deb atashni bas qildi va u «Hurmatli birinchi ledi» deb atala boshlandi.

Uning asl ismi Li Sol Chjuligi aniq emas, shimolliklar dinastiyasida ismlarni o‘zgartirish an'anasi bor.

Kimlar sulolasi asoschisi, Kim Chen Inning bobosi Kim Ir Senni tug‘ilganida Kim Son Chju deb atashgan. Keyinroq u o‘ziga inqilobiy nom tanlagan - «Ko‘tarilayotgan quyosh».

Uning o‘g‘li Kim Chen Ir ayrim ma'lumotlarga ko‘ra Sibirda tug‘ilgan. Sovet va xitoy manbalariga ko‘ra, uning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasiga Yuriy Irsenovich Kim deb ism qo‘yilgan. Shimollik tarixchilar esa u Shimoliy Koreya hududida, Pektusan tog‘idagi partizanlar lagerida dunyoga kelganini yozadi.

Kim Chen Inning mahbubasi necha yoshdaligi haqida ham aniq ma'lumotlar yo‘q. Katta ehtimol bilan u 1985-1989 yillar oralig‘ida tug‘ilgan. Shunga ko‘ra, uning yoshi 30-34 atrofida.

Oila
Li Sol Chjuning bolaligi haqida rasmiy ma'lumotlar yo‘q.

North Korea Leadership Watch nashri muharriri Maykl Meddenning tasdiqlashicha, u Shimoliy Koreyaning sharqiy qirg‘oqlari yaqinidagi Chxondjin shahrida tug‘ilgan.

U Pxenyandagi Kim Ir Sen nomidagi universitetda tahsil olgani taxmin qilinadi. Uning ota-onasi haqida ma'lumot yo‘q. Ayrim manbalarda uning otasi shifokor bo‘lgani aytilsa, boshqalarida armiya zobiti bo‘lgani aytiladi.

Janubiy Koreya manbalariga ko‘ra, u Xitoyda qo‘shiqchilikni o‘rgangan.

Li Sol Chju va Kim Chen In qanday tanishgani ham sir.

Bolalar
Turli manbalarga ko‘ra, Li Sol Chju va Kim Chen In oilasida 3 farzand tug‘ilgan. Ammo bunga hech kim kafolat bera olmaydi.

Ularning 3 farzandi borligi haqidagi taxminlar - uning ijtimoiy hayotdan bir muddat yo‘qolishi va yana qaytishi holatlariga asoslanadi. Bu oiladagi tug‘ilishlar haqida hech qachon rasmiy ma'lumot berilmagan.

Ayrim manbalarga ko‘ra, u dastlab 2010 yilda o‘g‘il ko‘rgan. 2012 yilda Li Sol Chju yana homiladorligi haqida mish-mishlar tarqalgan. 2013 yil martida esa amerikalik sobiq basketbolchi, Kim Chen Inning do‘sti Dennis Rodman prezident xonadonida mehmon bo‘lgani va uning qizchasini ko‘tarib ko‘rgani haqida gapiradi.

Rodman bu qizchaning ismi Chju E ekani haqida ham ma'lumot bergan. Boshqa bolalarning ismlari ma'lum emas.

Janubiy Koreya razvedkasi xabar berishicha, Li Sol Chju 2017 yilning fevralida uchinchi farzandni dunyoga keltirgan. Uning jinsi hozircha ma'lum emas.

Ommaga ochiq shaxs

Foto: Getty Images

Li Sol Chju deyarli hamisha o‘z turmush o‘rtog‘i Kim Chen Inga hamroh bo‘ladi. U KXDR rahbarining Pekinga birinchi tashrifida ham, Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In ishtirokidagi sammitda ham bor edi.

Ungacha bo‘lgan birinchi xonimlar omma oldida ko‘rinish berishmagan va hamisha soya ostida bo‘lishgan.

«Kim Ir Senning rafiqasi haqida faqat uning o‘limidan keyin bilishgan, uzoq vaqtgacha dohiyning ikkinchi rafiqasi haqida hech kim gapirmagan», deydi CNN uchun intervyusida Seuldagi Kunmin universiteti professori Andrey Lankov.

Hashamat
Agar birinchi xonimning fotosuratlariga e'tibor berib qaralsa, uning ustida G‘arb brendlarini payqash mumkin.

Kim Chen Ir uchun bir necha yil davomida sushi tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘lgan yaponiyalik oshpaz Kendzi Fudzimoto ko‘p vaqtlarini hali bola bo‘lgan Kim Chen In bilan o‘tkazgan. U 2012 yilda Li Sol Chju bilan uchrashganini aytadi.

Uning aytishicha, birinchi xonimning ovozi nafis va juda yoqimli. Bundan tashqari, u oshpazga Christian Dior sumkasini sovg‘a qilgan.

Suratlardan ko‘rinishicha, Li Sol Chju Dior va Chanel sumkalarini yoqtiradi, kuzatuvchilar ham shimolliklar rahbarining rafiqasi Red Valentino, Dior, Tiffany va Movado brendlarini afzal ko‘rishini aytishadi.

U hashamatni yoqtiradi, u Shimoliy Koreyaning boshqa fuqarolaridan farqli ravishda uning istagani muhayyo bo‘ladi. U omma qarshisida Kim Ir Sen va Kim Chen Irning tasvirlari tushirilgan znachoklarni taqmasdan paydo bo‘lishi mumkin.

Buning o‘rniga u qimmatbaho to‘g‘nag‘ich qadab oladi.

Mavzuga oid