Ektor Kuper: «Vazifa uddalanganidan mamnunman»
Osiyo Kubogi guruh bosqichining 2-turiga yakun yasab bergan Turkmaniston–O‘zbekiston (0:4) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
«Natijadan juda xursandman. Futbolchilar ayniqsa birinchi bo‘limda juda yaxshi o‘ynashdi, deb hisoblayman. Yana bir bor o‘yinimizga hujumkor yoki himoyaviy deb baho bermagan bo‘lardim. Maqsadimiz g‘alaba qozonish va keyingi bosqichga chiqish edi, bu vazifa uddalanganidan juda mamnunmiz», dedi Kuper anjumanning kirish qismida.
– Misrda sizni himoyaviy futbol uchun juda ko‘p tanqid qilishardi. O‘zbekiston esa qo‘l ostingizda mana bunday gollarga boy o‘yin ko‘rsatmoqda. Bu Osiyo futboli bo‘lgani uchun shunday holat kuzatilmoqdami?
– Har bir murabbiy o‘z o‘yin uslubiga ega bo‘ladi. Yangi jamoaga kelganda murabbiy natija uchun eng maqbul uslubni tanlaydi. Ummonga qarshi o‘yinda ham xuddi bugungidek o‘yin ko‘rsatmoqchi bo‘lgandik, ammo buni uddalash qiyin bo‘lgandi. Futbol barcha joyda bir xil.
– Zaxiradan tushgan Ikrom Aliboyev va Fozil Musayevning o‘yini haqida nima deya olasiz?
– Oldin ham aytganman, men aynan bir futbolchini yakka holda muhokama qilmayman. Aliboyev haqida aytishim mumkinki, u ko‘plab pozitsiyalarda o‘ynay oladi. Uchrashuvlar davomida o‘yinning borishiga qarab o‘yinchi almashtirishdan foydalanamiz.
– Jamoangiz o‘yinini rohat olib kuzatdingizmi?
– Men o‘yinlar davomida yigitlarda qat'iyatni, ko‘rsatmalarim bajarilayotganini ko‘rsam, bundan doimo xursand bo‘laman. Shuning uchun ham juda mamnunman, deb ayta olaman. Barcha futbolchilar bugun astoydil to‘p surishdi. Ba'zi vaqtlar bo‘ladiki, yigitlar maksimal darajada harakat qilib o‘yin ko‘rsatsalar ham, natija bo‘lmay qoladi. Masalan, Ummon bilan o‘yinga solishtirganda bugun faqat kichik o‘zgarishlar qilgan edik.
– Pley-off yo‘llanmasi qo‘lga kiritib bo‘lindi. Shunday holatda uchinchi turda Yaponiyaga qarshi maksimal darajada o‘yin ko‘rsatamizmi yoki bu bahsni nimchorak finalga tayyorgarlik sifatida ko‘rasizmi?
– Men shogirdlarimni doimo maydonga g‘alaba uchun tushishga o‘rgatganman. Qandaydir strategik maqsadlarni deb xotirjamlik va bemalol o‘yin ko‘rsatish kabilar haqida o‘ylamayman. Men barcha raqiblarga bir xilda yondashaman. Nimchorak finalda raqib sifatida Saudiya Arabistoni yoki Avstraliyani tanlash haqida ham bosh qotirmaymiz. Yaponiyaga qarshi o‘yinda ham maksimal kuch bilan harakat qilamiz.
Eslatib o‘tamiz, ushbu natijadan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi ochkolari sonini 6taga yetkazgan holda keyingi bosqichga yo‘l oldi. Jamoa 3-turni 17 yanvar, payshanba kuni Yaponiya termasiga qarshi o‘tkazadi.
Mavzuga oid
18:15 / 24.10.2024
FIFA reytingi. O‘zbekiston so‘nggi 8 yildagi eng yaxshi natijasini qayd etdi
16:51 / 16.10.2024
O‘zbekistonning JCh-2026ga borish imkoniyati keskin oshdi – We Global Football
21:06 / 15.10.2024
JCh-2026 saralashi. O‘zbekiston 10 kishi qolgan BAAni penaltidan kiritilgan gol evaziga mag‘lub etdi
14:53 / 15.10.2024