Davlat aktivlarini boshqarish agentligi prezident va bosh vazirga bo‘ysunishi belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.
Hujjat bilan quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining tarkibiy tuzilmasi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi markaziy apparatining tuzilmasi tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 432 nafar, shu jumladan, Agentlik markaziy apparati – 109 nafar etib belgilandi.
Agentlik direktoriga quyidagi huquqlar berildi:
zarur hollarda, boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida Agentlik markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish;
Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tuzilmalarini tasdiqlash;
Agentlikning hududiy boshqarmalarining boshqaruv xodimlari cheklangan sonini tasdiqlash;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi budjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Agentlikning boshqaruv xodimlari mutaxassislarining qo‘shimcha shtat birliklarini kiritish;
mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni xodimlar va maslahatchilar sifatida, ularga istisno tariqasida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ish haqi va boshqa to‘lovlarni belgilagan holda jalb qilish;
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan Agentlik xodimlariga asosiy egallab turgan lavozimlari bo‘yicha lavozim maoshlari (tarif stavkalari)ga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan qat'i nazar, ustama va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlarni belgilash;
Agentlikka yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun shartnoma asosida jalb etiladigan malakali xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash shartlarini xalqaro amaliyot va bozor sharoitlaridan kelib chiqqan holda belgilash.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar Agentlikning markaziy apparati va uning hududiy boshqarmalarini ta'minlash bo‘yicha xarajatlarning moliyalashtirish manbalari etib belgilandi.
Belgilanishicha:
a) Agentlik:
O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining barcha huquqlari, majburiyatlari va davlat, shu jumladan, chet eldagi aktivlarini boshqarish, xususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirish (shu jumladan, davlat ulushlarini sotish), davlat aktivlarini ijaraga berish, xo‘jalik jamiyatlarida korporativ boshqaruvni joriy etish, iqtisodiy nochor xo‘jalik jamiyatlarini moliyaviy sog‘lomlashtirish, bankrotlik, baholash faoliyatida davlat tomonidan tartibga solish va mulkni baholash standartlarini tasdiqlash bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi;
“O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi” DUKning barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
o‘z vakolatlarini mustaqil ravishda va barcha davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda olib boradi hamda o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi va hisobot beradi;
davlat aktivlarini boshqarish sohasida vazirliklar va idoralar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
O‘zbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi hamda “Mas'uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq xo‘jalik jamiyatlarining ustav kapitalida o‘ziga berilgan davlat aksiya paketlari (ulush) bo‘yicha aksiyador (ta'sischi va ishtirokchi) huquqini amalga oshiradi;
Davlat raqobat qo‘mitasi va uning hududiy organlari tomonidan savdolarga qo‘yilgan obektlar bo‘yicha sotuvchi funksiyasini bajaradi. Bunda Davlat raqobat qo‘mitasi qayta tashkil etilishi munosabati bilan savdo shartlari va turlari o‘zgarishsiz qoldiriladi, obektlarni savdodan yechish, qayta baholash va qaytadan savdoga qo‘yish talab etilmaydi;
davlat ulushi ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlarining joriy faoliyatiga aralashmagan holda o‘ziga yuklatilgan vazifalarni faqat korporativ boshqaruv usullarini qo‘llagan holda bajarilishini ta'minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasiga har yili hisobot yilidan keyingi yilning 1 oktyabridan kechiktirmay Agentlik faoliyati, shu jumladan, xo‘jalik jamiyatlari faoliyatida strategik o‘zgarishlar natijalari to‘g‘risida hisobot taqdim etadi;
b) Agentlik direktori, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, maqomi, tibbiy va transport xizmat ko‘rsatish sharoitlari bo‘yicha tegishli ravishda vazir, vazirning birinchi o‘rinbosari va vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi;
v) Agentlik direktori, uning birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari va Agentlik xodimlari belgilangan tartibda xo‘jalik jamiyatlari kuzatuv kengashi a'zoligiga saylanish huquqiga egadirlar;
g) Agentlikning hududiy boshqarmalari rahbarlarini lavozimga tayinlash Agentlikning direktori tomonidan tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
d) Agentlik xodimlariga tugatilayotgan Davlat raqobat qo‘mitasi xodimlari uchun nazarda tutilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi saqlab qolinadi;
ye) Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini Agentlikda qo‘llashda ta'lim darajasi minimal qismi bo‘yicha xorijiy oliy ta'lim muassasalarini tamomlagan tegishli yo‘nalishdagi mutaxassislarga nisbatan ishga qabul qilishda, ishchilar kasblari bo‘yicha malaka darajalarini belgilashda, istisno tariqasida, tavsiyaviy xususiyatga ega;
j) Davlat raqobat qo‘mitasi qayta tashkil qilinishi munosabati bilan u va uning hududiy organlari tomonidan avval berilgan litsenziyalar, huquq beruvchi, ruxsatnoma hujjatlari va ilgari ular tomonidan qabul qilingan qarorlar o‘z kuchini saqlab qoladi va ularni bekor qilish yoki o‘zgartirish talab etilmaydi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
2019 yilning 1 aprelidan xo‘jalik jamiyatlarining kuzatuv kengashi (banklar kengashi) tarkibi va ijroiya organi a'zolarini normativ-huquqiy hujjatlar bilan tasdiqlash, shuningdek, ularni davlat organlarining rahbarlari yoki rahbar o‘rinbosarlariga tenglashtirish amaliyoti bekor qilinadi;
2019 yil 1 iyulidan boshlab davlat organlarining rahbarlari yoki rahbar o‘rinbosarlari, Agentlik bundan mustasno, ularda korporativ boshqaruv malaka attestati mavjud bo‘lganda davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashi a'zoligiga davlat ulushi bo‘yicha saylanishlari mumkin;
xo‘jalik jamiyatlari kuzatuv kengashi (banklar kengashi) tarkibi davlat organlari, tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari bilan kelishilmasdan aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi qarori bilan tasdiqlanadi;
xo‘jalik jamiyatining ijro organi (rahbar va rahbar o‘rinbosarlari) tanlov asosida yuqori malakali, shu jumladan, xorijiy mutaxassislar orasidan tanlab olinadi va davlat organlari, tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari bilan kelishilmasdan aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi yoki kuzatuv kengashi qarori bilan tayinlanadi;
kelgusida xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalida (fondida) shakllanadigan, aksiyadorning (ta'sischining) huquqlari davlat organlari va muassasalari tomonidan amalga oshiriladigan davlat ulushi Agentlikka beriladi;
kelgusida xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalida shakllanadigan davlat organlari va muassasalari tomonidan aksiyador (ta'sischi) huquqlari amalga oshiriladigan davlat ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga beriladi;
ilgari davlat aksiyalarini ishonchli boshqaruvga investitsiya aktivlari bo‘yicha ishonchli boshqaruvchilarga berish bo‘yicha tuzilgan bitimlar ularning amal qilish muddati tugagunga qadar ilgari imzolangan shartlar asosida Agentlik tomonidan qo‘shimcha bitimlarni tuzish yo‘li bilan qayta rasmiylashtiriladi;
xo‘jalik jamiyatlari ish haqi miqdorini, boshqaruv va texnik xodimlar birligini, avtotransport vositalari sonini belgilash hamda qonun hujjatlariga muvofiq xo‘jalik boshqaruvi organlari uchun alohida tartib o‘rnatilgan masalalar bo‘yicha qarorlarni mustaqil ravishda qabul qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat raqobat qo‘mitasi tugatilgani xabar berilgandi.
Mavzuga oid
13:30 / 31.10.2024
Atom energiyasi agentligining asosiy vazifalari belgilandi
07:36 / 25.10.2024
Migratsiya agentligining ayrim funksiyalari xususiy sektorga o‘tkaziladi
12:00 / 19.10.2024
Rossiya «do‘st bo‘lmagan» davlatlar kompaniyalariga aktivlarini sotishni qiyinlashtiradi
11:40 / 16.10.2024